Milliy matbuot markazida, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan, “Rassom va jamiyat. Kelajak sanʼati konsepsiyalari”, IX Toshkent xalqaro Zamonaviy sanʼat biyennalesi mavzuiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

- Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi, har ikki yilda bir marotaba Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi, qator vazirlik, idoralar koʻmagi, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar hamkorligida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda, - dedi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov.

- Zamonaviy sanʼat biyennalesi tasviriy sanʼat sohasida madaniy almashinuv, turli mamlakatlarning ijodiy salohiyati bilan tanishuv, zamonaviy sanʼatning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi zamonaviy sanʼatini yanada ommalashtirish, tasviriy sanʼatning qiziqarli eksperimental shakllarini aniqlash, rassomning zamonaviy jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratish kabi ezgu maqsadlarini qamrab olgan. Jumladan, zamonaviy sanʼat turlarini xalqimiz va dunyo hamjamiyatiga taqdim etish, jahonda rivojlanayotgan zamonaviy sanʼat jarayonlarini oʻrganish orqali turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Besh kun davomida sanʼat ixlosmandlari dunyoning 35 ta mamlakatidan ijodkor hamda mahalliy rassom-ustalarning sanʼat namunalaridan bahra oladilar. Ijodkorlar bilan oʻzaro muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniga ega boʻladilar.

Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi dasturi rang-barang boʻlib, tomoshabinlarga turli shakldagi qiziqarli koʻrgazmalar taqdim etiladi. Shuningdek, taniqli xorijiy qatnashchilarning mahorat darslari, ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladi. IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi jyuri aʼzolari Italiya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya hamda Rossiyadan taniqli ekspertlardan tashkil topgan.

Madaniy anjumanda xalqaro va mahalliy ijodkorlar sanʼatning zamonaviy yoʻnalishlari – raqamli sanʼat, installyatsiya, video va foto art, shuningdek, rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik boʻyicha ishtirok etadilar. Shuningdek,
masofadan (onlayn) ishtirok etuvchi rassomlar zamonaviy sanʼatning video-art, foto-art yoʻnalishlarida oʻz ijodiy ishlarini taqdim qilishadi.

Biyennalla doirasida, mahorat darslari, ilmiy anjumanlar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Toshkent fotosuratlar uyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida oʻtkaziladi.

Toshkent xalqaro biyennalesi tom maʼnoda avlodlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish koʻprigiga, mamlakatimiz ijodkorlari va xorijiy mehmonlar bilan ijodiy muloqot maydoniga aylanib qoladi.

Savol-javob, fikr va mulohazalarga yoʻgʻrilgan tarzda oʻtkazilgan matbuot anjumani barchaga birday manzur boʻldi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga toʻliq javob oldi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri