Yangi Oʻzbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur normalar juda chuqur nazariy asosga ega boʻlib, huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri ekanligini eʼtirof etgan xolda uni toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatlaymiz.

Darhaqiqat, Konstitutsiya lotincha “constitutio” soʻzidan olingan boʻlib, “tuzilish”, “oʻrnatish” degan maʼnolarni bildiradi. Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega boʻlgan yagona siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanib, unda inson, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari oʻrnatiladi; davlat hokimiyatining tuzilishi, subyektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi; inson va jamiyatning davlat tomonidan qoʻriqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi.

Konstitutsiya oʻz mohiyati va yuridik tabiatiga koʻra boshqa huquqiy hujjatlardan quyidagi muhim jihatlari bilan ajralib turadi:

birinchidan, konstitutsiya maxsus subyekt, yaʼni xalq tomonidan referendum orqali yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi tomonidan qabul qilinadi;

ikkinchidan, konstitutsiyaviy qoidalar taʼsis etuvchi, yoʻnaltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega;

uchinchidan, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, yaʼni u nihoyatda muhim va keng koʻlamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga taʼsir koʻrsatadi;

toʻrtinchidan, konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga, yaʼni boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, oʻziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va oʻzgartirilish tartibiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahriri loyihasining III bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligi deb nomlanib, mazkur bob uning birinchi boʻlimi, yaʼni, Asosiy prinsiplar boʻlimida joylashgan. Davlat va huquq nazariyasidan maʼlumki, prinsip deganda rahbariy qoidalar nazarda tutiladi. Agar Konstitutsiyaning boshqa boʻlimlari oʻrtasida qandaydir tushunmovchilik kelib chiqadigan boʻlsa, masala davlat va huquq nazariyasiga koʻra asosiy prinsiplarga tayanilib hal qilinishi kerak. Shu maʼnoda Konstitutsiya ustunligining Asosiy prinsiplar boʻlimida joylashtiril-ganligi mamlakatimizda mazkur prinsipga ulkan ahamiyat berilayotganidan dalolatdir.

Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchi deganda uni boshqa qonunchilik hujjatlaridan ajratib turuvchi alohida yuridik xususiyati tushuniladi.

Konstitutsiyaning bunday xususiyati quyidagilarda namoyon boʻladi:

birinchidan, Konstitutsiya qonunchilik tizimida eng yuqori oʻrinda turadi, undan keyin qonun hujjatlari, yaʼni qonunlar va Oʻzbekston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari hamda qonunosti hujjatlari (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari; Vazirlar Mahkamasining qarorlari; vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari; mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari) joy egallaydi;

ikkinchidan, qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari Konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi;

uchinchidan, qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari Konstitutsiya-ning normalari va prinsiplariga zid boʻlishi mumkin emas;

toʻrtinchidan, Konstitutsiyaning normalari va prinsiplariga zid boʻlgan qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlari bekor qilinadi yoki unga muvofiqlashtiriladi.

Shu maʼnoda savol tugʻiladi: Konstitutsiyaning ustunligi va oliy yuridik kuchga ega ekanligi insonga, jamiyatga, davlatga nima beradi? Nega butun dunyoda mazkur prinsipga juda katta eʼtibor beriladi? Konstitutsiya ustunligi insonga oʻz huquq va erkinliklarini moneʼliksiz amalga oshirish, oʻz hayoti, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlanganligi tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi taʼsirlardan, zoʻravonlik va oʻzboshimchalikdan qoʻrqmay yashash imkoniyatini beradi.

Agar jamiyatda Konstitutsiya ustunligi taʼminlanmasa, odamlarda nafaqat bugungi, balki ertangi kuniga ham ishonch yoʻqoladi, adolat, tenglik, erkinlikka rioya qilinmaydi, kim zoʻr boʻlsa uning gapi majburiy boʻlib, inson huquq va erkinliklari buziladi, bunday jamiyatni har qanday ongli odam tark etish choralarini qidiradi, bunday makonda qabohat va zalolat hukm suradi. Konstitutsiya ustunligi taʼminlanmagan jamiyatda iqtisod ham rivojlanmaydi, iqtisodiy islohotlar ham samara bermaydi. Chunki hech kim qonun ishlamagan joyga oʻz mulkini, sarmoyasini kiritishni hoxlamaydi.

Konstitutsiya ustun boʻlgan davlatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanadi, hokimiyatning shaxsga taʼsiri chegaralanadi, inson huquqlari himoyalanadi, mulk huquqiga rioya qilinadi, odil sudlov mustaqil boʻlib, samarali amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda “inson-jamiyat-davlat” tamoyilining asosiy oʻzagini Konstitutsiyaning ustunligi va oliy yuridik kuchga ega ekanligi tashkil qiladi hamda davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritishlarini lozimligini anglatadi.

Foziljon Otaxonov,

yuridik fanlar doktori, professor