Ushbu fikrni Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti Aziz Karimov 15–16-iyulda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan xalqaro konfensiyani “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻzaro mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” sharhlagan holda bildirdi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, mazkur tadbir Oʻzbekistonning tashqi maydonda va mintaqada olib borayotgan faol, ochiq va pragmatik ruhdagi siyosatining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Bunga asos sifatida ekspert Oʻzbekistonning mintaqada yangi siyosiy va iqtisodiy voqelikni yaratishga muvaffaq boʻlganligini va endilikda Markaziy Osiyo atrofida barqarorlik kamarini mustahkamlash uchun qulay sharoit hozirlanganligini keltiradi.
Soʻzlarining isboti sifatida ekspert Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlar tizimidagi tub ijobiy oʻzgarishlarni oʻzida aks ettiruvchi misollarni keltirib oʻtdi. Jumladan mintaqa davlatlari oʻrtasidagi keskin muammolar bartaraf etildi, mintaqaviy savdo xajmi esa soʻnggi yillarda 5 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarning aksariyat qismi qoʻshni qardosh mamlakatlar halqlariga toʻgʻri kelmoqda.
Ekspertning fikricha, bunday oʻzgarishlar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tashqi dunyo, xususan qoʻshni mintaqalar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun zamin hozirlayapti.
Ana shunday mintaqalardan biri sifatida A.Karimov Janubiy Osiyoni hisoblashini taʼkidlab oʻtdi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston tashabbusi bilan joriy yil iyul oyi oʻrtalarida boʻlib oʻtishi kutilayotgan anjuman yuqori ahamiyat kasb etadi – deb fikrini davom ettirdi ekspert.
Ushbu tadbirdan kutilayotgan asosiy maqsadlardan biri, A.Karimovning soʻzlariga koʻra, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy integratsiyani yoʻlga qoʻyish va bu jarayonlarga Afgʻonistonni keng ravishda jalb etish.
“Shu boisdan mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikning tiklanishidan asosiy foyda oluvchilardan biri Afgʻoniston boʻladi”, - deb hisoblaydi SMTI vakili. Chunki, soʻzlarini davom ettiradi ekspert, Afgʻonistonga geografik jihatdan integratsiya jarayonlarini taʼminlashda markaziy oʻrin berilgan.
Oʻz navbatida, mazkur omil koʻrsatib turibdiki, mintaqalararo iqtisodiy integratsiya birinchi navbatda Afgʻonistondagi siyosiy va ijtimoiy–iqtisodiy vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki barcha koʻzda tutilgan mintaqalararo yirik iqtisodiy loyihalarning roʻyobga oshirilishi Afgʻonistondagi barcha ichki siyosiy kuchlar, qoʻshni mamlakatlar va tashqi yetakchi davlatlar uchun afgʻon zaminida tinchlik hukm surishidan manfaatdorlik hissini yana-da oshiradi.
Alohida qayd etib oʻtish lozimki, hozirgi kunda Afgʻoniston juda muhim tarixiy bosqichida turibdi. Xalqaro kontingenti ushbu mamlakat hududidan olib chiqilishi Afgʻonistoni uchun suveren, mustaqil davlat boʻlishiga imkoniyat yaratadi. Oʻz navbatida, konferensiya Afgʻonistonda tinchlikka erishishning maqbul formulasini topishga oʻziga xos maydon vazifasini bajarishi kutilmoqda, – deb fikrlarini yakunladi ekspert.