Ayni paytda sarmoyalarni qaysi sohalarga yoʻnaltirish zarurligi masalasi dolzarb boʻlib bormoqda – bir tomondan, koʻproq foyda olish, ikkinchi tomondan – Oʻzbekistonni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish uchun.
Potensial jozibador boʻlish uchun sanoat sohalari qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitiga ega boʻlishdan tashqari, maʼlum qiyosiy afzalliklarga ega boʻlishi kerak. Prognozlashtirish va makro iqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tadqiqotda ikkita sanoat guruhi aniqlandi.
Birinchi guruh – xalqaro savdoda qiyosiy ustunlikka ega va investitsiyalardan darhol daromad olishi mumkin boʻlgan tarmoqlar majmui. Bular toʻqimachilik sanoati, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr jihozlarini ishlab chiqarishdir. Ushbu tarmoqlarning qiyosiy afzalliklarini belgilovchi asosiy omillar mehnat xarajatlari, potensial bozorlar va mavjud xomashyo hisoblanadi.
Ikkinchi guruh – rivojlanish potensialiga ega boʻlgan, lekin investitsiyalardan maʼlum sharoitlarda daromad oladigan tarmoqlarni ifodalaydi. Bunga kimyo sanoati, qora metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish kiradi. Ushbu tarmoqlarning hozirgi ustunligi energiya narxining nisbatan pastligi bilan bogʻliq.
Liberallashtirish sharoitida texnologik siyosatni takomillashtirish va mahsulot birligiga resurslar sarfini sezilarli darajada kamaytirish sharti bilan ushbu tarmoqlarga qoʻyilgan investitsiyalar daromad keltiradi.
Tarmoqlarning qiyosiy afzalliklarini baholash ichki va jahon narxlarida hisoblangan yalpi mahsulotdagi qoʻshilgan qiymat ulushining nisbatlaridan foydalangan holda amalga oshirildi. Hisob-kitoblar uchun har bir koʻrib chiqilayotgan soha uchun asosiy mahsulotlar tanlangan.