Isteʼdodli yoshlar bilan mamlakat rivojlanadi

    O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo universitetlari forumiga mezbonlik qilib, oldimizda turgan muammolarga yangicha yechimlar izlamoqda. Bu nafaqat mintaqa, balki dunyo ta’limining kelajagini qayta shakllantirish uchun yorqin imkoniyatdir.

    Kuni kecha yurtimiz yana bir nufuzli tadbir – Markaziy Osiyo universitetlari forumiga mezbonlik qildi. Mintaqada oliy ta’lim sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ushbu forum 60 ga yaqin xalqaro tashkilot rahbarlari, 97 ta xorijiy oliy o‘quv yurti vakillarini bir yerga jamladi. Forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Kanada, Janubiy Koreya, Hindiston singari 20 davlatdan taniqli olimlar, ilm-fanning yirik namoyandalari ishtirok etdi.

    Tadbir doirasida “Markaziy Osiyoning ma’naviy va intellektual uyg‘onishi” nomli ta’lim haftaligi bo‘lib o‘tdi. Unda Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol, Massachusets texnologiya instituti vise-prezidenti Erik L.Grimson, Iogann Volfgang Gyote nomidagi Frankfurt universiteti professori Luchiano Retsolla va Britaniya kengashi ingliz tili dasturi rahbari Maykl Konnoli kabi olimlar ishtirok etdi.

    Forumda oliy ta’lim tizimidagi dolzarb masalalar va ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Jumladan, yangi ochilgan universitetlarning nufuzli muassasalar sifatidagi maqomini mustahkamlash, o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, iste’dodlilarni jalb qilish va saqlab qolishda obro‘-e’tiborning hal qiluvchi roli, zamonaviy ta’lim muassasalari uchun hamkorlikning yangi modellari kabi mavzular ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

    O‘zbekistondagi 3 ta oliy ta’lim muassasasi birinchi marotaba Times Higher Education reytingida yuqori o‘rinlarni egalladi. Jumladan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti dunyo universitetlari orasida 601-o‘ringa munosib ko‘rilgan hamda kuchli 1000 talikka kirgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 1001-o‘rin, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1501-o‘rinda qayd etildi.

    Forum doirasida mazkur universitetlar Times Higher Education tashkiloti tomonidan taqdirlandi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universiteti tez rivojlanib borayotgan oliy ta’lim dargohi sifatida e’tirof etildi.


    Hilola Umarova, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri:

    – O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bu bizga ta’lim sohasidagi islohotlarni yanada tezkor va samarali amalga oshirish zarurligini ko‘rsatadi.

    2016 yilda O‘zbekistonda atigi 77 ta oliygoh bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu raqam 211 tani tashkil etmoqda. Oliy ta’lim sohasida ham katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda yurtimizda 135 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularning umumiy soni 211 taga yetkazilgani, tizimda qamrov darajasi 4 barobardan ziyod oshib, 9 foizdan 38 foizga yetgani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Talabalar soni 5 barobar ortib, ayni vaqtda 1 million 300 mingni tashkil qilmoqda.

    Bugungi nufuzli forumga mezbonlik qilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti ham ana shu islohotlar samarasi sifatida yuzaga kelgan. Ushbu ta’lim dargohini rivojlantirishda dunyoning yetakchi ta’lim maskanlari – AQSHning Massachusets texnologiya instituti, Germaniyaning Myunxen texnika universiteti va Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

    O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo universitetlari forumiga mezbonlik qilib, oldimizda turgan muammolarga yangicha yechimlar izlamoqda. Bu nafaqat mintaqa, balki dunyo ta’limining kelajagini qayta shakllantirish uchun yorqin imkoniyatdir.

    Forum xalqaro hamkorlik aloqalari yanada kengayishi, katta maqsadlarga birgalikda erishish, jahon andozalari darajasida bilim olgan, global mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga zamin hozirlaydi.


    Jan Tirol, Nobel mukofoti sohibi (Fransiya):

    – Iqtisodiyot va ijtimoiy fanlarning maqsadi dunyoni insonlar uchun qulay yashash makoniga aylantirishga hissa qo‘shishdir. Bu esa, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mavjud me’yorlarni doimiy o‘zgartirib borishni talab etadi.

    Bugun aksariyat davlatlar iqtisodiyoti qarorlar bilan emas, balki bozor mexanizmlari orqali boshqariladi. Bu davlatning iqtisodiyotdagi roliga ishora qiladi. O‘zbekistonda davlatga qarashli korxonalar sonini kamaytirish rejalashtirilmoqda. Chunki davlat korxonalari xususiy sektor bilan taqqoslaganda kamroq samaradorlikka ega bo‘ladi. Ma’ruzamda texnologiya kompaniyalari haqida gapirdim. Lekin ayni holat sun’iy intellekt va boshqa sohalarda ham kuzatilmoqda. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda raqobatni rivojlantirish istagi bor. Buning yo‘llarini topish juda muhim.


    O‘zbekistonga kelganimdan juda xursandman. Meni mamlakatingizda juda iliq kutib olishdi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti va iqtidorli talabalarni ko‘rish juda yoqimli bo‘ldi. Muloqot davomida yoshlar menga ko‘p qiziqarli savollar berishdi. Ular bilan yana uchrashish, ma’ruza qilishni orziqib kutaman.


    Doktor Volfgang Herman, “Yangi O‘zbekiston” universiteti faxriy rektori (Germaniya):

    – O‘zbekiston keng qamrovli geosiyosiy rivojlanish va xalqaro darajaga chiqish yo‘lida turgan bir paytda shu kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega. Avvallari mamlakatingiz biz — yevropaliklar uchun ko‘p masalalarda ochiq emas edi. Endi siyosiy vaziyat o‘zgargan. Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanish bosqichida. Yurtingizda ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasini qo‘llash vaqti keldi.


    Qariyb 50 yillik tajribamga tayanib, universitet olimi va boshqaruvchisi sifatida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun kurashayotgan bu kabi mamlakatni ko‘rmaganimni aytmoqchiman. Prezidentingizning ta’lim sohasida yurilayotgan siyosati ulkan e’tirofga loyiq.


    Markaziy Osiyo universitetlari forumi mintaqada joylashgan oliy ta’lim muassasalari uchun o‘zaro tajriba almashish, kelajak rejalar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash platformasi sifatida xizmat qiladi. O‘zbekiston, xususan, Toshkent shahri shu kabi tadbirlarni o‘tkazish va universitetlararo platforma yaratish, xalqaro mehmonlarni jalb qilish uchun qulay markaziy hudud sanaladi.


    Maykl Konnoli, Britaniya kengashi ingliz tili dasturi rahbari (Buyuk Britaniya):

    – Mamlakatingiz juda tez o‘zgarib borayotganini ko‘ryapman. Bugun Toshkentni aylanayotib bunga guvoh bo‘ldim. Shahar zamonaviy. Unda biznes va ta’lim uchun qulay muhit yaratilgan. Ta’lim tizimi vakillari, o‘qituvchilar va boshqalar bilan muloqot chog‘ida o‘zgarish va taraqqiyotga chinakam ishtiyoq borligini ko‘rdim. Men mamlakatingiz kelajagiga katta ishonch bilan qarayapman. Yurtingizdagi o‘zgarishlar dunyoda aks sado bermoqda va Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston haqida aytilayotgan iliq gaplar bejiz emasligini tushunyapman.


    Bugun bu yerda ta’lim tizimidagi islohotlarni ko‘rib, rosti, mamnun bo‘ldim. O‘qitish jarayonini umume’tirof etilgan standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha bir qancha xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu kelajakda dunyo tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida jamlagan tizim yaratilishida muhim ahamiyatga ega.


    Yurtingizda xorijiy tillarni o‘rgatishga e’tibor katta. Dunyodagi ko‘plab ilmiy tadqiqotlar ingliz tilida olib boriladi. Ingliz tilini xalqaro standartlar asosida o‘qitish sifatini yangi bosqichga chiqarish, o‘rganish va baholash, yoshlarda raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish, ilm-fanning turli yo‘nalishlari, matematika, muhandislik va boshqa sohalar bo‘yicha ingliz tili kurslari sonini ko‘paytirish muhim.


    Baxtiyor Yo‘ldoshev, Yangi O‘zbekiston universiteti prorektori:

    – Bilim, tajribaning cheki yo‘q. Shu bois, dunyo tan olgan olimlarning kashfiyoti, tadqiqotidan xabardorlik, ularning tajribasi, ilmda bosib o‘tgan yo‘li bilan tanishish biz uchun juda muhim. Ushbu forum ana shu imkoniyatni taqdim etmoqda. Dunyoga mashhur olimlarning turli mavzulardagi ma’ruzalari ta’lim sohasi mutaxassislari, ilm-fan vakillari, tadbirkorlar, oliy o‘quv yurtlari talabalarida unutilmas taassurot qoldirmoqda.

    Markaziy Osiyo davlatlari juda katta kapitalga ega. Chunki mintaqada aholi o‘sish tendensiyasi mavjud. aholining katta qismini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekiston ham yoshlar mamlakatidir. Bu ta’lim sifatiga e’tibor qaratish va hamkorlikni mustahkam yo‘lga qo‘yishimizni taqozo etadi. Ushbu forum ana shu maqsadni o‘zida mujassam etgan.


    Forumda Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlari, yangi universitetlar uchun dolzarb bo‘lgan muammolar xususida fikr almashilmoqda. Bu kabi muloqot maydonlari bizga doim kerak.


    “Yangi O‘zbekiston muxbiri


    Risolat MADIYEVA yozib oldi.