Shu yilning 3-mart sanasidan yurtimizda ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yil 30 ming fuqaroga subsidiya ajratish belgilangan va bu raqam oʻtgan yildagiga nisbatan 1,5 barobar koʻp.
Bir tanishim har yili subsidiya olishga ariza topshiradi, ammo hali ololganicha yoʻq. Boshqa bir tanishimning esa oʻtgan yili omadi keldi. Ochigʻi, subsidiya haqida gap ketganda, qiynalgan, uy-joy olishga imkoniyati kam oilalarga davlat tomonidan beriladigan yordam, degan tushuncham bor. Ammo men kabi koʻpchilik subsidiyaning qay tartibda olinishi va toʻlanishi, kimlarga berilishi, kreditdan farqi va boshqa jihatlari haqida koʻp ham bilmaydi.
Yurtimizda 2020-yildan boshlangan bu amaliyot qisqa vaqtda sezilarli ommalashdi. Subsidiya olishga talabgorlar soni ham yil sayin ortib boryapti. Ariza topshirganlarning aytishicha, subsidiya ipoteka krediti olishda davlat tomonidan qaytarmaslik sharti bilan beriladigan muayyan miqdordagi toʻlov puli. Ammo u bank kreditlaridan farq qiladi.
— Cubsidiya ipoteka kreditlari asosida birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun boshlangʻich badal va kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat tomonidan beriladigan va qaytarilmaydigan moliyaviy koʻmakdir, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Shohruxbek Gʻaniyev. — U ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ajratiladi. Joriy yilgi tartibga koʻra, subsidiya fuqaroga uy-joy sotib olishda dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qatʼiy belgilangan 30 million soʻm va ipoteka kreditining birinchi besh yili davomida foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi (13,5 foiz)dan oshgan qismiga toʻlanadi. Tegishli mablagʻ davlat byudjetidan fuqaro nomiga bankda ochilgan hisobvaraqqa oʻtkaziladi. Oʻzbekistonning 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan fuqarolari ipoteka krediti uchun subsidiya olishga ariza topshirishi mumkin. Talabgorlar elektron tizim orqali ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi va ijobiy xabarnomaga ega boʻlgan taqdirda subsidiya ajratiladi.
Demak, subsidiya hech qanday shartlarsiz ajratiladigan va qaytarilmaydigan yordam puli boʻlib, shu jihatlari bilan tijorat banklari tomonidan muayyan shartlarda beriladigan kreditdan farq qiladi. Bunday beminnat mablagʻni olishga talabgor koʻp boʻlishi tabiiy. Limit esa cheklangan, ammo har yili oshirib borilyapti. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili 20 ming fuqaroga 2,2 trillion soʻm subsidiya ajratilgan boʻlsa, joriy yil bu raqam 30 ming fuqaroga 2,5 trillion soʻm etib belgilandi. Ammo har gal arizalar soni limitdan oshib ketadi, natijada barcha mezonlarga javob bergan va omadi chopganlargina subsidiyaga ega boʻladi. Shu kunlarda esa koʻpchilikni ipoteka krediti uchun subsidiya kimlarga va qanday shartlar asosida berilishi qiziqtirmoqda.
Tartibi va talabi qanday?
Joriy yilning 21-fevral kuni Prezidentimizning “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinib, bu yilgi ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Bunda subsidiya olishga talabgor oʻz hududidagi Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki “my.gov.uz” yagona interaktiv portali orqali ariza topshirishi mumkin. Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida fuqaro “subsidiya.idm.uz” avtomatlashtirilgan elektron platformasi orqali Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan qabul qilingan nizom tartibiga koʻra, subsidiya ajratiladigan fuqarolarni baholashning ijtimoiy mezonlari asosida real vaqt rejimida baholanadi.
Jarayonda ariza beruvchi yoki uning oilasining daromadi, hozirgi turar joy maqomi, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim shaxslar toifasiga kirishi, ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxslarning “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtgani tekshiriladi. Har bir ijtimoiy mezon boʻyicha fuqaroga ball beriladi hamda talabgor 30 va undan koʻproq ball toʻplashi lozim boʻladi. Masalan, ariza beruvchi va oilasining daromadlari 5 yoki 10 ball bilan baholansa, “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtgan shaxslarga qoʻshimcha 5 ball beriladi.
Hozir subsidiya beriladigan shaxslarni tanlab olish va baholash jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilgan. “Subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi tegishli tashkilotlarning elektron maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan. Mazkur maʼlumotlar bazalarida ariza beruvchining maʼlumotlari 3 ish kuni davomida tekshiriladi. Xususan, Adliya vazirligi oila tarkibi, ariza beruvchining turmush oʻrtogʻi va yolgʻiz ona, beva yoki ajrashgan ayollar toifasiga mansubligi haqidagi maʼlumotlar toʻgʻri kiritilgani, Kadastr agentligi ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻi nomida turar joy mavjud yoki mavjud emasligi, Soliq qoʻmitasi ariza beruvchi va uning oila aʼzolarining oʻrtacha oylik daromadlarini tekshiradi va hokazo.
— Ariza beruvchi va uning oilasi daromadlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori asosida yashash hududiga qarab baholanadi, — deydi Shohruxbek Gʻaniyev. — Yangi tartibga koʻra, subsidiyaga ariza berilganda, ariza beruvchi va turmush oʻrtogʻining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori belgilangan meʼyorlardan kam boʻlsa, talabgorning xohishi bilan daromadlar hisob-kitobiga ularning yaqin qarindoshlari daromadlari ham kiritilishi mumkin. Amaldagi qonunchilikka koʻra, yaqin qarindoshlar sirasiga qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar, yaʼni er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka, opa-singillari, farzand va farzandlikka olinganlar, bobo-buvi, nevaralar kiradi. Baholash jarayonida daromad darajasiga qarab 5 yoki 10 ball beriladi. Bunda arizachi yoki turmush oʻrtogʻi (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari)ning oʻrtacha daromadi miqdori belgilangan. Bu Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (hozir 3,11-9,24 million soʻm), Toshkent shahrida esa mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2,7-9,2 baravari (hozir 3,11-10,62 million soʻm) boʻlishi zarur. Oʻrtacha oylik daromadlar boʻyicha ball berilmagan taqdirda, subsidiya ajratish rad etilishi mumkin. Tartibga koʻra, soʻnggi uch oyning kamida bir oyida daromadga ega boʻlish talab etiladi.
Ipoteka krediti uchun subsidiya olish koʻpchilik oʻylaganidek oʻta murakkab jarayon emas. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, asosiy muammo belgilangan talablarga javob bermaslik yoki arizada maʼlumotlarni notoʻgʻri kiritishda koʻzga tashlanadi. Natijada fuqaroga subsidiya ajratilmaydi. Masalan, ariza buruvchi, jumladan, turmush oʻrtogʻining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida mulk huquqi bilan turar joy mavjud boʻlmasligi lozim, aks holda, subsidiya ajratish rad etiladi. Qolaversa, taqdim etilgan maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlganida, ilgari ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyadan foydalangan fuqarolar va ularning turmush oʻrtoqlari tomonidan takroriy murojaat boʻlganida kiritilgan ariza rad etilishi mumkin. Ammo bularga bogʻliq boʻlmagan boshqa omil ham bor. Yaʼni ariza barcha talablarga javob bergan taqdirda ham agar joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugagan boʻlsa, talabgor subsidiya ajratilganlar qatoriga kirmasdan qoladi. Bunda arizani birinchi boʻlib topshirganlarga ustunlik beriladi. Demak, talabgor arizani qancha erta topshirsa, shuncha yaxshi.
Subsidiya ajratilishi toʻgʻrisida ijobiy xabarnoma olgan fuqarolarga esa tegishli tartibda subsidiya toʻlab beriladi. Bunda fuqaro birlamchi bozordan kvartira sotib olish toʻgʻrisida quruvchi bilan shartnoma tuzadi hamda tegishli hujjatlar asosida ipoteka krediti olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlik memorandumi tuzgan tijorat bankiga murojaat qiladi. Ipoteka kreditini rasmiylashtirish jarayonida ana shu tijorat banki subsidiya mablagʻlarini toʻlab beradi. Bu toʻlov faqat birlamchi bozor, yaʼni yangi qurilgan koʻp qavatli uylardan kvartira sotib olishga amal qiladi.
Ochigʻini aytganda, uy-joy xarid qilish uchun toʻlab beriladigan 30 million soʻm kichik mablagʻ emas. Yana bu davlat tomonidan beminnat, hech qanday shartlarsiz berilishi ijtimoiy qiynalgan oilalar uchun katta yordam. Xalq tiliga tushgan subsidiya amaliyotining mohiyati ham shunda. Har yili ipoteka kreditlari uchun ajratilayotgan subsidiya limitlari oshib borayotgani yanada quvonarli. Endi hamma gap ana shu mablagʻlarning shaffof va tizimli ajratilishida. Arizalarni baholash tizimining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgani shunga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri