“O‘zbekistonning energetika sohasini transformasiya qilish uchun innovasion uglerod resurslari” loyihasi Jahon bankining energetika sohasida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida shu turdagi birinchi loyihasidir. Shu asnoda loyiha doirasida taqdim etilayotgan 46 million 250 ming dollarlik grant mabglag‘lari energiya subsidiyalarini isloh qilish doirasidagi chora-tadbirlarni rag‘batlantirish uchun ishlatiladi. Ular energiya resurslari iste’molini va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga olib keladi.
Xususan, loyiha O‘zbekistonga “uglerod kreditlari”ni (CO2 tonna ekvivalentida o‘lchanadigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgan qismining miqdori) to‘plab borish va ularni xalqaro uglerod bozorlarida sotish imkonini beradi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda Parij kelishuvi doirasidagi birinchi shunday xalqaro tashabbus bo‘lib, mamlakatga jahon uglerod bozori mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradi. Yuqorida tilga olingan xalqaro kelishuvning maqsadi dunyoda issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish orqali global harorat ko‘tarilishini cheklashdan iborat.
Mamlakatning issiqxona gazlari emissiyasi dunyo miqyosida unchalik katta emas. Biroq, O‘zbekiston energiya intensivligi darajasi va shunga mos ravishda issiqxona gazlarining nisbiy emissiyasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. Ushbu holat shu bilan birga energiya ishlab chiqarish va uzatish sohasidagi yuqori subsidiyalar bilan ham izohlanadi.
Energetika sohasidagi bunday amaliyotning natijasi elektr va gaz uchun past tariflardir. Shu tariqa, energetika korxonalari tomonidan yetkazib beriladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar tegishli energiya ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun yetarli emas. O‘z navbatida, past tariflar energiya tejamkorlikni rag‘batlantirmaydi va uy xo‘jaliklari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni rag‘batlantirmaydi. Ular, shuningdek, energiya korxonalarining iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini cheklaydilar.
O‘zbekiston hukumati energiya tejashni rag‘batlantirish va energetika korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash choralarini ko‘rmoqda. Energetika subsidiyalarini isloh qilish tariflarni bosqichma-bosqich oshishiga olib keladi. Shu bilan birga, u kam daromadli iste’molchilarni manzilli ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, islohotning zaruriyati va kutilayotgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi keng tushuntirish kampaniyasi bilan birga olib boriladi.
Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi loyiha O‘zbekistonga issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida xalqaro majburiyatlarini bajarishga va xalqaro uglerod bozorlariga kirishga yordam beradi.
“Loyiha energetika sohasida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish va O‘zbekistonda toza energiya ishlab chiqarishga o‘tish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Uning doirasida tegishli institutlar, infratuzilma, tizimlar, jarayonlar, kasbiy-texnik salohiyat, shuningdek, Parij kelishuvida nazarda tutilgan uglerod bozori mexanizmlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yaratiladi va sinovdan o‘tkaziladi. Loyiha tadbirlari mamlakatni kelajakda bunday tashabbuslarni yanada kengroq amalga oshirishga tayyorlaydi”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Loyihani amalga oshirish doirasida 2028 yilgacha har yili O‘zbekistonga energiya subsidiyalarini isloh qilish natijalari uchun rag‘batlantiruvchi tadbirlar sifatida grant mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular emissiyalarni tasdiqlangan qisqarishi uchun ajratiladi.
Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida O‘zbekiston emissiyalarni taxminan 60 million tonnaga qisqartirishi mumkin. Shundan taxminan 2 – 2,5 million tonnasi loyiha doirasida sotib olinadi. Qolgan uglerod birliklarini O‘zbekiston loyiha davomida yaratilgan va sinovdan o‘tgan tizim va mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.
Loyiha Jahon bankining Uglerod aktivlarini transformasiya qilish jamg‘armasi (TCAF) tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi tashabbus hisoblanadi. TCAF rivojlanayotgan mamlakatlarga Parij kelishuvida belgilab qo‘yilgan emissiyalarni kamaytirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishida ko‘maklashadi. Uning faoliyati kelajakda Jahon banki va TCAFning boshqa benefisiarlari uchun namuna bo‘lib qoladi. Kanada, Germaniya, Norvegiya, Ispaniya, Shvesiya, Shveysariya va Buyuk Britaniya hukumatlari, shuningdek, "Climate Cent Foundation" (Shveysariya) fondi ushbu jamg‘armaning faoliyati uchun zarur moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdilar.
Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturlardan biridir. Hozirgi vaqtda uning doirasida qiymati qariyb 6 mlrd dollarlik moliyaviy majburiyatlari bo‘lgan 29 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni isloh qilishga va modernizasiya qilishga, fuqarolarning farovonligini oshirishga ko‘maklashadilar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga hissa qo‘shadilar.