Bugungi kunda shukronalik hissi bilan yashash har bir insonda boʻlishi kerak. Yosh olima, universitet oʻqituvchisi sifatida bugungi kundagi davlat siyosati, yoshlarga, ayniqsa, ayollarga berilayotgan imkoniyatlardan judayam mamnunman.
Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatagʻon qilingan ajdodlarimizni eslash kifoya. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Isʼhoqjon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi ulugʻ maʼrifatparvar ajdodlarimiz bu kunni orziqib kutishgan. Siyosiy qatagʻon yillarida nohaq qurbon boʻlgan yurtdoshlarimiz shu yurt uchun, shu erk uchun jon fido qilganlar.
1937-1938-yillarda qatagʻon siyosati nafaqat erkaklarni, balki ayollarimizni ham oʻz domiga tortgan. Ularning baʼzi birlari Tojixon Shodiyeva singari taniqli davlat arboblari boʻlgani, boshqalari esa, Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova, Saida Sherahmedova, Sobira Xoldorova, Gulsum Rahimova, Ruqiya Xoʻjayeva (Rahimova), Matluba Muhammedova kabi ayollarimiz fan-texnika, sanʼat, tibbiyot sohalari boʻyicha Germaniya va Rossiya shaharlarida oʻqib, xalqni maʼrifatli qilishga harakat qilganlari uchun aksilinqilobchi va millatchi sifatida, baʼzan esa chet el razvedkasining josusi sifatida qamoqqa olingan. Ular yo oʻsha kezlardayoq otib tashlangan, yoxud olis va sovuq oʻlkalardagi lagerlarga yuborilgan. Yana oʻnlab va, ehtimol, yuzlab ayollar boʻlganki, ular “xalq dushmani”ga chiqarilgan, farzandlari, turmush oʻrtoqlari va otalarining “aksilinqilobiy, millatchilik faoliyatlari” haqida siyosiy idoralarga oʻz vaqtida xabar bermaganlari uchungina qamoqqa olinib, ne-ne azob-uqubatlarni boshdan kechirmagan.
Ushbu ayollarning aksari savodsiz boʻlganlari yo maishiy tashvishlari bilan oʻralashib qolganlari uchun oilasi, farzandlari holidan xabarsiz edilar. Tergovchilar ham shu holni yaxshi bilganlariga qaramay, ulardan jigargoʻshalarining dushmanlik faoliyatini tasdiqlovchi koʻrsatmalar berishni talab etganlar. Bunday koʻrsatmalarni bera olmagan ayollar turli-tuman qiynoqlarga solingan.
Tarixga nazar solar ekanmiz, bugungi kundagi erkinlik uchun, farovon hayot uchun shukronalar aytib, Davlatimiz Rahbarining biz ayollarga yaratib berayotgan imkoniyatlari uchun bor bilimim, bor kuchimizni sarflab, yosh avlodni Vatanga, Prezidentimizga, xalqimizga kuchli muhabbat va sadoqat bilan tarbiyalashga harakat qilishimiz zarur. Bu esa bizning buyuk vazifamiz va burchimizdir.
Manzura JOʻRAYEVA,
FarDUning Adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri, dotsent
Hamkorlik materiali