“Kar`era kuni” talabalarni ish bilan taminlamoqda

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 2023-2024-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi.

    Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Akademiya rektori oʻz nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini eʼtirof etdi.

    Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan.

    Unda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yoʻnalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.

    Darhaqiqat, yoshlar – ertamiz egalari. Bu borada Prezidentimiz yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini taʼminlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesdir”, deb taʼkidlaganlari bejiz emas.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini 2023-2024-oʻquv yilida 286 nafar talaba bakalavriat va 81 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 dan ziyod kafedralar faoliyat yuritmoqda.

    Hamkor tashkilotlar koʻlami esa yil sayin koʻpayib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, Akademiya va tashkilotlar oʻrtasida 130 dan ortiq hamkorlik boʻyicha memorandum va shartnomalar imzolangan.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 2022-yilgi respublika oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati boʻyicha – 1-oʻrinni, ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha OTMlar reytingida ham 1-oʻrinni egalladi.

    Oliy taʼlim muassasalarining faoliyati natijalari boʻyicha milliy reytingida esa Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida koʻplab yangiliklar amalga oshirildi.

    Talaba-yoshlar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.

    Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida hozirda koʻplab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.

    Rasmiy marosimlardan soʻng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 50 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Milliy arxivi, Toshkentdagi Webster universiteti, Yangi asr universiteti, Oriyental universiteti va boshqa koʻplab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdilar.

    Shu yerning oʻzida talabalarning 70 ga yaqin ish beruvchi tashkilotlar bilan mehnat shartnomalari imzolandi.

    Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomi hisoblanadi.

    Zuhra MELIBOYEVA,

    talaba