Albatta, bu natijaga o'z-o'zidan erishilgani yo'q. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'tgan haftada Turkmanistonga rasmiy tashrifi chog'ida ta'kidlaganidek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlik barcha yo'nalishlarda izchil kengayib borayotgani zamirida ming yillar davomida o'zbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch bo'lib kelganining hikmati mujassam.
Ikki mamlakat o'rtasidagi bugungi munosabatlarda savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik muhim yo'nalishlardan hisoblanadi. So'nggi 5 yilda Turkmanistonning O'zbekiston umumiy savdo hajmidagi ulushi 2016-yildagi 0,9 foizdan 2021-yilda 2,1 foizgacha, eksportdagi ulushi 0,7 foizdan 1,2 foizgacha, importdagi ulushi esa 1,1 foizdan 2,8 foizgacha ortdi.
2017–2021-yillar davomida O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi savdo hajmi 902 million dollargacha etib, 5 barobar oshdi. 2021-yilning o'zida 2020-yilga nisbatan salkam 68 foizga o'sdi.
2022-yilning yanvar-avgust oylarida O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi savdo hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 foizga o'sib, 533,5 million dollarni, shundan eksport 146,5 million, import 387 million dollarni tashkil etdi.
O'zbekistonning Turkmanistonga eksporti hajmi o'sib bormoqda, joriy yilning yanvar-avgust oylarida eksport o'tgan yilning shu davriga nisbatan 22,1 foizga oshdi.
Bugungi kunda O'zbekistonda turkman kapitali ishtirokida 170 ga yaqin korxona faoliyat ko'rsatmoqda, joriy yil boshidan buyon 17 ta korxona tashkil etilgan.
2021-yil oktyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston — Turkmaniston biznes forumida “O'zavtosanoat” va “Turkmaniston-Motors” hamkorligida Turkmanistonda qo'shma korxona tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishilgan bo'lib, investitsiyalar hajmi 10 million dollargacha etishi kutilmoqda. Kelishuvga ko'ra, birinchi bosqichda yiliga 5 ming dona engil avtomobil, kelgusida esa qishloq xo'jaligi texnikasi va avtobuslar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, tomonlar ikki mamlakatda tayyor to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish niyatida.
Turkmaniston Prezidentining O'zbekistonga davlat tashrifi doirasida Buxoroda o'tkazilgan birinchi Hududlararo forumning muvaffaqiyatli yakunlari foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligini namoyon etdi. Natijada umumiy qiymati 450 million dollardan ortiq bo'lgan shartnoma va kelishuvlar imzolandi.
Prezidentimizning o'tgan haftada Turkmanistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to'g'risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolangani ham tarixiy aloqalarning yangi bosqichiga o'tilayotganidan xayrli mujdadir.
Kelgusida ikki tomonlama savdo aylanmasini oshirishga qaratilgan Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi, shuningdek, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun qo'shma loyiha ofisi tashkil etilishi O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyatini ro'yobga chiqarish imkonini beradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari fikricha, O'zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyoti bir-birini to'ldiradi, buni o'zaro tovar ayirboshlashning o'sish sur'atlari ham tasdiqlaydi. Shunga qaramay, ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyati hali to'liq ro'yobga chiqarilmagan. O'zbekiston turkman bozoriga Turkmaniston uchinchi davlatlardan import qiladigan tayyor mahsulotlar, jumladan, maishiy texnika, dori vositalari, engil sanoat mahsulotlari, ayrim turdagi transport vositalari va boshqa tovarlarni eksport qilish hajmini oshirishi mumkin.
O'z navbatida, O'zbekiston belgilangan narxlarda gaz etkazib berishni kafolatlaydigan uzoq muddatli shartnomalar asosida Turkmanistondan tabiiy gaz importini amalga oshirishi kutilmoqda. O'zbekistonda gaz iste'moli ortib borayotgani va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun uglevodorodlarni qayta ishlash bo'yicha yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani hisobga olinsa, bu zarur gaz hajmini kafolatlangan holda olishni ta'minlashga yordam beradi.
Erkin savdo rejimidagi istisnolar ro'yxatini qisqartirish orqali savdo to'siqlarini kamaytirish ham o'zaro savdo hajmining oshishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, O'zbekiston va Turkmaniston kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik va tikuvchilik sohalari, kimyo va neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarishda qayta ishlash qo'shma korxonalarini tashkil etishdan ham manfaatdor. Xususan, neft-gaz sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish, jumladan, Turkmaniston hududidagi gaz konlarini birgalikda o'zlashtirish va transchegaraviy gaz quvurlarini qurish masalasi ham ko'rib chiqilishi mumkin.
Bunda 2022–2025 yillarga mo'ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning o'rta muddatli dasturi avtomobilsozlik, elektrotexnika, to'qimachilik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo'jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Tomonlar mintaqa davlatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, jumladan, yuklarni tashishda o'zaro imtiyozlar va chegirmalar berishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Har ikkala tomon iqtisodiy manfaatlariga mos keladigan hamda xalqaro bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta'minlaydigan ishonchli va xavfsiz transport yo'laklarini yaratishni qo'llab-quvvatlaydi va shu munosabat bilan ular ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalarni amaliy tatbiq etish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarini davom ettirib kelmoqda.
Tomonlar transport va tranzit yo'laklarini rivojlantirish bo'yicha faol hamkorlikni davom ettirish, Turkmanboshi dengiz portining noyob imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish va Ashxobod kelishuvini ilgari surishda qat'iydir. Bu yo'nalishda birgalikdagi muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlar yuk tashish hajmini oshiradi va ikki davlatning tranzit salohiyatini ochish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Rasmiy Ashxobod O'zbekistonning “BMT shafeligida transport va kommunikatsiyalar o'zaro aloqasini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish to'g'risida”gi tashabbusini qo'llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Turkmaniston janubga transport yo'nalishlarini shakllantirishda muhim hamkor hisoblanadi. Hozirda qo'shni davlat savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida mul`timodal transport va tranzit yo'laklarini shakllantirish ustida ishlamoqda.
“Sharq — G'arb” yo'lagining “Turkmanboshi — Ashxobod — Turkmanobod” qismi (1,18 ming kilometr) asosiy temir yo'l aloqa liniyalaridan biri bo'lib, O'zbekiston Respublikasining temir yo'llariga tutashgan. Ushbu mamlakat hududidan xalqaro transport yo'laklarining ajralmas qismi bo'lgan “Turkmanboshi — Ashxobod — Maryam — Turkmanobod — Farob — O'zbekiston davlat chegarasi”, “Ashxobod — Toshovuz”, “Ashxobod — Gaudan”, “Turkmanboshi — Bekdosh” va “Serdar — Gudriolum” avtomobil` yo'llari o'tadi. O'z navbatida, mintaqadagi davlatlar bilan birgalikdagi sa'y-harakatlar samarasida yangi mul`timodal transport yo'nalishlari, jumladan, “Osiyo — Tinch okeani mamlakatlari — Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston — Turkmaniston — Ozarbayjon — Gruziya — Turkiya — Evropa” yo'nalishi ishga tushirildi. Bu yo'l mintaqamizni Evropa va Fors ko'rfazi, MDH va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan ham bog'laydi. Evropadan olib kelinadigan yoki Evropaga olib boriladigan tovarlar belgilangan joyga qarab 10 va 20 kun oralig'ida etkazib berilishi mumkin.
Qurilishi davom etayotgan “Ashxobod — Turkmanobod” tezyurar avtomobil magistrali (uzunligi taxminan 600 kilometr) “Turkmanboshi — Ashxobod” avtomobil` yo'lining biz tomon yo'naltirilgan qismi bo'lib, O'zbekistonni Turk manboshi dengiz porti bilan bog'laydi.
2021-yil oktyabrda ushbu yo'lning “Ashxobod — Tejen” qismi rasmiy ochilgan. Shu yilning dekabrida ikkinchi qismi — “Tejen — Mari” liniyasi va 2023-yil dekabrda “Mari — Turkmanobod” qismi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
O'zbekiston Prezidenti Turkmanistonga ilk tashrifi chog'ida “Turkmanobod — Farob” yangi temir yo'l va avtomobil` ko'priklari ochilishida ishtirok etgan edi. Mazkur ko'priklar “O'zbekiston — Turkmaniston — Eron — O'mon” transport-tranzit yo'nalishining muhim qismi bo'lib, yuk tashish hajmini 2,5 barobar oshirish imkoniyatini berdi. Bu ko'priklar o'zbek yuk va yo'lovchi tashuvchilarini Turkmaniston orqali Eronning Bandar-Abbos portiga eltadigan temir yo'lga, shuningdek, Amudaryodan Turkiyaga boradigan avtomobil` magistrallarga olib chiqadi.
Energiya resurslarini tranzit qilish bo'yicha ham hamkorlik jadal rivojlanmoqda. “Turkmaniston — O'zbekiston — Qozog'iston — Xitoy” gaz quvurining navbatdagi loyihasi amalga oshirilmoqda. Yangi qurilayotgan quvur orqali turkman gazini Xitoyga etkazib berish yiliga jami 65 milliard metr kubni tashkil qiladi. Bu, o'z navbatida, O'zbekiston orqali turkman tabiiy gazi tranzitini qo'shimcha 25 milliard metr kubga oshiradi.
Shunday qilib, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik yo'nalishlari ko'plab sohalarni qamrab olishi va ularning barqaror rivojlanishiga hissa qo'shadi. Bu har ikki mamlakat uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari — 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va 2022–2052 yillarda Turkmanistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish milliy dasturini ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Turkmaniston O'zbekiston uchun mintaqadagi ishonchli va asosiy hamkor ekanini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Rasmiy Toshkent Ashxobod bilan keng ko'lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va eng yaqin qo'shni sifatida strategik sheriklikni har tomonlama mustahkamlash tarafdoridir.
Prezidentimizning Turkmanistonga tashrifi ikki mamlakat hamkorligining istiqbollarini belgilab berishga hamda savdo-iqtisodiy, transport va tranzit aloqalarni rivojlantirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini ko'paytirish, sanoat kooperatsiyasi loyi halarini amalga oshirishga yangicha sur'at bag'ishlashga qaratilgan.
Tashrif chog'ida Markaziy Osiyoda suvdan foydalanishning adolatli tizimini rivojlantirishda suv-energetika sohasidagi barcha masalalarni hal qilishda o'zaro kelishilgan yagona pozitsiya tasdiqlandi. Ushbu pozitsiya transchegaraviy daryolarda yangi gidrotexnik inshootlar barpo etishni xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga muvofiq va mintaqamizdagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirishni ham nazarda tutadi.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, keng ko'lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishda O'zbekiston intilishi qat'iy va o'zgarmas. Shu ma'noda, tashrif natijalari mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarish, ahil qo'shnichilikni mustahkamlash, turli sohalarda kooperatsiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga beqiyos hissa qo'shadi. Erishilgan kelishuvlar, o'z navbatida, xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash yo'lidagi salohiyatni ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Afzal ORTIQOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi
huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi bosh ilmiy xodimi