Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini yaratish maʼmuriy islohotlarning ustuvor yoʻnalishi

    Fikr 26 Dekabr 2022 1977

    Joriy yil 20-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi oʻqib eshittirildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan mazkur Murojaatnomada 2022-yilda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, barcha sohalarda yechimini kutayotgan muammolar tanqidiy mushohada qilindi.

    Prezidentimiz birinchi yoʻnalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtishni taklif qildi va “qoʻl boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti kelganini, vazirlik va idoralar sonini esa hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirish lozimligini alohida taʼkidladi.

    Oʻz navbatida, Murojaatnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Mazkur hujjat bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari shtat birliklari, shu jumladan rahbar lavozimlarini 30 foizgacha maqbullashtirish va adolatli mehnatga haq toʻlash tizimi joriy etish belgilandi.

    Farmonda qayd etilishicha, 2023-yil 1-yanvardan Hukumat aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash tizimi joriy etiladi.

    Bundan tashqari, Hukumatning ijro etuvchi tuzilmasida oʻzgarishlar amalga oshirildi, uning tarkibidagi bir nechta tuzilma tugatildi, Vazirlar Mahkamasi tizimini 21 ta vazirlik tashkil etishi belgilab berildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 24 ta vazirlik mavjud, 12 ta davlat boshqaruv organi tugatilishi, ularning vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazilishi belgilandi.

    Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab ixcham, professional boshqaruv tamoyillariga asoslangan va samaradorlikka yoʻnaltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarni oʻz ichiga oladigan yaxlit tizim shakllantirilishi qayd etildi.

    Shu bilan birga, 2023-yil 1-fevralga qadar mazkur farmon talablaridan kelib chiqqan holda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu hujjat zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, ijro mexanizmini takomillashtirishga bevosita xizmat qiladi.

    Ziyoda Toʻraboyeva,

    TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga

    qarshi kurashish kafedrasi katta oʻqituvchisi.