11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni arafasida boʻlib oʻtgan brifingda soʻnggi 7 yil davomida mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli va tizimli islohotlar natijasida inson qadrini ulugʻlash va manfaatlarini taʼminlash yoʻnalishlarida yuksak natijalarga erishildi. Ana shunday izchil islohotlar va yangilanishlar jarayonida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor 11-noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifi ilgari surilgach, “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu 6 millionga yaqin aʼzoga ega boʻlgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlandi.
Taʼkidlash zarurki, mamlakatimizda kasaba uyushmalarining erkin va keng koʻlamli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Natijada oxirgi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga koʻtarildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilishda hamkorlik yoʻnalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.
2023-yilning 10 oyi davomida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 3 ming 643 ta murojaati koʻrib chiqildi. Murojaatlarni koʻrib chiqish va jamoatchilik nazorati tartibidagi oʻrganishlar natijasida qariyb 8,5 ming nafar xodimning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 26 mlrd. 114 mln. soʻmdan ziyod zarar pullari undirib berildi. Xodimlar huquqlarini tiklashni soʻrab ish beruvchilarga kiritilgan 82 ta taqdimnomaning 67 tasi qanoatlantirilib, qonun buzilishi holatlari bartarf etildi.
Bugungi kunda jamoa shartnomasi ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylanayotgani ham quvonarlidir. Xususan, respublika boʻyicha 19 ming 15 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffitsiyenti koʻtarilishiga erishildi. Va bu orqali qariyb 900 ming xodimning ish haqi oshirildi. Jamoa shartnomalarining barchasiga xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishdan avval albatta kasaba uyushma qoʻmitasining roziligini olish zarurligi toʻgʻrisidagi talab kiritilishiga erishildi.
Mehnat muhofazasi boʻyicha nazorat-profilaktika ishlari bilan birga xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan monitoring amalga oshirilmoqda. 2023-yilning oʻtgan davrida 1 ming 235 ta korxona va tashkilot faoliyati oʻrganilib, aniqlangan 4,5 mingga yaqin kamchilik bartaraf etilishi taʼminlandi. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida doimiy monitoring amalga oshirilib, tegishli maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilmoqda.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari yangi ochilgan korxona va tashkilotlarni kasaba uyushmalariga jalb etish, bu orqali ularda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2023-yil boshidan bugungi kungacha 12 ming 249 ta korxona, tashkilotda mehnat qilayotgan 210 ming 96 nafar xodim kasaba uyushmalariga jalb etildi.