JSST tomonidan keksalikni sog‘lom va zavqli o‘tkazish uchun tavsiyalar ishlab chiqildi

    Dunyoda demokrafik o‘zgarishlar jarayoni ancha jadallashgan. Masalan, Yevropa qit’asida kelgusi yili 65 yoshdan oshgan fuqarolar soni 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar sonidan oshishi prognoz qilinyapti. 

    O‘z navbatida, pensionerlar safi chorak barobar ko‘payishi kutilmoqda. “Ko‘hna qit’a” aholisining bunday “tez qarishi” keksa avlod vakillari salomatligi bilan bog‘liq yangi tavsiyalar ishlab chiqilishi uchun asos bo‘lyapti.

    Xususan, JSST tomonidan e’lon qilingan yangi hisobot shu mavzuga taalluqli bo‘ldi.

    Unda keltirilishicha, keksalikni sog‘lom va zavqli o‘tkazish uchun, avvalo, osh tuz iste’molini kamaytirish hamda transyog‘lar va shakar tanavvulini cheklash kerak.

    Chunki dunyo bo‘yicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni ko‘payishiga olib kelyapti.

    Qolaversa, 65 yoshdan oshgan odamlar haftasiga kamida ikki yarim soat o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari kerak.

    Negaki, kamharakatlik oqibatida dunyo bo‘yicha yiliga 5 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Eng yomoni, kelgusida bu ko‘rsatkichlar yanada ortishi mumkin.

    Vaholanki, olimlar kuniga 11 daqiqa piyoda yurish erta o‘lim xavfini 10 foizga kamaytirishini tadqiq etgan.

    Haftada kamida ikki kun mushaklarni chiniqtiruvchi mashg‘ulotlarni bajarish ham organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi.

    Surunkali xastaliklardan aziyat chekayotganlar ham imkon qadar jismoniy faollik asosida hayot kechirishlari foydali.