Maʼlumotlarga koʻra, bir kunda qayd etilayotgan ushbu turdagi jinoyatlarning 10 tadan 9 tasi noaniq sharoitlarda sodir etilmoqda ekanligi aytilmoqda.
Xususan, bu haqda Qarshi shahridagi “Jurnalistlar uyida” “Aholi oʻrtasida Internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olishda targʻibot tadbirlarining mazmuni va mohiyati” mavzusida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida taʼkidlandi.
Anjumanda Qashqadaryo viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati kiberxavfsizlik boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Laziz Joʻrayev, kiberxavfsizlik boʻlimi yetakchi xodimi podpolkovnik Iroda Rasulova, IIV axborot xizmati rahbari Shohruh Gʻiyosov ishtirok etib, sohaga oid dolzarb masalalar xususida fikr yuritib, bu turdagi sodir etilayotgan jiniyat tafsilotlari haqida maʼlumotlar berishdi.
Maʼlumki, rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalar har bir sohada keng tatbiq etib kelinmoqda. Bugun internet tarmogʻi kirib bormagan biror bir hudud deyarli qolmadi. Shunday ekan, aholini barcha qatlamini kibertahdidlardan barvaqt ogohlantirish va internet tarmogʻidagi sodir etiladigan jinoyatlar qurboniga aylanib qolmasliklarini oldini olish maqsadida IIB xodimlari tomonidan fuqarolar oʻrtasida faol targʻibot tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda.
- Soʻnggi paytlarda fuqarolarning eʼtiborsizligi, oʻta ishonuvchanligi, turli aldovlarga ergashishi natijasida kiberjinoyatlar soni bir necha baravarga oshib ketdi, - deydi Laziz Joʻrayev. – Oʻshbu jinoyatlarning roʻy berish sabablarini oʻrganishlar davomida firibgarlar plastik karta foydalanuvchilariga kelgan SMS xabarnomadagi kodlarni toʻlovni amalga oshirish, har xil qimmatbaho yutuqlarni, pul mablagʻlarini berish kabi bahonalar orqali egallab, undagi mablagʻlarni oʻzlashtirish, shaxsiy maʼlumotlarni egallash va ularni oshkor qilish bilan qoʻrqitib tovlamachilik qilishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, haqorat, suitsid holatlari kuzatilmoqda. Xususan, viloyat IIBda 2022-yil davomida ushbu holatlar boʻyicha kelib tushgan murojaatlarning 54 foizi oʻz vaqtida fosh etilishiga erishildi.
Matbuot anjumanida OAV vakillariga bunday jinoyatlarga qarshi targʻibot va tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishda, Internetdagi huquqbuzarliklar haqida fuqarolarni ogohlantirib borishda kengroq hamkorlikni olib borish tavsiya etildi.
Tadbir davomida OAV vakillarining bu borada qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.