Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 11 Avgust 2020 4681

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Soʻnggi uch yil mobaynida irrigatsiyani rivojlantirish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturlari doirasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 170,4 km irrigatsiya tizimlari kanallari, 145,2 km lotok tarmoqlari, 33 ta gidrotexnik inshootlar, 734 km kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

    Natijada 104 ming gektardan ortiq sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi, kuchli va oʻrtacha shoʻrlangan maydonlar 15,6 ming gektarga kamaydi, sizot suvlar sathi yer yuzasiga yaqin joylashgan maydonlar 28,6 ming gektarga qisqardi, 85 ming gektardan ortiq maydonning meliorativ holatini barqaror saqlashga erishildi.

    Shunga qaramasdan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 93,4 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti past darajada qolmoqda, 109 ming gektar sugʻoriladigan maydonlar oʻrtacha va kuchli shoʻrlangan.

    “Sardoba” suv ombori toʻgʻonidan suv toshishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aksariyat suv xoʻjaligi obyektlari, shuningdek, “Markaziy Mirzachoʻl” kollektori va unga quyuluvchi kollektorlar jiddiy talafot koʻrdi.

    Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida sugʻoriladigan yer maydonlarini suv bilan ishonchli taʼminlash, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini keng joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda ilm-fan yangiliklarini ishlab chiqarishga keng joriy etish va ilgʻor oʻqitish uslublarini qoʻllash maqsadida:

    1. Quyidagilar:

    2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash boʻyicha manzilli roʻyxatlar 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

    2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan irrigatsiya tizimlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining prognoz koʻrsatkichlari 3 va 4-ilovalarga muvofiq;

    2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv isteʼmolchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xoʻjaliklarining oʻz mablagʻlari hisobidan sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash va tiklash ishlarining prognoz koʻrsatkichlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq;

    2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz koʻrsatkichlari 7 va 8-ilovalarga muvofiq;

    Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish prognoz koʻrsatkichlari 9 va 10-ilovalarga muvofiq;

    Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi sugʻorish va drenaj quduqlari hamda meliorativ obyektlarda suvni nazorat qilish boʻyicha raqamli texnologiyalarni joriy qilishning prognoz koʻrsatkichlari 11 va 12-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    Suv xoʻjaligi vaziri, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hamda tumanlar hokimlariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

    2. Mazkur qarorning 1 va 2-ilovalaridagi loyihalar, shuningdek, 3 va 4-ilovalarida belgilangan prognoz koʻrsatkichlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalar:

    har bir loyihaning natijadorligi va maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, tegishli loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi;

    qiymati bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq boʻlgan har bir loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan soʻng Jizzax va Sirdaryo viloyatlari va tumanlar hokimliklari, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suv isteʼmolchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida hamda mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda muhokama etiladi va ularning ijobiy xulosasi asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi:

    mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga koʻra 2020-yilda amalga oshiriladigan loyihalarni 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturining 2020-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida hamda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirsin, kelgusi yillar uchun asosiy koʻrsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda Investitsiya dasturini shakllantirish jarayonida inobatga olsin;

    Davlat byudjetining 2020-yil parametrlari doirasida mazkur qarorning 7-12-ilovalaridagi 2020-yil uchun belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirsin, 2021-2023 yillar uchun belgilangan tadbirlarni kelgusi yillar Davlat byudjeti koʻrsatkichlarida oʻrnatilgan tartibda nazarda tutsin.

    4. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

    mazkur qarorning 3 va 4-ilovalarida belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi uchun talab etiladigan mablagʻlarni mahalliy byudjet hisobidan ajratib borsin;

    mazkur qarorning 5 va 6-ilovalarida belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishida suv isteʼmolchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xoʻjaliklariga koʻmaklashsin.

    5. Suv xoʻjaligi vazirligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

    mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga muvofiq tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar, shuningdek, 3 va 4-ilovalariga muvofiq tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlari doirasida obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini, bosh pudrat tashkilotlarining tender (tanlov) savdolari asosida aniqlanishini hamda qurilish ishlarining amalga oshirilishini tashkil qilsin va qatʼiy nazoratga olsin;

    obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, tender tanlovlarini oʻtkazish jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash hisobiga obyektlarning qiymatini maqbullashtirish choralarini koʻrsin;

    loyihalarni amalga oshirish doirasida zarur asbob-uskuna, xom ashyo, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallarining mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinishini taʼminlasin (mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun);

    energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash hamda obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini keng jalb qilishga alohida eʼtibor qaratsin.

    6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyevga tasdiqlangan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash ishlari loyihalarining manzilli roʻyxatlariga zarur hollarda qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

    7. 2021-yildan boshlab irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash boʻyicha ustuvor loyihalarni tanlash va amalga oshirishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga koʻra:

    ustuvor loyihalar boʻyicha takliflar suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi, geologiya, yer tuzish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlar, shuningdek, manfaatdor fermer va klasterlar ishtirokida joyida har bir hududning suv taʼminoti, yerlarning meliorativ holati va boshqa oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan hamda muammolar tahlilini qilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda shakllantiriladi;

    ustuvor loyihalar boʻyicha takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlarida muhokama qilinadi va maʼqullangandan soʻng belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

    har bir loyihaning amalga oshirilishi holati tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

    8. Belgilansinki, mazkur qarorning 1 va 2-ilovalarida nazarda tutilgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning 3 foizigacha boʻlgan qismi tuziladigan shartnomalar asosida ushbu loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash uchun yoʻnaltiriladi.

    Mazkur loyihalarga biriktirilgan ilmiy xodimlar tegishli oliy taʼlim muassasalarining doktorant, magistrant hamda iqtidorli talabalarini jalb qilgan holda:

    loyihalarni amalga oshirishning eng muqobil yoʻlini tanlash va texnik topshiriqlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

    obyektlarning loyihaoldi birlamchi hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etadi;

    bosh loyiha tashkiloti tomonidan taqdim qilingan loyiha-qidiruv ishlari, materiallar va hisob-kitoblarni hamda qabul qilinayotgan texnologik yechimlarni ilmiy-texnik jihatdan asoslanganligini, zamonaviy qurilish materiallari, resurs tejamkor texnologiyalar va texnikaning qoʻllanilishini tahlil qiladi, tegishli xulosalar va takliflar tayyorlaydi;

    qurilish ishlarining tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq va sifatli bajarilishini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlab boradi;

    qurilishi yakunlangan obyektlarni belgilangan tartibda foydalanishga topshirishda ishtirok etadi va buyurtmachiga oʻzining xulosasini beradi.

    9. Irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash boʻyicha Ishchi guruh tarkibi (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruhi) 13-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Ishchi guruhiga (Oʻ.P.Umurzakov) mazkur qarorning 1 va 2-ilovalarida nazarda tutilgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash yuklatilsin. Bunda, Ishchi guruhining vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

    mazkur qarorning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan ilmiy xodimlar tomonidan loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashni tashkil etish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

    har bir loyihaning oʻziga xosligi va xususiyatidan kelib chiqib, resurs tejamkor va axborot texnologiyalari qoʻllanilishi boʻyicha xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

    biriktirilgan ilmiy xodimlarning takliflarini umumlashtirgan holda suv xoʻjaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, suvni tejovchi texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni, suv xoʻjaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish boʻyicha ilmiy va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishni tashkil qilish;

    ilmiy-texnika yutuqlarini chop etish hamda ommaviy-axborot vositalari orqali targʻib qilish, seminarlar, respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlar tashkil qilish;

    suv xoʻjaligi loyihalarini ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash boʻyicha Jizzax va Sirdaryo viloyatlari tajribasini boshqa turdosh oliy taʼlim muassasalarini jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

    10. 2020/2021 oʻquv yilida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (keyingi oʻrinlarda – Institut) tahsil olayotgan talabalarning yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyoti eksperiment tariqasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida quyidagi tartibda tashkil qilinsin:

    a) talabalarning yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyoti Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Institut bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadval va dastur asosida ixtisoslashgan kafedralarning professor-oʻqituvchilari rahbarligida mazkur qarorning 1-4-ilovalarida nazarda tutilgan obyektlarda, shuningdek, buyurtmachi, pudratchi va suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlarida oʻtkaziladi;

    b) malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilishda:

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda talabalarni hududlarga olib boradi, joylashtiradi va zarur sharoitlarni yaratadi;

    loyihalarning buyurtmachisi, bosh pudratchi va suv xoʻjaligi ekspluatatsiya tashkilotlari talabalarni qurilish va suv xoʻjaligi obyektlariga davriy ravishda olib chiqadi, ularga loyiha-smeta va qurilish nazorati hujjatlaridan foydalanishga hamda zamonaviy qurilish va suvni oqilona boshqarish uslublari, texnikasi va texnologiyalarini chuqur oʻrganishlari uchun amaliy sharoit yaratadi.

    11. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalarining 2020/2021 oʻquv yilida yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash davrida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash loyihalarida ishtirokini taʼminlash jadvali 14-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Suv xoʻjaligi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi Doʻstlik Suv xoʻjaligi va melioratsiya kolleji hamda Guliston davlat universiteti huzuridagi Oqoltin sanoat texnikumida Institut talabalarining yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilsin.

    12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev:

    a) loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash boʻyicha:

    mazkur qarorning 8-bandida nazarda tutilgan loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashga mablagʻlarni yoʻnaltirib borsin;

    har chorakda Ishchi guruhining taklif va tavsiyalari asosida suv xoʻjaligi tashkilotlarining taʼlim va ilmiy muassasalar bilan oʻzaro integratsiyasini kuchaytirish, ilm-fan yutuqlarini va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish choralarini koʻrib borsin;

    b) Institut talabalarining yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan obyektlarning qiymatini maqbullashtirishdan boʻshaydigan mablagʻlar hamda 8-bandida nazarda tutilgan loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar doirasida tashkillashtirsin.

    13. Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar suv xoʻjaligi obyektlarini raqamli texnologiyalar asosida monitoring qilish boʻyicha dasturiy taʼminot ishlab chiqilishini va amaliyotga tatbiq etilishini taʼminlasin.

    14. Suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari hamda Ishchi guruhi bilan birgalikda soha olim va mutaxassislarini jalb qilgan holda ikki oy muddatda “Markaziy Mirzachoʻl” kollektori va unga quyuluvchi kollektorlar tizimining texnik holatini joyida oʻrganib, ularni tiklash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    15. Innovatsion rivojlanish vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi taklifiga asosan sohaning mavjud muammolarini va real ehtiyojlarini hamda hududiy muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan tartibda tanlovlar oʻtkazsin.

    16. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari:

    Paxtakor hamda Xovos tumanlarida ilgʻor agroklasterlarni jalb qilgan holda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida namunali avtomatlashtirilgan sugʻorish uchastkalarini tashkil qilish choralarini koʻrsin. Bunda Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi namunali uchastkalarni tashkil qilishda har tomonlama uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin;

    3 kun muddatda mazkur qarorni samarali ijro etishga doir masalalarni xalq deputatlari viloyatlar hamda tuman (shahar)lar Kengashlarida muhokama qilsin va tegishli qaror qabul qilsin.

    17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

    Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2021-yil 1-yanvar va 1-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti


    Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri, 2020-yil 11-avgust