Kelajak mutaxassislari muhandislik maktablarida tayyorlanadi

    Milliy iqtisodiyot oldida turgan ustuvor vazifalar va sanoat sheriklari bilan oʻzaro aloqalar muhandislik maktablarida taʼlimning yangi turi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari ishtirokida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ilm-fan va texnologiyalarning eng soʻnggi yutuqlaridan boxabar boʻlgan, zamonaviy muhandislik texnologiyalariga doir bilimlarni egallagan, tizimli va ijodiy fikrlash koʻnikmasiga ega yuqori malakali muhandislarni maqsadli tayyorlash masalasi koʻrib chiqildi.

    Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi texnologiyalar va innovatsiyalarning jadal rivojlanishi bilan bogʻliq global muammolar yechimini topishga qaratilgan. Globallashgan bugungi murakkab davrda barcha davlatlar oʻz ichki resurslariga tayanib, masalaning innovatsion yechimiga eʼtibor qaratmoqda.

    Bugungi kunda muayyan sohaning talablariga yoʻnaltirilgan zamonaviy taʼlim, ilgʻor uskunalarga ega laboratoriyalar va, eng muhimi, oʻz ishiga ishtiyoqi baland yoshlarning salohiyatiga asoslangan muhandislik maktablari masalaning yechimi sifatida kun tartibiga qoʻyilgan. Milliy iqtisodiyot oldida turgan ustuvor vazifalar va sanoat sheriklari bilan oʻzaro aloqalar muhandislik maktablarida taʼlimning yangi turi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Yigʻilishda davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “tarmoq-korxona-oliygoh” tizimi asosida har bir oliygoh biriktirilgan sanoat hamkori bilan dual taʼlim orqali amaliy koʻnikmalar oladi hamda korxonalarda tashkil etiladigan kafedralarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi.

    Korxonalarning asosiy vazifasi yangi turdagi kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Oʻquv dasturlarida amaliy komponentlarning katta qismi: amaliyotlar, stajirovkalar, darsdan tashqari loyihalar, muammolarning raqamli yechimlari, zamonaviy tadqiqotlar olib borishda mavjud texnologik uskunalardan faol foydalanish hisobiga talabalar va tadqiqotchilar maʼruzalarni va seminar matnlarini kamroq yozadi, amaliy koʻnikmalarni koʻproq egallaydi. Taʼlim faoliyatini tashkil etishda oliy taʼlim muassasasi uchta asosiy tamoyilga asoslangan boʻladi. Birinchisi, barcha taʼlim dasturlari sanoat sheriklari bilan birgalikda amalga oshiriladi. Ikkinchisi, har bir taʼlim dasturi korxonada ish bilan taʼminlashga qaratilgan boʻladi va uchinchi tamoyil – eng muhimi, taʼlim va ishdagi innovatsion, qiziqarli loyihalar orqali yetuk mutaxassislar jalb qilinadi. Bugun yaqin kelajakda taʼlim ishlab chiqarishning ajralmas qismiga aylanishi xususida soʻz bormoqda.

    Tezkor texnologik rivojlanish davrida yangi texnika va texnologiyalarni yarata oladigan muhandislar tayyorlash juda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon nafaqat mamlakatning iqtisodiy va texnologik rivojlanishiga hissa qoʻshadi, balki global raqobatbardoshlikni oshiradi. Quyida bu muhim vazifaning baʼzi jihatlarini koʻrib chiqamiz.

    Taʼlim dasturlarini yangi talablarga moslashtirish zarurati

    Texnologiya tezkor surʼatlarda rivojlanayotgan bir paytda taʼlim dasturlarining ham ushbu oʻzgarishlarga moslashuvi muhimdir. Shu sababli muhandislik oliy taʼlim muassasalarida zamonaviy va kelajak texnologiyalariga yoʻnaltirilgan kurslarni joriy etish kerak. Bular sunʼiy intellekt va robototexnika: ushbu sohalar hozirgi va kelajakdagi koʻplab texnologik yangiliklarning asosi hisoblanadi.

    Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish

    Muhandislar yangi texnologiyalarni yaratishda ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarga asoslanishi lozim. Universitetlar va ilmiy tadqiqot markazlari oʻzaro hamkorlik qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish jarayonida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, sanoat bilan yaqin hamkorlik orqali ilmiy tadqiqotlarning amaliy qoʻllanilishini taʼminlash hamda startap ekotizimlarini rivojlantirish eʼtiborga olinishi kerak.

    Amaliy tajribaga eʼtibor qaratish

    Nazariy bilimlar qanchalik muhim boʻlmasin, amaliy tajriba ulardan kam emas. Shuning uchun muhandislik taʼlimida amaliyot va laboratoriya mashgʻulotlariga alohida eʼtibor qaratish lozim. Talabalar real loyihalarda ishtirok etishi, turli korxonalar va ilmiy markazlarda amaliyot oʻtashi zarur. Loyiha asosida kadrlar tayyorlash jarayonida talabalarni turli loyihalarda ishtirok etish va ular ustida ishlashga yoʻnaltirish lozim. Shuningdek, ularning yirik kompaniyalarda stajirovka oʻtash orqali real ish sharoitlarini oʻrganishi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Yangi texnika va texnologiyalarni yarata oladigan muhandislarni tayyorlash kelajakda muvaffaqiyatli va raqobatbardosh boʻlishimiz uchun muhim. Bu jarayon taʼlim dasturlarini zamonaviylashtirish, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, amaliy tajribaga eʼtibor qaratish va uzoq muddatli rejalarga asoslangan strategiyalarni amalga oshirish orqali roʻyobga chiqadi. Faqat shu yoʻl bilan biz global raqobatda oldinga chiqib, texnologik rivojlanishda yetakchilik qila olamiz.

    Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash tizimida davlatimiz rahbari ilgari surgan ustuvor vazifalar va tahliliy-tanqidiy xulosalar jamoamiz tomonidan oʻrganilib strategik rejalarni belgilab oldik.

    Alisher SAMADOV,

    Toshkent davlat texnika universiteti

    Olmaliq filiali direktori,

    texnika fanlari doktori, professor