Unga koʻra, tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan “ogʻir” mahallalar belgilanadi.
Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun “oʻsish nuqtalari” aniqlanib, har bir tadbirkorlik yoʻnalishiga “yetakchi” tadbirkorlar biriktiriladi.
“Ogʻir” mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” tadbirkorlarga 3 yil muddatgacha yillik 10 foiz stavkada mahalla uchun 2 milliard soʻmgacha kreditlar kooperatsiya asosida ajratiladi.
Har bir “ogʻir” mahallaga ajratilgan 2 milliard soʻm mablagʻlarning 10 foizgacha boʻlgan qismi ularning tegishli ixtisoslashuv yoʻnalishlarida bittadan namuna va oʻrnak koʻrsatadigan tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
“Yetakchi” tadbirkorlarga kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqaro tomonidan ishlab chiqarilayotgan (yetishtirilayotgan) mahsulotlarni sotib olish yoki shartnomaga asosan fuqaroga oylik ish haqi toʻlash sharti oʻrnatiladi.
Kreditlar sektor rahbarlari tomonidan “ogʻir” mahallada tadbirkorlikni hamda iqtisodiy kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalar” va dasturlar Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazida himoya qilinib, ijobiy xulosasi olingandan soʻng beriladi.
Qarorga koʻra shuningdek, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kichik va oilaviy tadbirkorlik subyektlariga maydoni 10 sotixdan 50 sotixgacha boʻlgan zamonaviy issiqxonalar barpo etish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 7 yil muddatgacha kreditlar ajratiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.