Koreyashunos boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

    Suhbat 10 Avgust 2020 5605

    Professor Shoira Usmonova bilan suhbat

    “Yangi Oʻzbekiston” nashri respublikamizning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarida xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan turkum intervyularni davom ettiradi.

    Navbatdagi suhbatdoshimiz filologiya fanlari doktori, professor Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Koreyashunoslik fakulteti dekani Shoira Usmonova boʻldi.

    Suhbatimiz koreyashunoslik, “tandem” darslar, kitob mutolaasi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

    M.: Shoira opa joriy yilning aprel oyida Prezident qarori bilan siz faoliyat olib borayotgan oliygohga “universitet” maqomi berildi. Qaror va “universitet” maqomining berilishi muassasa faoliyatida aynan qanday ijobiy oʻzgarishlarni bermoqda?

    Sh.U.: Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 16-aprel kuni “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorning imzolanishi nafaqat mamlakatimizda, balki qator Sharq davlatlari uchun ham muhim voqea boʻlib, sharqshunoslik sohasini rivojlantirishga, uni yangi bosqichga olib chiqishga asos soldi, deb oʻylayman.

    Oliygohga “universitet” maqomining berilishi esa, sharqshunoslik sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar salohiyati, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalash uchun juda katta imkoniyatlar ochib berdi.

    Xususan, universitetda oʻquv, ilmiy, innovatsion, yoshlar bilan ishlash, tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qarorda belgilangan vazifalarni qamrab olgan “Yoʻl xaritalari” hamda universitetning 2023-yilgacha rivojlantirish indikatorlari ishlab chiqildi va hozirda bu vazifalar yuzasidan qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, universitetning yangi tuzilmasi ishlab chiqilib, uning tarkibidagi kafedralarning faoliyati xorijning yetakchi OTMlar tajribasi asosida qayta koʻrib chiqildi, kafedralar optimallashtirildi, yangi fakultetlar, yoʻnalishlar va mutaxassisliklarochildi.

    2020/2021 oʻquv yilidan boshlab universitetda taʼlim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Shu maqsadda, professor-oʻqituvchilar va masʼul xodimlar uchun “Academic Credit System: International Cases” va “Credit-modular EducationSystem: The Experience of Japan” mavzularida vebinar seminar-treninglar tashkil etilib,Koreya Respublikasi va Yaponiyaning kredit-modul tizimi tajribasi oʻrganildi.

    Qolaversa, yangi oʻquv yilidan universitetimizda kredit-modul tizimi asosida dars berish uchun xorijiy davlatlarning yetakchi OTMlaridan qator professor-oʻqituvchilar taklif etilgan.

    Shu bilan birga, universitetimizda xorijiy mamlakatlarning taniqli universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish borasida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yangi oʻquv yilidan Koreya Respublikasining Sangmyong universiteti bilan hamkorlikda “Koreys filologiyasi” hamda “Koreys tili va Koreya madaniyati” (Korean language & Culture) yoʻnalishi qoʻshma taʼlim dasturi doirasida 20 nafar talaba tahsil olishi koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, Hindistonning Gujarat universiteti bilan hamkorlikda “Lingvistika: (hind tili)” mutaxassisligi boʻyicha ham magistratura qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyildi.

    M.: Siz Oʻzbekistonda koreyashunos mutaxassislar tayyorlab beradigan yagona fakultet rahbarisiz. Shu nuqtayi nazardan, fakultetning taʼlim tizimi, maqsadi va strategik yoʻnalishlari nimalardan iborat?

    Sh.U.: Koreyashunoslik fakulteti nafaqat Oʻzbekiston, balki Osiyoda yagona fakultet hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, fakultetimiz koreyashunoslik sohasida kompleks umumdarajaga ega boʻlgan filolog va tarjimon kadrlar yetishtirish bilan birga, Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy, siyosiy, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshadigan yuqori malakali mutaxassislarni ham tayyorlashni koʻzda tutadi.

    Hozirgi kunda fakultetimizda 393 nafar talaba, 20 nafar magistrant, 4 nafar doktorant va mustaqil izlanuvchi tahsil olmoqda. Fakultetning “Koreys filologiyasi” hamda “Koreya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti” kafedralarida 34 nafar ilmiy-akademik salohiyatga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar faoliyat olib boradi.

    Shuningdek, koreyashunos mutaxassislarni tayyorlashda Koreyadan kelgan 10 nafar professor-oʻqituvchining katta hissa qoʻshayotganini ham alohida mamnuniyat bilan taʼkidlashim joiz.

    Fakultetda Koreya Respublikasining nufuzli oliy taʼlim muassasalari, xususan, Xankuk chet tillari universiteti, Seul Milliy universiteti, Xanshin universiteti, Xanyang universiteti, Busan chet tillari universiteti, Xandong universiteti, Dongkuk universiteti, Ixva universiteti, Kyongxi universiteti, Sunchon universiteti, Kyongdong universiteti hamda Sangmyong universitetlari bilan xalqaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

    2019-yilning sentyabr oyidan Koreya Respublikasining Sangmyong universiteti bilan “Filologiya va tillarni oʻqitish” (Koreys tili va madaniyati)” yoʻnalishi va Kyongdong universiteti bilan “Filologiya va tillarni oʻqitish (Koreyashunoslik)” yoʻnalishlari boʻyicha 2+2 dasturi asosida qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirildi. Hozirda mazkur dastur asosida 19 nafar talaba tahsil olmoqda.

    Oʻtgan davr ichida Xanyang universiteti bilan “Koreya iqtisodiyoti: buguni va kelajagi” mavzusida yil davomida onlayn darslari hamda Xankuk chet tillari universiteti va Busan chet tillari universiteti bilan “Tandem” innovatsion darslari yoʻlga qoʻyildi.

    M.: Yuqorida “tandem” darslari haqida gapirdingiz. Shu xususda batafsilroq maʼlumot bersangiz?

    Sh.U.: Aslida, “Tandem” soʻzi nemis tilidan olingan boʻlib, “ikki kishi boshqaradigan velosiped” maʼnosini ifodalaydi. “Tandem” darslari oʻquv jarayonidagi odatiy darslardan farq qilib, biror bir faoliyat turi yoki biror vazifani juftlik asosida amalga oshirishni nazarda tutadi.

    Masalan, “tandem” darslarimizda 14 nafar talaba ishtirok etsa, ularning 7 nafari koreys va 7 nafari oʻzbekistonlik talabalardan iborat. Ular juftlik boʻlib berilgan vazifalarni birgalikda bajarishadi. Bunda ikki millatga mansub talabalarning til oʻrganishi, oʻzaro kommunikatsiyasi va darsni puxta oʻzlashtirishga katta yordam beradi.

    Kelgusida mazkur innovatsion darslar koʻlamini kengaytirishni maqsad qilganmiz.

    M.: Bugungi kunda aksariyat oʻzbekistonlik yoshlar ingliz, rus tillari qatori koreys tilini ham oʻrganishmoqda. Mutaxassis sifatida koreyashunos boʻlish istagidagi yoshlarga qanday tavsiyalar berasiz?

    Sh.U.: Soha vakillari yaxshi bilishadi, oʻzbek va koreys tillari qarindosh til. Ular Oltoy tillari oilasiga kiradi. Shuning uchun ham oʻzbek va koreys tillarining grammatikasi va sintaksisida oʻxshash jihatlar mavjud.

    Qolaversa, har ikkala tilning leksik qatlamidagi asos soʻzlar bir xil oʻzakdan kelib chiqqanini ham kuzatish mumkin. Bundan tashqari oʻzbek va koreys xalqlarining madaniyati va urf-odatlari ham mushtarak.

    Aytilgan fikrlarimdan kelib chiqib, koreyashunos boʻlish istagidagi yoshlarga shularni tavsiya etaman:

    - koreys tili oʻzbek tili bilan qarindosh boʻlgani uchun uni boshqa tillarga nisbatan tez va qulay oʻzlashtirish mumkin;

    - til va madaniyat oʻzaro munosabatda. Har bir xalqning madaniyati uning tilida oʻz aksini topadi. Shuning uchun faqat til oʻrganishning oʻzi yetarli boʻlmaydi. Madaniyatlarni oʻrganishga ham eʼtibor qaratish kerak;

    - 2 yoki undan ortiq tilni bilgan inson uchun yana boshqa tillarni oʻrganish oson kechadi.

    M.: Boʻsh vaqtlaringizda nimalar bilan shugʻullanasiz va yoshlar albatta oʻqish kerak boʻlgan kitoblar boʻyicha tavsiyalaringiz?

    Sh.U.: Ochigʻi, boʻsh vaqtim deyarli boʻlmaydi. Boʻlganda ham uni asosan kitob oʻqishga va undagi fikrlar ustida mushohada yuritishga sarflayman.

    Yoshlarga, albatta, buyuk oʻzbek yozuvchilari A.Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romaniva A.Qahhorning hikoyalarini qayta-qayta oʻqishni tavsiya etaman. Chunki mazkur yozuvchilarning asarlarida oʻzbek tili oʻzining boyligi, imkoniyatlari va goʻzalligi bilan oʻz aksini topgan. Ularda qoʻllanilgan “tesha tegmagan” milliy iboralarni, ifodalarni, umuman badiiy tasvir vositalarini boshqa asarlarda uchratish qiyin.

    M.: Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

    Sh.U.: Oʻzbekistonda taʼlim sohasini rivojlantirishga, uni yangi bosqichga koʻtarishga hissa qoʻshish, ilm-fan taraqqiyotiga innovatsion gʻoyalarni olib kirish,oʻzbek ilm-fani yutuqlarini xorijda targʻib va tashviq qilishda faol ishtirok etishni niyat qilganman.

    Shuningdek, mamlakatimiz uchun yetuk koreyashunos mutaxassislarni tayyorlash asosiy maqsad va vazifalarimdan biridir.

    Nurillo Toʻxtasinov

    suhbatlashdi