Muallimlarni faqat maʼlumot beruvchi va oʻquv dasturidan tashqariga chiqmaydigan davlat xizmatchisi, deb taʼriflasak, bu kasbga toʻgʻri taʼrif bermagan boʻlamiz. Pedagog har bir bola, kelajak uchun namuna. Unga munosabat jamiyatning rivojlanishi va mavqeyini koʻrsatadi.
Mamlakatimizda uzoq yillar oʻqituvchi va oʻqituvchilikka munosabat turlicha boʻlganini inkor etolmaymiz. Bugun bu munosabat tubdan oʻzgardi. Muallim shaxsi va zahmatli mehnati yuksak qadrlanmoqda. Pedagogga qoʻyiladigan talablar ham yangilandi.
Prezidentimizning “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” arafasida taʼlim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida ilgari surilgan dolzarb masalalar misolida ham buni koʻrish mumkin. Davlatimiz rahbari oʻqituvchilik kasbi va shu soha egalariga yaqin oʻtmishdagi munosabat qoniqarli boʻlmaganini alohida qayd etib, jumladan, bunday dedi: “Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin oʻtmishda yetarlicha hurmat va eʼtibor qarata olmadik. Sir emas, qaysi sohaga qoʻshimcha ishchi kuchi kerak boʻlsa, birinchi navbatda, oʻqituvchi-pedagoglar jalb etiladigan boʻlib qolgan edi. Biz mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlagan birinchi kunlardan eʼtiboran ana shu ogʻriqli masalani hal etishga – oʻqituvchilarni, bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan xalos qilishga kirishdik. Qatʼiy iroda va intilish bilan bu noxush holatlar bugun tarixga aylandi”.
Davlatimiz rahbari uzluksiz taʼlimning maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy taʼlim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yoʻlga qoʻyish uchun pedagogik taʼlim klasterlari tashkil etilishini taʼkidladi. Taʼlim klasterlari tajriba-sinov tariqasida dastlab Andijon va Buxoro shaharlaridagi pedagogika kollejlarida tashkil etiladi va hududlardagi pedagogika institutlari boshqaruvida boʻladi. Avvalo, Andijon va Buxoro pedagogika institutlariga ishonch institutimiz professor-oʻqituvchilaridan oʻz faoliyatiga yanada masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.
Bugun jahonga yuz tutayotgan Oʻzbekistonda asosiy maqsad yangi zamon kishisini tarbiyalashdir. Bu jarayonda yoshlarning maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy shakllanishini taʼminlash muhim. Bunday ulkan maqsadni amalga oshiruvchi shaxs oʻqituvchidir.
Har bir kasbning muayyan qadriyatlari, mezonlari bor. Pedagoglik kompetensiyalari va uslubi bilan boshqa kasblardan farq qiladi. Bugun oʻqituvchilikka maxsus tajriba va koʻnikma talab qilinadigan kasb sifatida qaraladi. Soha vakillari jamiyatda muhim vazifa bajarishi, buning uchun esa jiddiy tayyorgarlik koʻrishi hamda axloqiy sifatlarga, goʻzal xulq-atvorga ega boʻlishi lozim.
Biz “Kelajak — yoshlar qoʻlida”, deymiz. Yosh avlod istiqboli esa oʻqituvchi qoʻlida. Bu bogʻliqlik jamiyatning maʼnaviy qiyofasini belgilab beradi. Davlatimiz rahbarining “Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar”, degan taʼkidida oʻqituvchilarning sharafli mehnatini ulugʻlash va qadrlash tuygʻusi yaqqol ifodasini topgan.
Inson qachon tanlagan kasbidan faxrlanadi? Qachonki kasbiga erkin va ijodiy yondashish imkonini beradigan sharoit yaratilsa, iqtisodiy qoʻllab-quvvatlansa, shaxsi va mehnati huquqiy jihatdan himoyalansa. Demak, oʻqituvchilar oʻz vazifasini bajarishda huquqiy himoyaga ega boʻlishi lozim.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oʻqituvchi maqomi mustahkamlangani hamda “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani ham oʻqituvchilarning huquqlari, vazifa va ijtimoiy maqomini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlardir. “Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – oʻqituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak boʻlsa, armonim edi”, dedi davlatimiz rahbari.
Pedagog maqomini mustahkamlash taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Obroʻli oʻqituvchilar taʼlim jarayonida samarali va innovatsion usullarni qoʻllashga intiladi. Natijada bilim olish jarayoni yaxshilanadi. Bu esa, oʻz navbatida, bugun taʼlim-tarbiya sohasidagi barcha oʻzgarishlar markazida bilimdon, ijodkor, vatanparvar va jonkuyar muallim shaxsi turishi lozimligini koʻrsatadi. “Chunki taʼlimda, maʼrifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat”. Maʼrifatsiz jamiyatlar koʻpincha nizolar, ijtimoiy muammolar va iqtisodiy inqirozlar girdobida qolganiga tarixda misol juda koʻp. Shuning uchun taʼlim sohasida islohotlar qilish, pedagoglarning maqomini oshirish va taʼlim sifatiga eʼtibor berish jamiyatning umumiy rivojlanishi uchun muhim. Boisi, bugun jahondagi globallashuv jarayonida mamlakat va xalq taqdiri, inson manfaati ilm-fan, taʼlim-tarbiya samaradorligiga bogʻliqligini inkor qilib boʻlmaydi. Shu sababli taʼlimning barcha boʻgʻinida mazmunni takomillashtirish, sifatni yaxshilash asosiy vazifa boʻlib qolmoqda.
Mamlakatimizda taʼlim sohasidagi islohotlarning asosiy qismi, albatta, oliy taʼlim faoliyatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan. Jumladan, Buxoro davlat pedagogika instituti tashkil etilganiga koʻp boʻlmagan esa-da, sohada muayyan yutuqlar qoʻlga kiritildi. Institutda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarning ilmiy maktabini yaratish maqsadida kafedralar negizida jami 10 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazi, ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirish uchun 34 ta ilmiy toʻgarak tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida 20 dan ortiq professor-oʻqituvchimiz Germaniya, Turkiya, Finlyandiya, Rossiyaning ilgʻor 1000 talikka kiruvchi oliy muassasalari qatorida turuvchi Leybnis instituti, Moskva davlat universiteti, Moskva davlat pedagogika universiteti, Kareliya amaliy fanlar universiteti, Hajettepe universiteti, Istanbul universiteti, Qozon federal universitetida stajirovka oʻtab, malaka oshirib qaytdi. Shu bilan birga, institutimizda maʼruza oʻqishi uchun ilgʻor universitetlardan professor-oʻqituvchilar jalb qilindi.
Institutda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalarning shaxsiy rivojlanishi va ijtimoiy faolligi oshirish hamda maʼnaviy, axloqiy, intellektual yuksalishiga katta eʼtibor qaratilgan. Shu orqali belgilab berilgan vazifalarni toʻla-toʻkis bajarib, jamiyat taraqqiyoti hamda kelajagini belgilab beruvchi salohiyatli kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshamiz.
Bahodir MAʼMUROV,
pedagogika fanlari doktori, professor
Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 215-sonida (2024-yil 24-oktyabr) chop etilgan.
Hamkorlik materiali