Hozirgi zamonda insoniyat hayotining bosh xususiyati muttasil oʻzgarishlardan iborat boʻlib qolmoqda. Bu oʻzgarishlar misli koʻrilmagan shiddatli surʼatlarda kechayotgani davr va zamonning yana bir xos xususiyatidir. Ana shu shiddatli oʻzgarishlarning bosh sababchisi AXBOROT ekani esa allaqachon dunyo afkor ommasi tomonidan eʼtirof etilgan.
Axborot odamni, dunyoqarashlarni, anʼanayu qadriyatlarni, xalqni, jamiyatni, davlat tutumlarini oʻzgartirmoqda. Muloqotlaru munosabatlarni mutlaqo kutilmagan va favqulodda oʻzanlarga burib yubormoqda. Zamondoshlarimizning bugungi kuni, ertasi va istiqboli ularning axborotga, axborot oqimiga munosabatidan kelib chiqib belgilanmoqda.
Vaziyat va holatning paradoksal darajada ajabtovurligini qarangki, dunyoni va odamni oʻzgartirayotgan axborotning va axborot dunyosining oʻzi ham oʻzgarishga, yangilanishga yuz tutmoqda.
Odatda dunyo mamlakatlari uch toifaga – taraqqiy topgan, rivojlanayotgan va rivojlanmagan davlatlarga tabaqalashtiriladi. Endi bu tabaqalashtirishda axborotlashtirish qay darajada ekani eng muhim va zarur koʻrsatkichlardan biriga aylanib bormoqda. Chunki aholining axborot olish va tarqatish imkoniyati jamiyatda ijtimoiy komillik poydevori boʻlmish emin-erkin fikrlash muhiti yaratilganidan dalolatdir.
Hozirga kelib birorta davlat global axborot oqimidan chetda qolmagan, desak yanglishmaymiz, zero, zamonaviy texnologiya vositalari oldida hech qanday toʻsiq-chegara qolmadi hisob. Binobarin, har qanday katta-kichik, muhim-nomuhim axborot istalgan lahzada dunyoga tarqalishi mumkinligi hech kimni hayratlantirmay qoʻydi.
Dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni, nufuzi va salohiyatiga ega boʻla borayotgan yangi Oʻzbekiston global axborot maydonida kechayotgan jarayonlarning birortasidan chetda qolayotgani yoʻq. Bu holat axborot va matbuot tushunchalari yangilanayotganida, jurnalistika jadal evrilishga yuz tutayotganida, ommaviy kommunikatsiya-muloqot odamlar hayotining ajralmas boʻgʻiniga aylana borayotganida, anʼanaviy va zamonaviy ommaviy axborot vositalari, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi tafovutlar soha egalarini raqobat maydoniga chorlayotganida va hokazolarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Matbuot, ommaviy axborot vositalari yoki jurnalistika deganda ortiqcha izohga zarurat qolmasdi. Zamonaviy elektron ommaviy axborot vositalari imkoniyatlari kengaygani, xususan, internet tarmogʻi ommalashgani sayin ommaviy kommunikatsiya vositalari (OKV) tushunchasi sohada peshqadamlikni qoʻlga ola boshladi. Zamonaviy erkin jamiyatda ommaviy kommunikatsiya, yaʼni ommaviy muloqot ehtiyoji shu qadar keng quloch yozmoqdaki, uning miqyosi, koʻlami, ahamiyatiyu muammolarini tasvirlash uchun jild-jild kitob ozlik qiladi. Fikrimizni Vatanimiz misolida izohlaydigan boʻlsak, keyingi 5-6 yilda xalqimiz hayotida misli koʻrilmagan ommaviy muloqot muhiti vujudga keldi. Xolis aytiladigan boʻlsa, bir yarim asrlik milliy matbuot va axborot maydonimiz hozirgidek emin-erkinlikni bilmagan, koʻrmagan, kuzatmagan.
Butun bashariyat turish-turmushini boshqarayotgan ommaviy muloqot fenomeni haqida soʻz borar ekan, bundan 4 yil muqaddam mamlakatimizda Prezident qarori bilan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil topganiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Mazkur voqea davlatimiz rahbarining hayotimizdagi har qanday maqsadu maslak, avvalo, ilm-fanga asoslanmogʻi zarur, degan konseptual qarashining yana bir timsolidir. Zero, malakali soha sohiblarini tayyorlash asnosida hayot peshma-pesh koʻndalang qoʻyayotgan muammolarning ilmiy yechimlarini oʻz vaqtida topish, ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish salohiyatli mutaxassislar safini mustahkamlashni taqozo etadi. Oʻtgan qisqa fursatda ushbu oliy ilmiy dargohda yosh va iqtidorli olim va olimalar yetishib chiqayotgani kutilgan samara berayotganidan dalolatdir.
Internet nashrlar, chunonchi, ijtimoiy tarmoqlar milliy axborot maydoni minbariga aylangani va shu bilan bogʻliq ravishda turfa muammolar vujudga kelayotganiga tabiiy jarayon sifatida qaralmogʻi darkor. Avvalo, bu holat keng aholi qatlami uchun mutlaqo yangi voqelik. Mobil telefon imkoniyatlari kattayu kichikni ommaviy muloqot subyektiga aylantirib ulgurdi hisob. Oʻtgan asrda yashagan mashhur Marshall Maklyuen (Kanada) bashorat qilganidek, bugungi kunga kelib, mobil telefondek yangi ommaviy axborot vositasi oʻz egalarini oʻziga xos imtihondan oʻtkazmoqda. Telefon orqali salomlashish, suhbatlashish, fikr aytish, mulohaza yuritish, axborot joʻnatish, bahslashish madaniyatini, odobini, mahoratini nechogʻli egallagansiz, degan savollarga tutmoqda. Hozirgi yaratilgan axborot erkinligi muhiti har bir vatandoshimiz, millatdoshimiz oldiga mana shu singari koʻplab savollarga maʼrifatli javob qaytara olishdek gʻoyatda muhim vazifani koʻndalang qoʻymoqda.
Fanda insoniyat tarixi qishloq xoʻjaligi tamaddunini, sanoat tamaddunini bosib oʻtgan, hozir axborot tamaddunini boshdan kechirmoqda, degan qarashlar mavjud. Mazkur qarash mantiqiy davom ettirilsa, hamonki, bashariyatning porloq istiqboli orzusida yashar ekanmiz, axborot odobi, madaniyati deb atalmish navbatdagi toʻrtinchi toʻlqin-tamaddunga kirib borish ehtiyoji tobora yaqqolroq ayon boʻlib bormoqda. Oʻylaymizki, maʼrifatli sogʻlom tafakkur bunga qodir.
Jahon axborot maydoniga xos boʻlgan holatlardan biri, yaʼni yangi-yangi ommaviy axborot vositalari vujudga kelishi mamlakatimizda ham sohaning ichki raqobatini kuchaytirib yubormoqda. Har qanday ommaviy axborot vositasi, birinchi navbatda, ommaviylik uchun kurashadi. Buning ham iqtisodiy, ham maʼnaviy, ham imij – obroʻ-eʼtibor nuqtayi nazaridan hech qanday ajablanarli joyi yoʻq. Mazkur raqobat maydonida, ayni pallada, bosma ommaviy axborot vositalari birmuncha murakkab ahvolga tushib qolayotgani ham bor gap.
Gazeta va jurnalning asosiy yashash manbai boʻlmish obuna tizimi izdan chiqdi. Doimiy oʻquvchilar boy berildi. Buning oqibatida koʻplab gazeta-jurnallar faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻldi. Nima qilmoq kerak, degan savol tobora jiddiy tus olmoqda. Jonkuyar mualliflarimizning bu boradagi turfa mulohazalari matbuotimiz sahifalarida bosilmoqda. Konkret amaliy choralar izlanmoqda.
Fikrimizcha, koʻndalang boʻlib qolayotgan muammolar yechimini topish, jumladan, bosma va elektron nashrlar hayotini saqlab qolishning ichki va tashqi sabablari mavjud. Ichki sababning bosh muammosi bitta: har qaysi ommaviy axborot vositasi oʻz zimmasidagi sharafli missiyani ado etmogʻi kerak! Talablar oʻzgarmoqdami – oʻzgaraylik, raqobat kuchaymoqdami – raqobatbardosh boʻlaylik! Muxlislar qalbiga, eʼtirofu eʼzoziga olib boruvchi maʼrifat yoʻllarini qayta ochaylik!
Hayotini Uchinchi Renessans orzusida qayta boshdan bunyod etishga kirishgan jamiyatimizda davom etayotgan islohotlarga toʻgʻanoq boʻlayotgan muammolar har qadamda matbuotchilarni, oʻtkir qalamli jurnalistlarni intizorlik bilan kutib turibdi. Davlatimiz rahbari barcha chiqishlarida xalqni, odamlarni rozi qilish oliy burchimiz ekanini takror-takror uqdirmoqda. Har bir nashr oʻz yoʻnalishi boʻyicha ana shu muqaddas vazifani ado etmogʻi yoʻlida saʼy-harakat koʻrsatmogʻi mumkin.
Ochigʻini aytsak, yaqin chorak asr mobaynida oʻz qoʻlimiz va ixtiyorimiz bilan boy bergan imkoniyatlarimiz talaygina. Chunonchi, matbuotning, jumladan, gazeta, jurnal, radio, televideniyedek eng anʼanaviy va eng taʼsirchan vositalarning keng omma nazaridagi obroʻ-eʼtibori birmuncha pasaydi. Ommaboplik istagidagi ommaviy nashrlarga boʻlgan ommaviy ishonch yoʻqola bordi. Keng omma bilan matbuot oʻrtasida uzilish, uzoqlashish roʻy berdi. Matbuot oʻz zimmasidagi muqaddas missiyani bajarmay qoʻydi. Xuddi shunday uzilish, uzoqlashish va begonalashish jarayoni chuqurlasha borayotgan bir paytda sahnaga elektron axborot vositalari kirib keldi va yashin tezligida ommaning ongini, ixtiyorini... qoʻl-oyogʻini ishgʻol etdi.
Ommaviy axborot maydonida bloger ismli yangi figura paydo boʻldi.
Bloger jurnalistmi, jurnalist emasmi, degan mavzudagi bahs-munozaralar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Aslida bu u qadar favqulodda hodisa emas. Blogerlik jurnalistikasi hozirgi talotoʻp hayot taqozosi, mevasi, xolos. Unga ixlos qoʻygan-ishonganlar bor, shubha va istehzo bilan qarovchilar ham bor. Bu borada ham har kimning ixtiyori oʻzida.
Oʻtgan asr oxirlarida Yevropa davlatlari matbuotida faoliyat yuritadigan zalvorli jurnalistlarning bir nechtalab yordamchi muxbiri boʻlgan. Ular oʻzlari maqola yozolmaganlar, balki atoqli jurnalistlarning qoʻli, oyogʻi, qulogʻi vazifasini oʻtashgan. Joylardan yangi axborotlar topib, zudlik bilan jurnalistga uzatishgan. Jurnalist olingan axborotlar, faktlar asosida sharhlar, tahlillar, tanqidlar va hokazolar yozgan. Hozir bizda ommalashayotgan blogerlarni oʻsha yordamchi muxbirlarga oʻxshatish mumkin, faqat bizning blogerlar “topgan-tutgan”larini oʻzlari, mustaqil ravishda, zudlik bilan ommalashtirmoqdalar. Tabiiy, sohaning sir-asrorini, past-balandini, stixiyasini bilgan, tushungan odam nazarida bloger jurnalist emas, ammo-lekin hozirgi axborot almashish surʼati shiddatli tus olgan bir zamonda jurnalist qalamini charxlaguniga qadar bloger oshni pishirib, dasturxonga tortishga ulgurmoqda. Boshqacha aytganda, “Yangilik tarqatildimi, vassalom, vazifamizni oʻtadik!” uslubi hozirgi zamon jurnalistikasi “ob-havo”sini belgilab bermoqda. Vaholanki, birlamchi axborot tarqatish jurnalistikaning boshlanishi, ibtidosi, xolos. Haqiqiy jurnalistika tahlil qiladi, tadqiq etadi, sharhlaydi, fikrlashga undaydi, dunyoqarashlarni shakllantiradi, yoʻnaltiradi, zavq-shavq bagʻishlaydi. Bunday koʻlamli vazifani faqat va faqat bosma nashrlar – gazeta va jurnal sahifalarida chop etiladigan, mahorat bilan yozilgan, salmoqli maqolalar zimmasiga olishi mumkin.
Ayrim ziyolilarimizning “Gazeta oʻz vazifasini oʻtab boʻldi, unga ehtiyoj qolmadi”, degan aqidasini ochiq-oshkor aytishlari ham jamiyatimizda qaror topayotgan soʻz hurligi “mevasi”, oʻziga xos yangilik. Avvalo, fikr va soʻz erkinligiga daxl koʻrsatishdan yiroqmiz. Lekin oʻz maʼnaviy dunyosining gʻaribligi, intellektual zaiflik ifodasi oʻlaroq qilinayotgan hasrat oʻrnida talqin etish mumkin boʻlgan bu singari izhorlarni eʼtiborsiz qoldirish gumanistik gʻoyalarga zid deb oʻylaymiz. Bot-bot eslatishga burchlimiz: gazeta oʻz umrini oʻtab boʻldi, degan soʻz kitob oʻz umrini oʻtab boʻldi, deganidir! Non yemay ham yashash mumkin, deganidir! Yuz yillar mobaynida taʼlim-tarbiya bergan ustoz muallimdan yuz oʻgirish demakdir!
Gazeta ham – zar, zarning qadrini esa zargar biladi
Bir oʻlmas haqiqatni takrorlashdan tolmaymiz: elektron nashrlarning moʻjizalarga boy imkoniyatlari nechogʻli eʼtirof etilmasin, ularning hech biri bosma nashrlar salmogʻi oʻrnini bosmaydi, bosolmaydi. Axborot turli manbalardan olinishi mumkin, fikr-tafakkur esa gazetadan – bevosita mutolaa orqali olinadi. Ijtimoiy fikr gazeta orqali charxlanadi, boyitiladi, kamolga yetadi. Gazeta – tarixiy solnoma, uni yuz yildan keyin ham koʻzga surtib oʻqishadi.
Sohaga doir amaldagi qonunlarda muassis huquqlari aniq-tiniq belgilab qoʻyilgan. Chunonchi, muassis oʻz nashrining doimiy faoliyati uchun javobgar hisoblanadi, xususan, moliyaviy qiyin holatlarda joniga ora kiradi. Nazarimizda mazkur huquqiy asosni jiddiy takomillashtirish payti kelgandek. Tuman gazetalaridan tortib, tarmoq va soha nashrlarigacha muassis bilan munosabatlari atroflicha va taʼsirchan yoʻlga solinmogʻi darkor. Shu maʼnoda, bir muddat faoliyatdan toʻxtab qolgan “Yoshlar ovozi” gazetasi muassis – Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi yordami bilan qayta chop etila boshlangani ibratli voqea boʻldi.
Jurnalistika – ijodiy jarayon maydoni, jurnalist – ijodkor shaxs. Tarixga nazar tashlansa, qachon va qayerda boʻlmasin, matbuot muayyan qarama-qarshiliklar olamida yashagan, faoliyat yuritgan. Ana shunday eng murakkab sharoitlarda ham jurnalistikani va jurnalistni ijodiy mahorat qutqargan. Xaloskor kuch – ijodiy mahoratda! Soʻzdan qudratli kuch yoʻq. Munosabatlar, muloqotlar “changalzori”da eng toʻgʻri yoʻlni topish ham, eng maʼqul yechim topish ham soʻzning zimmasiga tushadi. Soʻz esa qalami oʻtkir, mahoratli ijodkor jurnalistga boʻysunadi, uning izmida, ilkida hayotbaxsh, jangovar qurolga aylanadi.
Yangi Oʻzbekistonimizda shakllanayotgan, toblanayotgan yangi jurnalistika, yangi matbuot va yangi jurnalistlar avlodi hayot va zamon koʻndalang qoʻyayotgan har qanday muammoning oqilona yechimini topa oladilar, deb ishonamiz. Zero, matbuot va jurnalistika – matonatlilar, topqirlar, zukkolar maydoni!
Xurshid DOʻSTMUHAMMAD,
filologiya fanlari doktori, professor