Istiqbolli hamkorlik samarasi malakali mutaxassislar faoliyatida koʻrinadi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 18-yanvar sonida Toshkent davlat texnika universiteti elektr energetikasi fakulteti dekani, texnika fanlari doktori, professor Javohir Toshovning “Istiqbolli hamkorlik samarasi malakali mutaxassislar faoliyatida koʻrinadi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda yoshlarni bilimli va malakali qilib tarbiyalash, ularni jahonning sohaga oid ilgʻor tajribalaridan xabardor mutaxassislar sifatida tayyorlash maqsadida oliy taʼlim tizimiga doir tegishli qaror va farmonlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2017-yil 27-iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oliy taʼlim mazmunini bevosita korxonalar, muassasalardagi texnika, texnologiya, ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, kadrlarni kasbi va mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirishga doir qator dolzarb masalalar toʻliq yechimini topgan.

    Bugun energetika sohasida ham qator keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilm-fan yordamida ular samaradorligini oshirish masalasi ham har qachongidan dolzarb hisoblanadi. Bu esa biz, olimlar oldiga yoqilgʻi-energetika resurslarini ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish jarayoni samaradorligini oshirish va bu yoʻnalishda natijadorligi yuqori boʻlgan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish vazifalarini qoʻymoqda.

    2020-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda 68,7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 120,8 milliard kilovatt soatga oshishi yoki ushbu koʻrsatkichga nisbatan deyarli ikki barobar koʻp ishlab chiqarilishi prognoz qilingan. 2016-yilda mamlakatimizda oʻrtacha kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 137,8 million kilovatt soatni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yilning 1-iyun holatiga koʻra, isteʼmol koʻrsatkichi 183,7 million kilovatt soatga yoki 33,4 foizga koʻpaygan. Hisob-kitoblarga koʻra, bu milliy iqtisodiyotning energiya samaradorligi rivojlangan mamlakatlar koʻrsatkichlaridan 2-2,5 barobar yuqori.

    Mazkur raqamlardan koʻrish mumkinki, sohada elektr energiyasi isteʼmoli samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda energiya xarajatlarini kamaytirish bugunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Bu esa, oʻz navbatida, sohaga yangi ilmiy izlanish natijalarini, malakali kadrlarni jalb etmasdan hal boʻladigan vazifa emas. Shundan kelib chiqib, soʻnggi yillarda Energetika vazirligi va uning tizimidagi tarmoq korxonalar bilan fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasi hamda korporativ hamkorlik jarayoni jadal surʼatda rivojlanmoqda.

    Davlatimiz rahbari har bir chiqishida fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, innovatsion hamkorlikni oshirish, shuningdek, kadrlar masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, 2019-yil 24-may kuni Prezidentimiz Oʻzbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvda men ham ishtirok etib, juda katta kuch, motivatsiya bilan chiqqandim. Unda Prezidentimiz ilmiy darajali pedagoglarning oylik maoshiga ustama belgilash, professor-oʻqituvchilar, yosh tadqiqotchilar uchun 6 ta koʻp qavatli uy qurishga topshiriq bergandi. Hozir ushbu xonadonlarda Toshkent davlat texnika universiteti elektr va issiqlik energetikasi fakultetining 18 nafar yosh professor-oʻqituvchisi ham istiqomat qilyapti.

    Mazkur fakultetda energetika sohasi boʻyicha faoliyat olib borayotgan ishlab chiqarish korxonalari uchun asosiy kadrlar tayyorlanadi. Bugungi kunda fakultetda 4200 dan ortiq talaba tahsil olyapti. Ularga 200 dan ortiq professor-oʻqituvchi dars berib keladi. Pedagoglardan 3 nafari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademik), 19 nafari fan doktori va 59 nafari falsafa doktori va fan nomzodi. Oxirgi besh yilda fakultetda faoliyat yuritayotgan ilmiy tadqiqotchilar tomonidan 9 ta doktorlik (DsC) va 20 ta falsafa doktorligi (PhD) dissertatsiyasi himoya qilindi.

    Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi negizida fakultet ishlab chiqarish korxonalari bilan har tomonlama yaqin aloqa oʻrnatgan. Jumladan, oxirgi besh yilda buyurtmachi korxonalarda fakultetga qarashli kafedralarning 18 ta filiali tashkil etildi. Ayni payt da fakultetda dual tizim yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yuqori kurs talabalari va magistrantlar uchun ushbu kafedralarda tegishli fanlardan darslar oʻtilmoqda. Talabalar ishlab chiqarish uchastkalarida boʻlib, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarida qatnashmoqda.

    Ishlab chiqarish korxonalarida bajarilayotgan laboratoriya ishlarining ulushi 32 foizni tashkil etadi. Xususan, muqobil energiya manbalari kafedrasining “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi 750 kilovattli shamol elektr stansiyasida, elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari kafedrasining “Energiya koordinatsion dispetcherlik markazi”da, “Oʻzenergomarkaz” korxonasi kabi bir qator tashkilotlarda elektr taʼminoti tizimining montaji va ishlatilishi fanlaridan mashgʻulotlar oʻtilmoqda. Albatta, bunday oʻquv jarayoni yoshlarning kelgusida muayyan korxona uchun tayyor mutaxassis boʻlib yetishishiga imkon yaratadi.

    Oxirgi yillarda sohaga xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb qilinmoqda. Jumladan, 2019-yilda “Oʻzbekenergo” AJga tegishli umumiy qiymati 2,27 milliard soʻmlik Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 130 kilovattli fotoelektr stansiyasi Toshkent davlat texnika universiteti balansiga oʻtkazib berildi. “Oʻzelektrapparatlari” AJning 430 million soʻmlik, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 372 million soʻmlik homiylik yordami tufayli kafedralarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. 2020-yili “Oʻzbekgidroenergo” AJning 5 milliard soʻmlik homiylik koʻmagi hisobidan “Gidroenergetika va gidravlika” oʻquv laboratoriyasi tubdan qayta taʼmirlandi. Ayni paytda zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan taʼminlash jarayoni ketmoqda.

    Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ham ijobiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Xitoyning CHINT ELECTRICS CO LTD kompaniyasi tomonidan fakultet geliopoligonida “10 kilovatt quvvatdagi quyosh fotoelektrik stansiyasi” va “Shint Distribution Uzbekiston” MCHJ tomonidan zamonaviy rusumda jihozlangan laboratoriya xonasi tashkil etildi. Bunga jami 340 million soʻmlik investitsiya jalb qilindi.

    Oʻtgan yili Rossiyaning “EKRA” ICHBK bilan Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Uning doirasida fakultet binosida korxonaning oʻquv laboratoriya xonasini tashkil etib, zamonaviy releli himoya shkaflari bilan taʼminlashga kelishib olindi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi”da korxona muammolariga bagʻishlangan “Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini raqamlashtirish sharoitida elektr tarmoqlari korxonalarini innovatsion rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Ushbu anjuman doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi va “Yoʻl xaritasi” imzolandi. “Yoʻl xaritasi”da fakultetda korxonaning ASKUE tizimiga moʻljallangan zamonaviy laboratoriyasi va poligon tashkil etish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha korxona stipendiyasini joriy qilish, professor-oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish, talabalar amaliyotini sifatli tashkil etish ham rejada bor.

    Shuningdek, yana bir hujjat — Germaniyaning nufuzli “Siemens Energy Global GmbH & Co. KG” kompaniyasi va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Ushbu memorandum asosida 2021-yil 10-noyabr kuni Germaniyaning Myunxen shahrida “Yoʻl xaritasi”ga qoʻl qoʻyildi. Unda bu yil Toshkent davlat texnika universitetining elektr va issiqlik energetikasi bazasida “Siemens Energy Global GmbH & Co. KG” kompaniyasining Fanlararo oʻquv markazini tashkil etish koʻzda tutilgan. Tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalarining maxsus xonalari kelgusida ishlab chiqarishda faoliyat olib borayotgan xodimlarning muntazam malakasini oshirishda amaliy koʻmak boʻladi.

    Soʻnggi yillarda Energetika vazirligi bilan hamkorlikda qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, bevosita vazirlik buyurtmasi asosida fakultet olimlari Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, “Sanoat korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida energiya resurslari isteʼmolini hisobga olish, tahlil qilish va prognozlash yagona axborot tizimi”ni yaratish boʻyicha innovatsion loyihani bajarmoqda.

    Albatta, mahalliy va xorijiy investitsiyalar kafedralarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy oʻquv xonalari va laboratoriyalar bilan jihozlash, mavjud taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklarning oʻquv rejalarini korxonalar talabidan kelib chiqqan holda takomillashtirish, asosiysi, taʼlim sifatining oshishiga zamin yaratadi.