Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov olib borgan majlisda tashkilotning Nazorat-taftish komissiyasi, kasaba uyushmalari respublika va hududiy kengashlari raislari, tizimdagi masʼul xodimlar ishtirok etdi.
Dastlab “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan vazifalarning 2023-yil yakuni yuzasidan ijrosi va 2024-yildagi asosiy vazifalari toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, 2023-yil ham yangi Oʻzbekistonning milliy yuksalish tarixida oʻziga xos muhim tarixiy voqealarga boy boʻldi. Prezidentimizning mustahkam siyosiy irodasi, inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan tizimli islohot va tashabbuslari, xalqimizning fidokorona mehnati bilan ulkan yutuqlarga erishildi. Jumladan, 30-aprel kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi, shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun muddatidan ilgari saylov oʻtkazildi. Ushbu ikki muhim siyosiy voqelik xalqimizning nechogʻlik yakdilligi, keng koʻlamli islohotlarni faol qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatdi.
Yakunlangan yil kasaba uyushmalari faoliyati uchun ham samarali oʻtdi. Xususan, tizimdagi tashkilotlar tomonidan ijtimoiy sheriklik koʻlamini oshirish, xodimlarning mehnat sohasidagi xuquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, ularning oila aʼzolari oʻrtasida madaniy-maʼrifiy, sport va sogʻlomlashtirish ishlarini tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Federatsiya mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash ishlarida faol ishtirok etib, ijtimoiy-mehnat sohasiga doir 150 ta normativ va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflar berdi. Kasaba uyushmalari mehnat inspektorlari 3000 ga yaqin korxona va tashkilotda jamoatchilik nazorati oʻtkazdi va bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 55 foizga ortdi. Bu jarayonda xodimlar manfaatlariga doir mehnat qonunchiligi va normativ hujjatlar talablari buzilishi boʻyicha aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi doimiy eʼtiborda boʻldi. Natijada, 4800 dan ziyod murojaat koʻrib chiqildi hamda 141 ming 783 fuqaroning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 64 milliard 696 million soʻmdan ziyod zarar undirilishiga erishildi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini amaliyotda qoʻllash borasidagi ishlar ham faol yoʻlga qoʻyildi.
Korxona va tashkilotlar kasaba uyushmasi hamda ish beruvchi oʻrtasida ijtimoiy himoya tizimi va ijtimoiy sheriklik mustahkamlanmoqda. Buni 2023-yilda bir xodimga yil davomida jamoa shartnomasi orqali oʻrta hisobda sarflangan mablagʻ 7,5 million soʻmdan ziyodni tashkil etganida ham koʻrish mumkin.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalash, gender tenglikni taʼminlashga koʻmaklashish yoʻnalishlarida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Oʻtgan yilda Federatsiyaning ishonch telefoniga xotin-qizlardan tushgan jami 26 ming 864 murojaatda koʻtarilgan muammolar hal etilishida amaliy yordamlar koʻrsatildi.
2023-yilning 1-dekabr holatiga koʻra, 6 toifa boʻyicha “Ayollar daftari”ga kiritilgan 993 mingdan ziyod xotin-qizning muammolari hal etildi. Jumladan, 423 ming 196 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizning bandligi taʼminlandi, 49 mingga yaqin xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari uchun kreditlar ajratildi. Uy-joyga muhtoj boʻlgan 8656 xotin-qizning uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari koʻrildi. Qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud 86 ming 335 xotin-qizga moddiy yordam berildi.
Ishchi-xodimlar oʻrtasida ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish ishlari ham kasaba uyushmalarining diqqat markazida boʻldi.
Oʻtgan yillarda tizimdagi sanatoriylar va ulardagi oʻrinlar sonini oshirish borasida olib borilgan ishlar bugunga kelib oʻz natijasini bermoqda. Xususan, 2023-yilda Federatsiya tizimidagi sanatoriylar soni 31 taga, ulardagi oʻrinlar soni 6753 taga yetdi. Bu esa sanatoriylarda yil davomida 200 mingga yaqin dam oluvchini, jumladan, 61 ming 279 nafarini imtiyozli va 3561 nafarini bepul yoʻllanmalar asosida sogʻlomlashtirish imkonini berdi.
Eʼtiborli jihati, kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 200 dan ziyod urush va mehnat fronti faxriylari hamda ularning kuzatuvchilari davlat byudjeti hisobidan bepul sogʻlomlashtirildi. “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida istiqomat qiluvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga yoʻllanmalar ajratildi. Tashkilotlarda ishlovchi pensionerlar hamda kasaba uyushmalari aʼzolarining pensiyadagi ota-onalari imtiyozli, ishlaydigan pensionerlar bepul yoʻllanmalar bilan taʼminlandi. Kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalardagi xotin-qizlar, tibbiyot sohasi xodimlari hamda yosh oilalar vakillaridan 888 nafari ijtimoiy aksiyalar doirasida bepul yoʻllanmalar bilan sogʻlomlashtirildi.
Shuningdek, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari tarbiyachilari, umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchilari hamda taʼlim rivojiga munosib hissa qoʻshgan, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan pedagoglardan qariyb 2130 nafariga ham bepul yoʻllanmalar taqdim etildi.
2023-yilgi yoz mavsumi davrida 1118 oromgoh faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda 331 ming 711 nafar bola sogʻlomlashtirildi. Shundan, 196 ta statsionar turdagi oromgohda 157 ming 793 va 922 ta sogʻlomlashtirish maydonchalarida 173 ming 918 bola dam oldirildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida tojikistonlik 50 oʻgʻil-qiz Fargʻona viloyatidagi “Tovul” oromgohida, qirgʻizistonlik 50 nafar bola “Tong” oromgohida yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 3 ming hamda Xorazm viloyatidan 1500 nafar bolajonlar oʻz hududlarining eng yaxshi statsionar turdagi oromgohlarida bepul sogʻlomlashtirildi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan xalqaro va milliy mehnat standartlarini joriy etishga koʻmaklashish sohasidagi ishlar ham tizimli davom etmoqda.
Majlisda jamoa shartnomalari sifatini yanada oshirish, ish haqi boʻyicha jamoatchilik nazorati hamda mehnat muhofazasiga oid talablarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish kerakligi taʼkidlandi. Shuningdek, kasaba uyushmalari tizimidagi Yoshlar birlashmalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularni yoshlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish boʻyicha belgilab olingan vazifalarning toʻliq amalga oshirilishiga erishish zarurligi qayd etildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidan kelib chiqqan holda, 2024-yilda kasaba uyushmalari oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jamoa kelishuvlari, shartnomalarini tuzish va roʻyxatga olish boʻyicha axborot tizimini ishga tushirish, Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida yoshlarni kasaba uyushmalariga faol jalb etish, bu orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida Genderga oid auditni oʻtkazish amaliyotini yanada kengaytirish, Prezidentimizning 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, kasaba uyushmasi tashkilotlarida madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish kabi chora-tadbirlar shular jumlasidandir.
Majlisda “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xotin-qizlar kengashining yangi tahrirdagi Nizomi va kengash tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining ayrim vakolatlarini Ijroiya qoʻmitaga berish toʻgʻrisida”gi masalalar ham koʻrib chiqildi.
Bosh kengash majlisida kasaba uyushmalari tizimida ijtimoiy obyektlar, xususan, sanator-kurort muassasalari hamda bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari qurilishi borasidagi ishlar tanqidiy tahlil etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhabbat OʻRMONBEKOVA,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari