Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktyabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda kasaba uyushmalari vakillari bilan muloqot oʻtkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
“Hayot bir haqiqatni doimo taʼkidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib boʻlmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini oʻrganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz”, — dedi Prezident.
Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.
Hozirda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritmoqda.
Kasaba uyushmalari oʻtgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish boʻyicha katta tajriba toʻpladi. Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million ehtiyojmand, kam taʼminlangan xotin-qizlarga yordam koʻrsatishda bosh-qosh boʻldi.
Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sugʻurtalash boʻyicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritish topshirildi.
Davlatimiz rahbari kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.
Kasaba uyushmalari faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ularning oʻrni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda.