Prezidentimiz Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Navoiy shahrida qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Shahnoza Karimova 50 nafar ehtiyojmand xotin-qizni oʻqitib, ishga olgan. Shulardan 10 nafariga uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich toʻlovni toʻlab bergan.
Eng muhimi, bunday saxovatpesha tadbirkor ayollar barcha hududlarimizda koʻplab topiladi. Ular “Men — bunyodkor ayolman” degan loyihani ilgari surib, mahallalarda minglab ayollarni kasb-hunarga oʻqitib, daromadli qilish tashabbusini bildirgani, toʻgʻrisi, meni juda ruhlantirdi.
Men oʻziga katta ijtimoiy masʼuliyat olgan mana shunday ishbilarmon xotin-qizlarni “Yangi Oʻzbekistonning bunyodkor ayollari” deb bilaman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman. Ularga qanday qoʻshimcha sharoit va yengilliklar kerak boʻlsa, yaratib berishga tayyorman”, deya taʼkidlab oʻtdi.
Navoiylik tadbirkor bejiz shunday eʼtirof etilmadi. Haqiqatan, ayni vaqtda tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat yuritayotgan Shahnoza Karimova aholi bandligini taʼminlash va muhtoj oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha ham ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Sifat, yaxshi xizmat, muomala madaniyati, tinimsiz mehnat va yangilikka intilish ishtiyoqi korxona muvaffaqiyatini taʼminlashi shubhasiz. Shu tamoyillar asosida faoliyat yuritayotgan “Baraka Non Navoiy” MCHJni bugun navoiyliklar yaxshi biladi. Viloyat markazidan tumanlargacha, doimiy mijozdan tortib, didi nozik isteʼmolchigacha — barchaga birdek yoqayotgan mahsulotlarning soni, turi ortib bormoqda. Bunday natija ishbilarmonga omad kulganidan emas, tinimsiz mehnat, bozor talabini oʻrganish va intilish mahsulidir.
Tadbirkor Shahnoza Karimova ham dastlab faoliyatini boshlaganda qiyinchiliklarga duch kelgan va ularni matonat bilan yengib oʻtgan. Novvoylik bilan shugʻullanadigan turmush oʻrtogʻi faoliyatini kengaytirib, yanada rivojlantirdi. Bugungi kunda yirik korxonaga aylangan ushbu maskanda tayyorlanadigan non va non mahsulotlari Navoiy shahri va unga qoʻshni boʻlgan hududlarda “Baraka non” nomi bilan mashhur.
— Dastlab kichik novvoyxonani ijaraga olib ish boshlaganmiz. Oilamiz bilan ijara uyda yashardik. Tunu kun mehnat qilib, uyma-uy, bozorlarda non sotardik. Juda qiynalgan davrimiz, bir qop unga ham pul topolmay qolgan vaqtimiz boʻlgan. 2017-2018-yillarda tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar va imtiyozli kreditlardan foydalanib, zarur uskunalar xarid qildik. Non va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona tashkil qildik. Bosqichma-bosqich mahsulotlar turini koʻpaytirdik. Xaridorlar mahsulotlarimizni barakali deb eʼtirof etishardi. Shuning uchun ham korxonamizni “Baraka Non Navoiy” deb nomlaganmiz, — deydi tadbirkor Shahnoza Karimova.
Bugungi kunda korxonada 200 ga yaqin fuqaro doimiy ish bilan band. Ularning 70 foizi xotin-qizlar. Kichik novvoyxonaning kengayishi nafaqat yangi ish oʻrinlari yaratish, balki 300 turdan ortiq non va non mahsulotlarini tayyorlash imkonini berdi. Aholiga yetkazilayotgan shirinliklarning turi esa 200 dan ortiq.
Qandolat va non mahsulotlari mehmondoʻst xalqimiz dasturxonining koʻrki. Oʻz yaqinlariga tayyorlaydigandek mijozlarga yetkazib beriladigan shirinliklar, yarim tayyor yeguliklar rastalarda oʻz xaridorini uzoq kutib qolmaydi. Bir zumda xarid qilinadi, hatto mohir, chaqqon pazandalar ularni yetkazib berishga ulgurmay qoladigan vaziyatlar boʻladi. Muhimi, korxonada oʻz ishi, hayotidan mamnun, minnatdor, koʻngli ochiq samimiy kishilar mehnat qiladi. Ularning shukronasi esa barakaning garovi.
Davlatimiz rahbari eʼtiboriga tushgan tadbirkor Shahnoza Karimova, avvalo, ijtimoiy koʻmakka muhtoj, iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan ayollarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz oldiga maqsad qildi, ularning orzulariga qanot boʻldi. Uning tashabbusi bilan 50 nafar ehtiyojmand xotin-qiz oʻqitildi, 10 nafar muhtoj ayolga uy-joy sotib olishi uchun boshlangʻich toʻlovni tadbirkor oʻz zimmasiga oldi.
Navbahorlik Nortosh Shomurodovaning hayoti tubdan oʻzgarishida Shahnoza Karimovaning hissasi katta. Yangi yoʻl mahallasida istiqomat qiluvchi ayol 2013-yilda boquvchisini yoʻqotgach, moddiy qiyinchilikka duch keldi. Eski hovli, noqulay sharoit, ikki farzandni voyaga yetkazish masʼuliyati xonadon bekasining ertangi kunga ishonchini soʻndirgandi. Boshqalar kabi barcha qulayliklarga ega uyda yashash maqsadi orzuligicha qolishi mumkin edi. Tadbirkor Shahnoza Karimova ehtiyojmand oilaga yangi uy qurib berdi.
— Uyimiz juda xarob ahvolda, daromadimiz ham, yashash sharoitimiz ham yaxshi emas edi. Biz ham yaxshi uylarda yasharkanmizmi, deb koʻp oʻylardim. Saxiy insonlar bor ekan. Hozir barcha qulayliklari bor zamonaviy, shinam uyga ega boʻldik. Farzandlarim juda xursand. Avval gʻamdan yigʻlasam, bugun koʻzimda quvonch koʻz yoshlari, — deydi Nortosh Shomurodova.
Soniya Adizovaning ham uzoq tumandan shahar markaziga qatnab ishlashdek qiyinchiligi ortda qoldi. Koʻp yillik mehnati va fidoyiligi uchun unga tadbirkor Shahnoza Karimova tomonidan Navoiy shahridan yangi, taʼmirlangan, barcha mebel jihozlari, maishiy texnika vositalari bilan taʼminlangan xonadon tuhfa qilindi.
Bugungi kunda viloyatning boshqa tumanlarida ham korxona filiallari ochilmoqda. Hozir ilk filial Navbahor tumanida ish boshladi. Tumandagi Paxtakor mahallasida boʻsh turgan binoni ijaraga olib, non va non mahsulotlari, shirinliklar tayyorlash sexlari tashkil etgan tadbirkor mahalladagi ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlarni band qildi. Bugungi kunda ishli boʻlgan ehtiyojmand ayollar oʻz hayotidan ham, tadbirkordan ham minnatdor.
— Mahallamizda ushbu korxona filiali ochilgani biz uchun ayni muddao boʻldi. Ishsizligim va farzandlarimni oʻqitayotganimiz tufayli bir oz qiynalayotgandik. Shu yerga ishga kirganimdan soʻng qiyinchiliklarimiz ortda qoldi. Sababi, oylik maoshi yaxshi va mehnat qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Men bilan birga ishlayotgan xotin-qizlar ham yaqin kunlargacha ehtiyojmand edi. Hozir barchasi shu yerdan doimiy daromadga ega boʻlib, farovon hayot kechirmoqda, — deydi Mahbuba Doniyorova.
Albatta, hududlarda yangi loyihalar ish boshlashi va korxonalar ochilishi oʻsha yerning mahalliy aholisi uchun ish oʻrinlarini yaratishi bilan ahamiyatlidir. Muhimi, halol daromad insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi oʻzgarishiga turtki boʻlyapti. Shu bois, korxona ishchi-xodimlari oʻz hayotidagi ijobiy oʻzgarishlardan mamnun.
Mehnat evaziga hurmat, eʼtibor topgan tadbirkorning boshqalar taqdiriga ham befarq emasligi tahsinga sazovor. Hayoti yaxshi tomonga oʻzgargan ayollarning duolari, ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar koʻzlangan va kutilmagan natijalar salmogʻini oshiradi.
Tadbirkor Shahnoza Karimova 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Davlatimiz rahbari qoʻlidan yuksak mukofotni qabul qilgani ishbilarmonni nafaqat ruhlantirdi, balki tadbirkor ayol zimmasiga yanayam koʻproq masʼuliyat yukladi.
— Inson qiyinchiliklardan qoʻrqmasligi kerak. Har bir boshlangan kichik harakat ham mehnat bilan katta muvaffaqiyatlarga yetaklaydi. Bu haqiqatga oʻz hayotimda amin boʻldim. Prezidentimiz “qahramon qizim” deganda, oʻzimda yanada kuchli ishonchni his qildim. Ayol zoti shunchalik qadrlanadigan vatanda yashayotganimdan juda ham faxrlandim. Oʻz oldimga yangi maqsadlar qoʻydim va kelajakda yana 500 ta yangi ish oʻrni yaratmoqchiman, — deydi Shahnoza Karimova.
Albatta, baxt oddiylik, kamtarlik va saxiylikda. Inson hayoti toʻkisligi mablagʻi miqdori bilan emas, undan minnatdor kishilar shukronasi bilan belgilanadi. Bugungi kunda “Baraka Non Navoiy” korxonasi savdo doʻkonlari yonidan hech bir inson toʻxtamay oʻtib keta olmaydi. Bilishadiki, bu yerda mijozlarni tabassum bilan qarshi oladigan, eng yaxshi, sifatli mahsulotlarni taklif etadigan xodimlar va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor, tarbiyasi, faoliyati bilan boshqalarga ibrat boʻladigan halol tadbirkor bor.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri