84% xitoylik sarmoyadorlar 2016-yildan keyin Oʻzbekistonga investitsiya kiritishni boshlagan

    Investitsiyalar 6 Fevral 2024 1289

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hukumati oʻsish surʼatlarini oshirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun qulay huquqiy sharoitlar yaratishga qaratilgan keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirdi. Bu islohotlar valyuta bozorini liberallashtirish, investorlar uchun soliq imtiyozlari bilan maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etishni oʻz ichiga oladi.

    Hukumat, shuningdek, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun va investorlarning davlat bilan oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi boshqa hujjatlarni qabul qilish, soliq yukini kamaytirish, ayrim tovarlardan foydalanishni erkinlashtirish, yirik davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishni yoʻlga qoʻyish orqali qonunchilikni modernizatsiya qildi.

    Masalan, 2017—2022-yillarda xitoylik investorlar Oʻzbekistonga izchil qiziqish bildirib, qishloq, qurilish, suv xoʻjaligi, energetika, toʻqimachilik, mashinasozlik, transport kabi sohalarga katta sarmoya kiritdi.

    Bu davrda Xitoydan jami sarmoya taxminan 11 milliard dollarni tashkil etdi. Eʼtiborlisi, bu mablagʻning salmoqli qismi, xususan, 2,2 milliard dollari 2022-yilda oʻzlashtirildi.

    Ayni paytda Oʻzbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan 2 141 ta korxona mavjud boʻlib, ulardan 275 tasi 2022-yilda tashkil etilgan. Ular orasida Huawei, ZTE, Wenzhou Jinsheng Trading, Peng Sheng QK, Sinotruk, HengBang Textile Central Asiakabilar eng koʻzga koʻringanlaridir.

    Progressiv islohotlar markazi xitoylik investorlarning Oʻzbekistondagi sarmoyaviy muhit haqidagi tasavvurlari boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi. Taʼkidlash joizki, Xitoyning kapital qoʻyilmalari Oʻzbekistonga yoʻnaltirilgan jami xorijiy investitsiya va kreditlarning salmoqli 24,5 foizini tashkil etadi (2023-yil yanvar — sentyabr).

    Xitoyliklar keng qamrovli foydalanadigan WenJuan.com va WeChat onlayn platformalarida 2023-yil avgust — oktyabr oylarida Xitoy tilida soʻrov oʻtkazilgan. Unda Oʻzbekistonda faoliyat yuritadigan 48 nafar investor ishtirok etdi. Yosh taqsimoti quyidagicha: 18-25 yosh — 15%, 26-35 yosh — 16%, 36-45 yosh — 27%, 46-55 yosh — 15%, 55 yoshdan katta — 27%. Soʻrov ishtirokchilarning 60 foizini erkaklar tashkil etgan.

    Tadqiqot sarmoyadorlarni birinchi navbatda Oʻzbekistonning yirik tabiiy resurslari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari, siyosiy barqarorligi va Xitoyga geografik jihatdan yaqinligi oʻziga jalb etishi aniqlangan.

    Birinchidan, Oʻzbekistonning keng resurs salohiyati katta ahamiyatga ega. Respondentlarning qariyb 29 foizi mamlakatning boy tabiiy resurslari va arzon ishchi kuchi investitsiyalarning asosiy motivatori ekanligini taʼkidlagan.

    Tarmoqlar boʻyicha investitsiyalar taqsimoti quyidagicha: qurilish —51%, ishlab chiqarish — 36%, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati — 32%, AKT — 21%, turizm — 17%, energetika va togʻ-kon sanoati — 17%. Shunisi eʼtiborga loyiqki, investorlarning 47 foizi uch yoki undan ortiq sohaga sarmoya kiritgan, 17 foizi esa ikkita sohaga investitsiya qilgan.

    Ikkinchidan, davlatning siyosati (23%) va mamlakatdagi yangi investitsiyalarga imkoniyatlar oʻsishi (20%) ham Oʻzbekistonga sarmoya kiritish uchun muhim sabablar boʻlgan. Respondentlarning katta qismi (84%) 2016-yildan keyin investitsiya kiritishni boshlagan.

    Investorlarning 42 foizida xorijiy investorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi qonunchilik sifati qoniqish darajasi yuqoriligi taʼkidlangan (24% neytral, 34% esa noroziligini bildirgan).

    Uchinchidan, Oʻzbekistonning Xitoyga yaqinligi investorlarning 20 foizi uchun asosiy omil hisoblanadi. Vizasiz rejim va mamlakat ochiqligi bu afzallikni yanada oshiradi. Qizigʻi shundaki, investorlarning atigi 28 foizi Oʻzbekistonda doimiy istiqomat qiladi, 66 foizi oʻz biznesini Xitoydan boshqaradi, 6 foizi esa Oʻzbekistonga tashrif buyurmagan.

    Toʻrtinchidan, moliyalashtirish vositalarining mavjudligi va mahalliy tadbirkorlarning hamkorlikka tayyorligi ham Xitoy sarmoyasini jalb etishga yordam berdi. Xitoylik tadbirkorlar uchun asosiy investitsiya usullari bank kreditlari (28%) boʻlgan. Bundan tashqari, respondentlarning 23 foizi mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlik evaziga Oʻzbekistonda biznes ochganini maʼlum qilgan. Yana 23 foiz investorlar venchur kapitalni jalb etgan. Respondentlarning 11 foizi oʻz jamgʻarmalaridan foydalanishga qaror qilgan.

    Investitsiyalar hajmi boʻyicha taqsimot quyidagicha: 4 % — 500 ming dollar atrofida investitsiya kiritilgan; 19 % — 1 million dollar atrofida; 32 % — 3 million dollar atrofida; 30 % — 5 million dollar atrofida; va 15 % — 10 million dollar yoki undan koʻp sarmoya kiritgan.

    Shu bilan birga, investorlar Xitoydan Oʻzbekistonga sarmoya kiritishiga toʻsqinlik qilayotgan bir qancha toʻsiqlarni sanab oʻtgan.

    Birinchidan, rivojlanmagan infratuzilma. Respondentlarning yarmidan ortigʻi (54%) infratuzilma (energiya, internet, transport va ҳ.к.) yetarli emasligi sababli qiyinchiliklarga duch kelganini qayd etgan. Masalan, Ookla maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2023-yil noyabr oyida keng polosali Internet tezligi boʻyicha 181 davlat orasida 90-oʻrinni, mobil internet tezligi boʻyicha esa 99-oʻrinni egallagan.

    Ikkinchidan, madaniy va lingvistik farqlar, shuningdek, mentalitetdagi farqlar. Investorlarning 46 foizdan ortigʻi Xitoydan madaniy, til va mentalitet farqlari tufayli mahalliy sharoitga moslashishni qiyin deb topgan. Shunday sabab, investorlarning 72 foizdan ortigʻi oʻz bizneslarini xorijdan boshqaradi.

    Uchinchidan, yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etishda davlat idoralari tomonidan yetarlicha yordam berilmasligi. Respondentlarning atigi 24 foizi mahalliy hokimiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganidan qoniqish hosil qilgan, 54 foizi esa qiyinchiliklarga duch kelgan. Byurokratik muammolar, jumladan, valyuta konvertatsiyasi (33%), soliq xavfi (33%) va daromadlarni olib chiqish (28%) bilan bogʻliq muammolar jiddiy toʻsiqlar sifatida qayd etildi.

    Bundan tashqari, yuridik masalalarga duch kelganda investorlarning 35 foizi davlat idoralariga murojaat qilishini, 20 foizi esa advokatlardan yordam soʻrashni taʼkidlagan.

    Toʻrtinchidan, ishchi kuchining malakasi kamligi. Investorlarning 30 foizi ishchi kuchining malakasi yetarli emasligi sababli qiyinchiliklarga duch kelishi qayd etilgan. Mahalliy ishchilarning malakasidan qoniqish darajasi past deya 27 % respondent taʼkidlagan, 32 foizi esa ishchilar malakasidan qoniqmagan.

    Beshinchidan, xorijiy tillardagi maʼlumotlarning yetishmasligi. Investorlarning 30 foizi til toʻsigʻi va xitoy yoki ingliz tillarida maʼlumot yoʻqligini toʻsiq sifatida qayd etgan. Shu sabab, 76 % investorlar Oʻzbekistonda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlardan bexabarligini bildirgan.

    Umumiy qoniqish darajasi boʻyicha Oʻzbekistondagi investitsiya muhitidan investorlarning atigi 23 foizi qoniqish hosil qilgan boʻlsa, 47 foizi norozi (30 foizi neytral). Tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining shaffofligi va ravshanligi yuzasidan 33 foizi qanoatlangan, yana 33 foizi qonunlarni tushunishda qiyinchiliklarga duch kelishini taʼkidlagan.

    Qizigʻi shundaki, ekologik huquqbuzarliklar xitoylik investorlarni tashvishga solmaydi. Soʻrov ishtirokchilarining 87 foizi atrof-muhitga oid qonunlar va cheklovlar ularning faoliyatiga taʼsir qilmasligini qayd etgan.

    Xitoy sarmoyasining Oʻzbekistonga kirib kelishiga toʻsqinlik qilayotgan aniqlangan kamchiliklar asosida sarmoyaviy muhitni yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni koʻproq jalb etish boʻyicha bir qator tavsiyalar berish mumkin:

    Tildan foydalanish imkoniyati. Hukumat butun dunyo boʻylab barcha investorlarga keng qamrovli maʼlumot berish uchun xorijiy tillarda, ayniqsa ingliz tilida koʻproq kontentni taqdim etishi kerak. Bunga muhim qonun va qoidalarni ingliz tiliga tarjima qilish kiradi. Bu orqali potensial investorlarning Oʻzbekistondagi sarmoyaviy muhit va qonunchilik bazasi haqida aniq tushunchaga ega boʻlishini taʼminlash mumkin.

    Investor oʻrtasida soʻrovlar. Oʻzbekistondagi investorlar oʻrtasida muntazam soʻrovlar oʻtkazilishi kerak. Ushbu soʻrovlar mamlakatdagi biznes muhitini toʻgʻri baholash uchun 95 % ishonch darajasini taʼminlashga qaratilgan boʻlishi kerak. Bunday soʻrovlar investorlar duch keladigan muammolar haqida qimmatli tushunchalar berishi va hukumatga ushbu muammolarni hal qilish uchun samarali strategiyalarni shakllantirishga yordam beradi.

    Ekologik barqarorlik. Xitoylik sarmoyadorlarning 87 foizi ekologik muammolarni jiddiy tashvish deb bilmasligiga qaramay, hukumat ekologik barqarorlikni taʼminlash uchun faol choralar koʻrishi kerak. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha qatʼiy qoidalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni ragʻbatlantirish va korxonalarni barqaror amaliyotlarni qoʻllashni ragʻbatlantirishni oʻz ichiga olishi mumkin. Bu orqali u oʻz tabiiy resurslarining uzoq muddatli hayotiyligini taʼminlashi va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha global saʼy-harakatlarga hissa qoʻshadi.

    Progressiv islohotlar markazi.