Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “Ekologiya vazirligi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻrsatkichi: erishilgan natijalar va kelgusi rejalar, shuningdek, ekologik taʼlimni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda Ekologiya vazirligii, Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi mutasaddilari, tizim tashkilotlari vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Taqdim qilingan maʼlumotlarda urgʻulanishicha, joriy yilning oʻtgan davri davomida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohalarida bir qator sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahorgi koʻchat ekish mavsumida respublika boʻyicha 138 million tup (rejaga nisbatan – 110,5 %) koʻchat ekildi. Hududlarda vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bogʻ” barpo etilib, ularning umumiy soni 517 taga yetkazildi. “Ochiq byudjet” tizimi orqali “Mening bogʻim” loyihasi ishga tushirildi. Fuqarolar tomonidan tashabbus bildirilgan 738 ta loyiha orasidan 215 ta loyiha gʻolib deb topilib, jami 48,7 milliard soʻm moliyalashtirish uchun yoʻnaltirildi.
Joriy yil yakuniga qadar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi koʻchat ekish mavsumida respublikamizda 75 million tup daraxt va buta koʻchatlari ekiladi. Kuzgi koʻchat ekish mavsumida respublika boʻyicha 134 ta “Yashil bogʻ”lar barpo etiladi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida gʻolib deb topilgan 215 ta tashabbuslarning loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi va kuzgi koʻchat ekish mavsumida “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklarini” barpo etish ishlari boshlanadi. Bundan tashqari, Orol boʻyi mintaqasida 300 ming gektar maydonda shundan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 200 ming, Navoiy viloyatida 50 ming, Buxoro viloyatida 40 ming va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi Farmoniga muvofiq chiqindi xizmatlari uchun oylik toʻlovlardan qarzdorligi boʻlgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish, chiqindi va elektr energiyasi billing tizimlarini integratsiya qilish ishlari ham amalga oshirildi. Mavjud 209 ta maishiy chiqindi poligonlarining 26 tasi sanitar-epidemiologik va ekologik talablarga javob bermasligi va oʻz resursini oʻtab boʻlganligi uchun faoliyati toʻxtatilganligi aytib oʻtildi.
Joriy yil yakuniga qadar 36 ta maishiy chiqindi poligonlari rekultivatsiya qilinadi, 6 ta poligon tartibga keltiriladi hamda 22 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi Jumladan, 2024-yilda Toshkent va Samarqand shaharlarining 11 ta yirik tibbiyot muassasalarida soatiga 1,1 tonna tibibyot chiqindilarini utilizatsiya qilish stansiyalari barpo etish rejalashtirilgan.
Ekologik nazorat yoʻnalishida esa atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 33 378 nafar shaxs aniqlandi. Qonunbuzarlarga 35.5 mlrd. soʻm maʼmuriy jarima va yetkazilgan zarar hisoblanib, 28,5 mlrd.soʻm undirilgani, mingdan ortiq korxona va 80 mingdan ortiq fuqarolarga sohaga oid profilaktika tadbirlari oʻtkazilgani, 75 ta holat boʻyicha 160,6 mlrd. soʻmlik daʼvolar yuzasidan qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha materiallar prokuratura organlariga taqdim etib, shundan
38 ta holatda jinoiy ish qoʻzgʻatilgani haqida aytib oʻtildi.
“Joriy yil yakuniga qadar Ekologiya nazorat ishlarini amalga oshirish borasida huquqni muhofaza qilish organlar bilan birgalikda 1 000 dan ortiq reyd tadbirlari amalga oshiriladi. 50 mingdan ortiq korxona va tashkilotlarda hamda aholi oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi ishlari olib boriladi”, deyiladi ekologiya vazirligi matbuot xizmati bergan maʼlumotda.
Tadbir davomida, oʻrmon xoʻjaligi sohasida joriy yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi. Jumladan, jurnalistlar oʻrmon fondining sugʻorish imkoniyati mavjud boʻlgan yerlarida 1 000 gektar tez oʻsuvchi daraxtlar plantatsiyalari, togʻ va togʻoldi hududlarida 500 gektar maydonda himoya daraxtzorlari barpo qilinishi, oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan foydalanilmayotgan 3 ming 500 gektar yer maydonlari oʻzlashtirilishi haqida xabar topdilar.
Bundan tashqari, respublikaning oʻrmon bilan qoplanganlik darajasi 8.1 foiz (3 million 650 ming gektar)ga yetkazilishi, choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarida choʻllanish va qum koʻchishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish, ekologik muhitni yaxshilash maqsadida 2 ming 400 gektar yer maydonlarida himoya oʻrmonzorlari (ihota) va 347 gektar maydonda 134 ta “yashil bogʻ” barpo etilishi hamda sohada 3 yarim ming doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratilishi yuzasidan soha mutaxassislari tomonida batafsil maʼlumot berildi.
Anjuman soʻngida OAV xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olishdi.
Zulxumor AKBAROVA