Jadidchilikni nega va qanday oʻrganishimiz kerak?

    Jadidchilik qay darajada oʻrganildi va bugungi kunda mutaxassislar oldida yechimini kutayotgan yana qanday dolzarb muammolar bor? Maʼrifatparvar jadidlar adabiy-ilmiy merosini qaysi mavzular kesimida va qay mezonlar asosida tadqiq qilish zarur?

    Buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan olgʻa surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni koʻz qorachigʻiday asrashga doimo daʼvat etib turadi.

    Shavkat Mirziyoyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

    Yaqin tariximizning eng eʼtiborli hodisalaridan biri, shubhasiz, jadidchilikdir. Prezidentimiz nutqlarida bu harakatning zamonamiz uchun nechogʻli muhimligiga urgʻu berib keladi. Bu bejiz emas. Yaqinda poytaxtimizda jadidchilikka bagʻishlab oʻtkazilgan nufuzli xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida ham davlatimiz rahbari jadidchilik harakatining Turkiston tarixida tutgan oʻrni hamda bugungi kun uchun ahamiyatiga alohida diqqat qaratdi.

    Jadidchilik qay darajada oʻrganildi va bugungi kunda mutaxassislar oldida yechimini kutayotgan yana qanday dolzarb muammolar bor? Maʼrifatparvar jadidlar adabiy-ilmiy merosini qaysi mavzular kesimida va qay mezonlar asosida tadqiq qilish zarur? Ular asarlaridagi qaysi gʻoyalardan bugungi avlod tarbiyasida foydalanish kerak? Bu kabi savollar jadidchilik va jadid adabiyotini tizimli va rejali asosda oʻrganish istiqbollarini belgilash uchun ham muhimdir.

    Koʻmilgan haqiqatlarning tirilishi

    Biz jadidchilik boʻyicha shu paytgacha bajarilgan ulkan va salmoqli ishlarni sinchiklab oʻrganish, shundan soʻng ularni munosib davom ettirish haqida oʻylashimiz kerak. Holbuki, oʻzbek va dunyo olimlari jadidchilik hamda jadid adabiyotini u shakllangan va takomilga erishgan XX asr avvalidanoq tadqiq qila boshlagan. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurahmon Saʼdiy, Olim Sharafiddinov, Otajon Hoshim, Vadud Mahmud, Ahmad Shukriy singari oʻzbek, Ismoilbek Gasprali, Zarif Bashiriy, Jalil Mamatqulizoda kabi qardosh adabiyotshunoslar, shuningdek, rus olimlaridan V.Bartold, A.Samoylovich va A.Pyaskovskiy tadqiqotlari shular jumlasidandir.

    Ilmiy haqiqat, ayniqsa, u oʻsha davrdagi hukmron tuzum tomonidan koʻmilgan boʻlsa, shunchaki yuzaga chiqib qolmaydi. Uni aniqlash, ustiga tortilgan tuproqni tozalash, oydinlashtirish uchun, taʼbir joiz boʻlsa, igna bilan quduq qazish — ulkan sabru bardosh hamda yuksak intellektual salohiyat zarur. Bu yoʻlga kirgan tadqiqotchi har qanday mehnatu mashaqqatga, qiyinchiligu zahmatga tayyor turishi kerak. Milliy adabiyotshunosligimizda jadid adabiyotini yangi mezonlarda oʻrganish murakkab va ziddiyatli bir davrda – shoʻrolar zamonida boshlangan. Bu yoʻnalishdagi tadqiqotlarning boshida ustoz olim Gʻulom Karimov turgan. Domla shogirdi Begali Qosimovga dastlab Toshkent jadidlaridan Mirmuhsin Fikriy ijodiy merosini nomzodlik dissertatsiyasi sifatida bergan. Keyin esa XX asr avvali jadid sheʼriyati tadqiqini doktorlik dissertatsiyasi doirasida oʻrganishni tavsiya etgan.

    Tabiiyki, u davrda jadidchilikni oʻz nomi bilan tadqiq qilish imkonsiz edi, yakkahukmron kommunistik mafkura bunga yoʻl bermasdi. “Qalovini topsang, qor ham yonar” deganlaridek, ustoz olim yoʻlini topgan — jadid sheʼriyatini “XX asr boshlari oʻzbek inqilobiy sheʼriyati” degan nom ostida tadqiq qilgan. Holbuki, oʻsha kezlari maktabdan oliy oʻquv yurtlarigacha — taʼlimning barcha boʻgʻinlarida XX asr avvali oʻzbek adabiyoti bor-yoʻgʻi toʻrt ijodkordan iborat, deb oʻrgatilgan. Ular — Zavqiy, Avaz Oʻtar, Hamza va Sadriddin Ayniy. Barchasi jabrdiyda, “sinfiy dushman” — mahalliy hukmdorlardan zulm koʻrgan. Begali Qosimov taʼbiri bilan aytganda, “Ayniy amir Sayid Olimxonning, Avaz Isfandiyorxonning, Zavqiy Ergash qoʻrboshining kaltagini yegani uchun. Bu mezon hozir kulgili, albatta. Lekin zamon shunga majbur qilgan”. Olim birlamchi qoʻlyozma va toshbosma manbalar hamda arxiv hujjatlari changini yutib, oʻsha davrda Turkistonda qizgʻin ijodiy muhit boʻlganini, 100 dan ortiq shoiru adib ijod bilan shugʻullanganini aniqladi. “Izlay-izlay topganim” monografiyasi shu tariqa yuzaga keldi.

    Oʻsha ogʻir zamonda jadidlarning milliy istiqlol uchun kurashgani haqida ochiq yozish katta jasorat talab qilgani shoʻrolar tuzumini bilgan har bir tafakkur egasiga ayon. Olim “inqilobiy” sheʼriyatni (aslida jadid sheʼriyatini) tahlil etar ekan, mana bunday yozadi: “Gap milliy ozodlik, mustaqillik haqida, har bir millatning oʻz erki bilan yashashi haqida ketyapti, albatta”. Bu fikrlar 1983-yili nashr etilgan kitobdan olindi (Demak, kamida undan ham toʻrt-besh yil avval yozilgan!). Shoʻrolar zamonini koʻrganlar oʻsha kezlari bunday soʻzlarni yozish qanchalik jasorat boʻlganini juda yaxshi anglaydi va his etadi.

    Olim istiqlol davrida bu boradagi ilmiy izlanishlarini yangicha gʻayrat va shijoat bilan davom ettirdi. Milliy universitetda jadidchilikni tadqiq qiladigan va oʻqitadigan milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasiga asos soldi. Jadidchilik va jadid adabiyoti boʻyicha ilmiy darajali shogirdlar yetishtirdi. Ular bilan birga jadid shoiru adiblar ijodini taʼlim tizimining barcha — oʻrta, oʻrta-maxsus va oliy taʼlim bosqichlari dasturlariga, darsliklariga olib kirdi. “Milliy uygʻonish: jasorat, maʼrifat, fidoyilik” monografiyasini nashr ettirdi. Oliy oʻquv yurtlari uchun “Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti” darsligi yaratilib, nashr etilishiga bosh-qosh boʻldi. Nemis olimasi Ingeborg Baldauf, yapon Xisao Komatsu, amerikalik Adib Xolid, bundan tashqari, turk, tatar va boshqa xalqlar olimlari bilan ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

    Yana bir fidoyi ustozimiz – akademik Naim Karimov jadidchilik va jadid adabiyotini oʻrganish boʻyicha katta ahamiyatga ega tadqiqotlarni amalga oshirdi. Arxiv materiallari asosida qatagʻon qilingan yuzlab shoiru adiblar merosini yuzaga chiqarish yoʻlida mehnatu zahmat chekdi. Faqat ilmu tafakkur bilangina emas, pok qalbi, ruhi bilan ham butun bilimi va salohiyatini jadidlar ijodini oʻrganishga bagʻishladi. Olimning “XX asr adabiyoti manzaralari”, “Adabiyot va ijtimoiy hayot”, “Uch buyuk siymo” singari oʻnlab kitoblari hamda yuzlab maqolalari tariximiz, adabiyotimizning xalqimiz uchun qorongʻi boʻlib kelayotgan haqiqatlarini oydinlashtirishda beqiyos oʻrin tutdi.

    Bundan tashqari, Boyboʻta Doʻstqorayev, Sherali Turdiyev singari zahmatkash olimlarimiz jadidchilikni oʻrganish boʻyicha salmoqli ishlar qildi. Bularni eʼtirof etmaslik insofdan boʻlmas. Chekkan zahmatlari, erishgan ilmiy natijalari uchun ustoz olimlar ruhi oldida qarzdormiz. Ular boshlagan ishni yuqori saviyada davom ettirishga burchlimiz.

    Bugungi kunda ham jadidchilik boʻyicha koʻplab adabiyotshunos va tarixchi olimlarimiz shugʻullanib kelayotir. Hali yoʻl uzoq va oldimizda fidoyi tadqiqotchilarini kutayotgan ilmiy muammolar yetarli.

    Yangi tadqiqotlar — hayotiy ehtiyoj

    Yangilangan davrimizda jadidshunoslik ijtimoiy fanlarning deyarli barchasini qamrab oldi. Adabiyotshunoslik bu borada peshqadam ekani ayon. Tilshunoslar, tarixchilar, taʼlim metodikasi mutaxassislari bu mavzuda ilmiy izlanishlar qilyapti. Jadidlarning iqtisodiyotni rivojlantirishga doir qarashlari oʻrganilganidan xabardormiz. Falsafa sohasida ham tadqiqotlar qilinayotir. Lekin hali tadqiqotchilarini kutayotgan mavzular oz emas. Shulardan biri jadidchilikning tamal toshi hisoblangan “yangi maktab gʻoyasi”.

    Jadidlar yaratgan darsliklar, ularning tarkibiy tuzilishi, oʻquvchilarning yosh xususiyatiga mos matnlar tanlanishi mezonlari, oʻqitish uslublari chuqur tadqiq qilinishi zarur. Biroq bu darsliklarning barchasi arab imlosida nashr etilgan. Buning uchun arab yozuvidagi manbalarni oʻqish va uqish malakasi talab etiladi. Birgina oʻqishning oʻzi kifoya qilmaydi, adabiy idrok, metodistga xos zako zarur. Bundan tashqari, oʻsha davr xususiyatlarini ham anglash kerak. Bu talablarga javob beradigan yagona mutaxassis professor Ulugʻbek Dolimovdir. U “Jadid maktablari: ularda ona tili va adabiyot oʻqitishning ilmiy-nazariy hamda amaliy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. “Maʼrifat dargʻalari”, “Turkistonda jadid maktablari”, “Milliy uygʻonish pedagogikasi” singari monografiyalar chop ettirdi.

    Toʻgʻri, bugungi kunda jadid pedagogikasi sohasida oʻnlab dissertatsiyalar himoya qilinyapti. Ammo bu davrga oid birlamchi manbalar asosida emas, bor maʼlumotlarni boshqacharoq shaklda ifodalash orqali. Faqat ilmiy daraja uchungina qilingan ish oʻzini hech bir zamonda oqlamaydi. Mutaxassis oʻzi tadqiq qilayotgan mavzuning ichida yashashi zarur. Jadidlarning avlod tarbiyasini millat tarbiyasi, deb hisoblagani eʼtiborga olinsa, bu yoʻnalishning nechogʻli muhim ekani ayon boʻladi.

    Ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini isloh etishni maqsad qilgan jadidlar Vatan va millat taraqqiysi yoʻlidagi ushbu harakatlarining moliyaviy taʼminoti uchun xayriya jamiyatlari tuzgan. Bu jamiyatlar xalqdan yigʻilgan ionalar, millat boylari xayriyalari hisobidan faoliyat yuritgan. Toshkentda “Turon”, Buxoroda “Tarbiyai atfol”, Qoʻqonda “Gʻayrat” xayriya jamiyatlari hamda 10 ga yaqin shirkat ana shu maqsadga xizmat qilgan. Bular barchasi, birinchi navbatda, usuli jadid maktablari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan edi.

    Bundan tashqari, faqir va muhtojlarni moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, yetimxonalar (jadidlar ularni “Doru-l-aytom” deb atagan) qurish, keksalar va nogironlar uchun shifoxona va ambulatoriyalar barpo etish maqsadlarini qoʻygan. Millat yoshlarini maktabda oʻqitish, eng iqtidorlilarini oliy taʼlim olishi uchun dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlariga yuborish bilan bogʻliq masalalar koʻzda tutilgan. Jadidlar taʼsis etgan nashriyotlar xarajatlari ham xayriya jamiyatlari hisobidan qoplangan. Masalan, Abdulla Avloniy oʻz tarjimayi holida “Turon” xayriya jamiyatining “Nashriyot”, “Maktab” shirkatlari haqida maʼlumot beradi. Maʼrifatparvarning “Hukumatdan ruxsat olmoq uchun bir yarim oy ovora boʻlmoqgʻa toʻgʻri keldi. Ikki marotaba bergan arizamiz rad qilinub, uchinchi marotabada ruxsat berdi. Men shul jamiyati xayriyaning muassis aʼzolarindan boʻlib, boshlab ochiluvida bir yil raislik xizmatin ado qildim. Andin soʻng to hurriyat davrigʻacha aʼzosi boʻlib maktablargʻa, yetim va gʻariblargʻa yordam qilib kelinur”, degan fikrlari buning isbotidir.

    Toshkent jadidlari rahnamosi Munavvarqori Abdurashidxonovning taʼkidlashicha, millat oydinlari xayriya jamiyatlari mablagʻlari evaziga “...Hech mumkin boʻlmagʻon zamonda chetgʻa oʻquvchilar yubordilar. Maktablarni oʻrta darajalargʻa qadar olib bordilar. Jamiyatlar chetga ketuvchi oʻquvchilarga, maktablarga moddiy va maʼnaviy yordam berarlik darajada kuchga ega boʻldi. Gazetalar afkori ommani qoʻlga olib, uch-toʻrt ming nusxa sotilaturgʻon martabaga yetdi... Hukumat rus-tuzem maktablarining “usuli jadid” maktablariga raqobat qilolmasligini bilib, isloh qildi...”.

    Abdurauf Fitrat va maslakdoshlari saʼy-harakatlari bilan 1909-yilda Istanbulda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) xayriya jamiyatining shoʻbasi sifatida “Buxoro taʼmimi (umumiy) maorif” jamiyati ish boshlagan. Bu jamiyat Turkiyada va, umuman, xorijda oʻqiyotgan turkistonlik talabalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullangan. Mana, xayriya jamiyatlari Vatan va millat uchun qanchalik darajada ahamiyatli ishlarni amalga oshirgan. Biroq ushbu xayriya jamiyatlari faoliyati tizimli oʻrganilgan emas. Ularning Turkiston tarixida, yosh avlod taʼlimi va tarbiyasida, oʻsha ogʻir va murakkab zamonda millatdoshlarimizning choʻkkan koʻngillarini obod qilish, nashriyotlar va kutubxonalar barpo etib, milliy maʼrifatni yuksaltirish yoʻlidagi keng qamrovli faoliyati hujjatli, izchil va mufassal tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.

    Tizimli oʻrganish zarur boʻlgan muammolardan yana biri XX asr boshlarida jadidlar taʼsis etgan milliy matbuot materiallarini jurnalistika, til va adabiyot, tarix hamda boshqa fanlar kontekstida tadqiq qilishdan iborat. Boyboʻta Doʻstqorayevning “Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligi va koʻplab ilmiy maqolalari ushbu masalaning ildizlari yoritilgani bilan ahamiyatli. Shogirdlariga Mahmudxoʻja Behbudiy, Hoji Muʼin va boshqa jadidlarning muharrirlik va publitsistik faoliyati boʻyicha mavzular berib, dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qildi. Olimlarimiz tomonidan “Al-Isloh”, “Oyna”, “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnallari, “Sadoi Turkiston” gazetasi boʻyicha alohida tadqiqotlar yaratildi. Lekin aksar matbuot nashrlari hanuzgacha monografik asosda tadqiq qilingan emas.

    XX asr avvalida garchi bugungidek texnika-texnologiya, internet imkoniyatlari boʻlmasa-da, turkiy dunyoning oʻzaro aloqalari benihoya tezkor va mustahkam edi. Eng ahamiyatlisi, butun turk dunyosi nigohi turkiy taraqqiyotning azaliy beshigi – Turkistonga qaratilgan edi. Bogʻchasaroyda Ismoilbek Gasprali muharrirligida nashr etilgan “Tarjimon” gazetasining Turkiston haqida material berilmagan biror soni boʻlmagan. Ismoilbekning “Mukolamai salotin” (“Sultonlar suhbati”) asari bosh qahramoni Sohibqiron Amir Temurdir. Muallif janrini “xayoliy hikoya” deb belgilagan ushbu asarda Turkistonning oʻsha zamondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyati teran badiiy talqin etilgan. Ushbu gazetada bosilgan “Dorur-rohat musulmonlari” asarining asosiy qahramoni Yevropada taʼlim olgani bois, Fransaviy nisbasini olgan asli toshkentlik Mulla Abbos edi. Ushbu obraz orqali Turkistonning hamda turkiy dunyoning ozodligi va mustaqilligi gʻoyalari tasvirlangan.

    Yoki Rizouddin Faxriddinning Orenburgda chop etilgan “Shoʻro” jurnali, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetasi asosiy diqqat markazi Turkistonga qaratilgani maʼlum. Jadidshunos Begali Qosimov isteʼdodli talabalaridan biriga “Shoʻro” jurnalida Turkiston mavzusi yoritilishi masalasini bundan chorak asr muqaddam diplom ishi sifatida oʻrganishni tavsiya etgan edi. Afsuski, bu ishlar oxiriga yetmay qolib ketdi. Ozarbayjon oydinlaridan Jalil Mamatqulizoda muharrirligida bosilgan rangli karikaturali “Mulla Nasriddin” hajviy jurnali Turkiston hayotini keng yoritgan. Qardosh xalqlar ziyolilari chop ettirgan ushbu matbuot nashrlarini Turkistonning oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayoti, jadidlarimizning jamiyatni isloh etish bilan bogʻliq qizgʻin faoliyati, turkiy dunyoning adabiy aloqalari nuqtayi nazaridan ilmiy asoslarda tizimli oʻrganish kun tartibida turgan dolzarb muammolardandir.

    Yana bir muhim masala jadidlarimizning Vatan ozodligi, millatni dunyoning mutaraqqiy xalqlari darajasiga koʻtarish orzusi — siyosiy maslagi hamda ijtimoiy faoliyatini tadqiq qilish zarurati bilan bogʻliq. Birgina misol. Jadidchilik harakati karvonboshisi Mahmudxoʻja Behbudiy 1907-yildayoq (Turkiston muxtoriyati eʼlon qilinishidan oʻn yil oldin!) “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi”ni tuzib, koʻrib chiqish uchun Rusiya Davlat dumasi musulmon fraksiyasiga taqdim etgan edi. Loyihani 2001-yili Haarlemda (Niderlandiya) nashr etilgan “Turkistonda yangilik harakatlari va ixtilollar. 1900-1924” toʻplamidagi matn asosida oʻzbek matbuotida ilk bor professor Begali Qosimov “Jahon adabiyoti” jurnalining 2003-yil 8-sonida eʼlon qilgan. Mana, Mahmudxoʻja Behbudiy mazkur loyihada nimalarni yozadi: “Millatimizi isteʼdodsiz va idorai doxiliya va aftonomiyani(ng) ijro va hifzigʻa qodir emas zan eduvchilar (gumon qiluvchilar), albatta, xato edarlar. Ovrupoyi rus musulmonlaridan ziyodaroq aftonimiyani Turkistongʻa berilmogʻi lozimdur. Azbaski (chunki), turkistonlilar hanuz doxilan oʻzini oʻzi idora edar. Va ovrupoyi Rusiyadagi qardoshlarimizdan ixtiyorlidurlar”. Eʼtirof etish zarur, “Turkistonga avtonomiya berilmogʻi lozim” ekani haqida Rusiya Davlat dumasiga murojaatnoma yozish, hatto uning bandma­band tuzilgan loyihasini taqdim etish oʻsha mustabid tuzum sharoitida ulkan jasorat edi.

    Behbudiy ilgari surgan talablar garchi “madaniy muxtoriyat” tarzida qoʻyilgan boʻlsa-da, siyosiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega edi. Loyihaning dastlabki bandidayoq “Davlat dumasi uchun Turkistonning adadi nufusi islomiyasigʻa (musulmon aholi soniga — N.J.) mutanosib vakil saylansun” deyilishi ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. 1907-yil yanvar-fevralida 2­Davlat dumasiga boʻlgan saylovda qariyb besh yarim millionlik tub joy aholidan 6, bir hovuch (322 ming) rusiyzabonlardan 7 kishi saylangani ham Behbudiyning “adadi nufusi islomiyagʻa mutanosib” (!) vakillar saylanishi haqidagi talabi nechogʻli oʻrinli boʻlgani dalilidir.

    Loyihaning qimmatli jihatlaridan yana biri shundaki, Behbudiy Davlat dumasiga Umumrusiya musulmonlari diniy va hayotiy ishlari boshqaruvining ancha mukammal tizimini tavsiya etadi. Uning fikricha, bu tizim quyidagicha boʻlishi kerak edi:

    — Peterburgda bir mahkamai islomiya barpo etilishi;

    — bu mahkamaga diniy va zamonaviy ilmga mohir muslim saylov asosida muayyan vaqt rahbarlik qilmogʻi;

    — bu muassasaning moddiy va maʼnaviy taʼminoti Rusiya musulmonlari ittifoqi aʼzolari hamda Davlat dumasidagi musulmon fraksiyasi vakillari maslahatiga asosan amalga oshirilmogʻi;

    — Toshkentda Turkiston idorai ruhoniya va doxiliyasi tashkil etilmogʻi, unga “birinchi daraja ulamo sinfidan shariat va zamondan xabardor kishi saylov ila besh yil muddatga tayinlanib, shayxulislom atalishi” zarurligi;

    — har bir viloyatda Turkiston idorai ruhoniya va doxiliyasining shuʼbasi va huquqiy hukm va talablarni oʻrniga keltiruvchi ijroiya mahkamasi tashkil etilishi kerak.

    Behbudiyning chinakam siyosatdonligi, hozirgi taʼbir bilan aytganda, tolerantligi yana shunda koʻrinadiki, u Turkiston idorai ruhoniya va doxiliya mahkamasi va shuʼbalarida faoliyat yurituvchi masʼul shaxslar tarkibi haqida aniq tavsiyalar berish barobarida oʻlkada yashovchi boshqa mazhab vakillari, shuningdek, oʻzga millatlar masalalarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi. Bu esa Behbudiy tuzgan “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi”da oʻlkada yashovchi oʻzga din va mazhabdagi kishilar huquqini ham toʻliq kafolatlash nazarda tutilganidan dalolat beradi. Bunday kengfikrlilik Behbudiy millat va milliyat masalalarini mezon deb bilar ekan, boshqalar huquqini kamsitishdan, azamattalablik (shovinistik) qarashlaridan ancha baland turganini koʻrsatadi.

    Loyihada, bundan tashqari, quyidagi eʼtiborga molik talablar ilgari surilgan:

    — qozixona doirasidagi barcha hujjatlar mahalliy tilda yozilishi;

    — Rusiya adliya mahkamalari sayloviga va undagi mansablarga saylanmoqqa turkistonlilar haqli boʻlishi;

    — Turkiston maishatidan xabarsiz yuristlarning Turkiston adliya mahkamalariga hokim etib tayinlanmasligi;

    — mavjud qattiq nizomlar va chinovniklarga berilgan hadsiz ixtiyor bekor qilinishi;

    — Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratidan ozod etilishi;

    — umumiy oʻrta va oliy maktablarga musulmonlardan komissiya tayinlanishi, rus harfini musulmon maktabiga joriy etmaslik;

    — Turkiston xalqi talab qilmaguncha Turkistonga muhojir yuborilmasligi;

    — Turkiston shaharlari ichidagi yerlar xoh muvaqqatan, xoh abadiy boʻlsun, oʻzgalarga berilmasligi.

    “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi” yozilgan davrdagi murakkab va ziddiyatli siyosiy vaziyat eʼtiborga olinsa, bunday talablarni qoʻyish, yana uni Davlat dumasiga taqdim etish chinakam vatanparvarlikni talab qilganini, Mahmudxoʻja Behbudiy Vatan va millat ozodligi, baxtu saodati yoʻlida har qanday sinovga tayyor boʻlganini his etish imkonini beradi.

    Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “Bobolarimizning “Boʻlsa boʻlar, boʻlmasa gʻovlab ketar” zamonlari oʻtub, oʻrniga “Bilgan bitar, bilmagan yitar” zamoni keldi”, deb yozadi. Bu fikrlar nainki oʻsha davr odamlarini, balki zamondoshlarimizni ham chuqur oʻylashga, ogoh boʻlishga chaqiradi. Yuqoridagi fakt va maʼlumotlar jadidchilik harakatini yangi maktab gʻoyasi, oydinlarimizning xayriya jamiyatlari tuzish va bu orqali millat yoshlarini ilmli-maʼrifatli qilish yoʻlidagi qizgʻin faoliyati nuqtayi nazaridan tizimli oʻrganish zaruratini kun tartibiga qoʻyadi. Milliy matbuot nashrlarini sahifama-sahifa, satrma-satr tahlil etmay, XX asr avvalidagi turkiy dunyo gazeta-jurnallarida Turkiston mavzusining yoritilish tendensiyalarini izchil tadqiq qilmay turib, jadidchilik harakati va jadid adabiyoti mohiyatini anglash mumkin emasligidan dalolat beradi. Maʼrifatparvar jadidlar ijtimoiy-siyosiy faoliyatini bugungi kun talablari darajasida oʻrganish va baholash hayotiy ehtiyoj ekanini anglatadi.

    Nurboy JABBOROV,

    filologiya fanlari doktori,

    professor.

    "Yangi O'zbekiston" gazetasi 2023-yil 19-dekabr, 263-son