Inson qalbi muhandislari Talaba yoshlarga maʼrifat ulashish – vazifamiz

    Mamlakatimizda mavjud muammolarni hal etish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samarasi va taʼsirchanligini oshirish, koʻlami va miqyosini yanada kengaytirish, aholi, avvalo, yoshlar qalbida islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish tizimini yaratish maqsadida katta qadamlar qoʻyildi.

    Keng qamrovli islohotlar ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlab, el-yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham bermoqda. Turli maʼnaviy-maʼrifiy seminarlar, treninglar, musobaqalar va boshqa tadbirlar esa vataniga, xalqiga fidoyi, mustaqil fikrlaydigan, masalalarni ongli ravishda, masʼuliyat bilan hal qila oladigan, izlanuvchan, yangilikka intiluvchi va istiqlol gʻoyalariga sadoqatli avlodni voyaga yetkazishda muhim rol oʻynamoqda.

    2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun qudratli kuchga ega boʻlgan maʼnaviyat ustuvor ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan edi.

    Bugungi globallashuv davrida voqelikni teran tahlil qilib, kuchayib borayotgan turli tahdidlarga nisbatan har qachongidan koʻra ogoh boʻlib yashashni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Ana shunday shiddatli davrda maʼnaviyat sohasidagi dolzarb muammolar yechimini topish yangi Oʻzbekistonimizni barpo etish yoʻlida mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, bugun har birimiz vatanparvar boʻlib maydonga chiqishimiz darkor. Zero, Prezidentimiz kengash yigʻilishida taʼkidlaganidek: “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Mana, bugun maʼnaviy-maʼrifiy sohada masala qanday oʻtkir va koʻndalang boʻlib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”.

    Jamiyatimiz bugungi kunda jadal oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bunday davrda har birimizga mustahkam tayanch zarur. Maʼnaviy va madaniy qadriyatlar, meʼmoriy yodgorliklar, umuman olganda, ajdodlarimizning boy madaniy va maʼnaviy merosi ana shunday tayanch boʻlib, xalqni, millatni birlashtirib, olgʻa harakatlantiradi. Bu esa yoshlarimizning axloqiy jihatdan har tomonlama yetuk shaxs boʻlib shakllanishida, vatanimiz yanada ravnaq topishida, xalqimizning buyuk oʻtmishidan faxrlanuvchi millat farzandlari boʻlib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Maʼnaviyat va maʼrifat azaldan inson hayoti uchun mustahkam qalqon vazifasini oʻtab kelayotgan beqiyos kuchdir. Bu ikki mustahkam tayanchsiz jamiyat va davlat yuksak taraqqiyotga erisha olmaydi. Bugun yurtimizning barcha taʼlim muasassalari, mahalla guzarlari va maktablarida oʻtkazib kelinayotgan “Maʼrifat ulashib” tadbirlari esa tarraqiyotga erishishimiz uchun koʻprik vazifasini oʻtaydi.

    Fargʻona politexnika institutida boʻlib oʻtgan shunday tadbirda Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Shavkat Doʻstmuhammad hamda Anvar Mirzo ishtirok etdi. Tadbir avvalida ijodkorlar talabalarning sifatli taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoitlar, “Renessans hall”, “Student office” hamda yangi tashkil etilgan muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Soʻng institut madaniyat saroyida talaba-yoshlar bilan ijodkorlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida ular oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va yoshlarni taʼlim-tarbiya olishida qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosatning eng muhim jihatlari haqida soʻz yuritdi. Bugungi kunda yoshlarimiz yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishi, taʼlim-tarbiya olib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oʻz hissacini qoʻshishi muhimligi taʼkidlandi. Ayniqsa, “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” tamoyili asosida birlashish, bugungi tahlikali va shiddatli oʻzgarishlar, jahondagi voqea-hodisalar kontekstida yangi Renessans poydevorini qoʻyishda yoshlarning oʻrni muhim ekani aytildi.

    Kunning ikkinchi yarmida ijodkorlar Fargʻona shahridagi 4-IDUM va Quvasoy shahridagi 3 va 13-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida boʻlib, oʻquvchilar bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Maktabda ijodkor va badiiy adabiyotga ixlosmand oʻquvchilar adiblar ijod laboratoriyasi bilan yaqindan tanishdi. Oʻzaro suhbat tarzida tashkil etilgan tadbirda xalq shoiri Iqbol Mirzo tuygʻularini misralarga singdirishga harakat qilgan, dilidagini tillarga mohir rassomdek rangin boʻyoqlar bilan bezagan, ijodga mehr qoʻygan yoshlarga qimmatli masalahatlar berdi. Ushbu uchrashuvlarda sevimli shoirlarimiz iqtidorli oʻquvchi-yoshlarni kashf qilish bilan birga, isteʼdodi va salohiyatini roʻyobga chiqarishda doim qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. “Maʼrifat ulashib” loyihasi ham bir xillikdan, maʼruza tinglashdan charchagan yoshlar uchun ayni muddao boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Maʼnaviyat – nur. Bu nur mahallalarga, maktablarga va oliygohlarga kirib borishi har bir rahbar, masʼulning asosiy ishiga aylanmogʻi lozim. Fargʻona politexnika instituti texnika yoʻnalishiga ixtisoslashgan boʻlishiga qaramay, yetishib chiqadigan mutaxassis-kadrlar oddiy muhandis emas, tafakkuri maʼrifat bilan toʻyingan qalb muhandislari boʻlib shakllanishiga shubhamiz yoʻq.


    Sherzod DEHQONOV,

    Fargʻona politexnika institutining yoshlar masalalari va

    maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha 1-prorektori

    

    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 215-sonida (2024-yil 24-oktyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali