Kasallikni davolagandan ko'ra, uning oldini olish muhim

    Sovuq kunlar tushishi bilan turli viruslar berkinib yotgan “ini”dan chiqib, immuniteti past insonlarga yopisha boshlaydi. Bunday viruslarning hozirgi kunda eng ko'p tarqalgan turi gripp kasalligidir.

    To'g'ri, ko'pchiligimiz “oddiy grippda, biroz sabr qilsak o'tib ketadi”, deb e'tibor bermaymiz, o'zimizcha mustaqil davolanib, kasallikni yengishga harakat qilamiz. Aslida bu yo'l mutlaqo noto'g'ri. Chunki, bunday vaziyatda kasallik tuzalsa ham, uning asoratlari organizimda qolib ketishi mumkin. Keyinchalik esa uning salbiy tomonlari o'zini ko'rsata boshlaydi.

    Ushbu kasallikning oldini olish va u yuqgan taqdirda ham asoratlari qolmasligining eng asosiy yo'llaridan biri bu vaksina, ya'ni vaqtida emlashdir. Xo'sh, gripp qanday kasallik, uning salbiy asoratlari qanday, inson organizimidan qancha vaqtda chiqib ketadi, vaksina va uning afzalliklari nimada?

    Mavzuga doir shu kabi dolzarb savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi boshqarma boshlig'i Rustamjon Ikramovga yuzlandik.

    – Gripp – bu insoniyat kasallanishida yetakchi o'rinni egallovchi yuqumli kasallik hisoblanadi, – deydi Rustamjon Ikramov. – Odamlarda grippni 2 turdagi viruslar A va V turi, bundan tashqari S virusi ham qo'zg'atishi mumkin. Gripp eng keng va tez tarqaladigan o'tkir yukumli kasallik bo'lib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos bo'lib, asosan kuz va qish oylarida ko'p holatda ro'yxatga olinadi.

    Gripp kasalligi ko'rsatkichlarini mavsumiy ko'tarilishi yilning noyabr - mart oylariga to'g'ri keladi. Gripp epidemik jarayoni rivojlanishida kasallik qo'zg'atuvchisi manbai, kasallikning og'ir va yengil turi bilan og'rigan bemor hisoblanadi.

    Kasallik yuqqandan so'ng qisqa yashirin davr (kasallikning yashirin davri 3 kungacha) kechadi. Yashirin davr tugagandan so'ng kataral o'zgarishlar rivojlanishi bilan nafas yo'llari orqali qo'zg'atuvchining tashqi muhitga ajralishi kuzatiladi.

    Kasallik atrofdagi sog'lom odamlarga asosan havo-tomchi yo'li bilan bemor aksirganda, yo'talganda, gaplashganda tez yuqadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog'lom odamga tezda yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari paydo bo'lgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt o'tadi. Kasallik to'satdan, o'tkir boshlanadi.

    Virusologik va epidemiologik ma'lumotlarga ko'ra bemor kasallikning birinchi belgilari namoyon bo'lishi bilan tashqaridagilar uchun xavfli hisoblanadi va 3-5 kun davomida bu xavflilik saqlanadi. 90% bemorlar shu davr oxiriga kelib epidemik ahamiyatini yo'qotadi. 10% bemorlargina virusni tashqariga chiqarishni davom ettiradi va bu holat 6 haftagacha davom etishi mumkin.

    Gripp nafas yo'llarini yallig'lanishi bilan boshlanib, keyinchanlik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko'tarilishi, bosh va tomoq og'rishi, burun bitishi, burundan suyuklik ajralishi, yo'tal, mushaklarda og'riq, holsizlik, ishtahani buzilishi ba'zi hollarda qusish xolatlari kuzatiladi. Kasallik bemorlarda engil, o'rta va og'ir shakllarda kechadi. Kasallikning eng xafli asoratlari o'pka to'qimalarini yallig'lanishi pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasining yallig'lanishi), meningoentsefalit (miya pardasini va moddasining yallig'lanishi), otit (o'rta quloqning yallig'lanishi, sinusit (burun yondosh bo'shliklarning yallig'lanishi), nefrit, pielonefrit (buyrakning yallig'lanishi).

    Grippning yengil shakllari bilan og'rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko'proq xavf tug'diradi, chunki bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada e'tibor bermay, oyoqda o'tkazadilar. Ularni kasal holatida jamoat joylarda, barcha trasportlarda, o'qish va ish joylarda uchratish mumkin.

    Gripp va O'RVI yosh, jins, irq tanlamagan holda barcha uchun birdek xavfli. Shunga qaramay, uni yuqtirishda asosiy xavf guruhiga quyidagilar kiradi: homilador ayollar, 6 oydan oshgan bolalar va nafas olish tizimi va yurak-qon tomir tizimining ayrim surunkali kasalliklari bo'lgan kattalar, 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 oydan 59 oygacha bo'lgan bolalar, tibbiyot xodimlari. Shuningdek, mehribonlik uylari, qariyalar va nogironlar uchun “Saxovat” internat uylari, “Muruvvat” nogiron va nogiron bolalar internat uylari, bolalar uylarida, shuningdek, bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida (maktab, maktab-internatlar) yashovchi shaxslar, jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsonlari bo'lganlar.

    Grippga qarshi vaktsina olish qanchalik samara beradi va bu bo'yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

    – Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi Prezidentimizning 2018-yil 18-maydagi “O'zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o'tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

    Joriy yilning oktabr oyida respublikamizda jami 1 mln. doza grippga qarshi “Grippol plyus” vaksinasi (Rossiya Federatsiyasi) olib kelindi. U taqsimot asosida davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini (1 000 000 nafar) grippga qarshi bepul markazlashgan holda emlash ishlari tashkil etildi. Emlash joriy yilning dekabr oyida yakunlandi.

    Emlash jarayonida rejalashtirilgan 984 244 nafar (98,4%) davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va 15 756 nafar tibbiyot xodimlari grippga qarshi emlandi.

    Respublika bo'yicha maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 5292 ta emlash punktlari tashkil etilib, emlash tadbirlariga 3792 nafar shifokorlar, 4446 nafar o'rta tibbiy xodim va 3547 nafar registratorlar jalb qilindi.

    Gripp va grippga o'xshash kasalliklar hamda O'RI kasalligiga chalingan bemorlarni davolash uchun 898 ta zaxira shifo-o'rinlari tashkil etildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-iyuldagi “Gripp yuqtirish va uning og'ir asoratlarini boshidan o'tkazish xavfi yuqori bo'lgan aholi o'rtasida grippning oldini olish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 567-son qaroriga asosan gripp yuqtirish va uning og'ir asoratlarini boshidan o'tkazish xavfi yuqori bo'lgan subyekt va shaxslarni grippga qarshi emlash ishlarini tashkil etilishi belgilangan. Respublikaga joriy yilning sentabr oyida 39 000 doza grippga qarshi “Inflyuvak” vaksinasi olib kelindi.

    – Ushbu kasallikka chalinmaslik uchun qanday tavsiyalar berasiz?

    – Tavsiyalarning eng asosiylaridan biri vaktsina. Bu juda yuqori samara beradi. Emlangan insonda grippning qaysi shtammi yuqsa ham yengil o'tadi hamda xastalikning asorati qolmaydi.

    Shuningdek, quydagi tavsiyalar ham muhim:

    - mavsumga xos kiyinish;

    - o'z vaqtida ovqatlanish va dam olish;

    - xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va kunda namli tazolov ishlarini o'tkazish;

    - ishlab chiqarish korxonalari, davolash profilaktika va o'quv muassasalari, bolalar va qariyalar uylari, tashkilot va idoralarda hamda turar joy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past bo'lmasligi;

    - kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha muassasalar, maktablarda kirish joylarida ertalabgi filtrni tashkil etishni va ertalabki filtrlar o'tkazilishiga e'tibor qaratilishini;

    - gripp va o'tkir respirator kasalliklariga xos bo'lgan simptomlar aniqlangan shaxslarni jamoaga qo'ymaslikni;

    - gripp va o'tkir respirator kasalliklariga gumon kilingan bolalarni izolyatorga joylashtirish xamda ota-onasiga va xududiy poliklinikaga xabar berishni;

    - ertalabgi filtr ishini amalga oshiradigan gripp va o'tkir respirator kasalliklarga gumon kilinib izolyatorga yotkazilgan bemorlarni parvarish kiladigan xodimlarni respirator (niqoblar) bilan ta'minlanishini;

    - o'quv-tarbiya muassasalarida tanaffus paytida shamollatish rejimini tashkil kilishni;

    - maktabgacha tarbiya muassasalarida har kuni bolalarni kamida 2 marotaba toza havoga sayrga chiqarishni;

    - barcha o'kuv-tarbiya muassasalarida sanitariya-targ'ibot ishlarini olib borishni uyushgan jamoalarda kontsert zallari kinoteatr, o'quv va ish joylarda kuniga vaqti bilan 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qo'llangan holda namli tozalov ishlarini olib borishdir.

    Bundan tashqari gripp va o'tkir respirator virusli infeksiya (O'RVI) bilan og'rigan barcha bemorlar kasallikni oyoqda o'tkazmasligi, shifokor maslahatlari va tavsiyalari asosida ish tutishi lozim.

    Kasallik qanday bo'lishidan qat'i nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, sog'lig'imizga bo'lgan mas'uliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot choralarini ko'raylik. Unutmang, grippga qarshi profilaktik emlanish bu kasallikning oldini olishda juda katta ahamiyatga ega. Lo'ndasini aytganda, kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olish muhim va oson.

    Zulxumor AKBAROVA