Ko‘rgazma - zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga qiziqishni kuchaytirdi

    Taqdimotga qo‘yilgan elektr energiya va issiq suv ishlab chiqarish foto-issiqlik qurilmasi qishloq hududlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

    So‘nggi yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarning rolini oshirish, shuningdek ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliy ishlanmalarni tijoratlashtirishning samarali mexanizmlarini ta'minlash, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, intelektual mulk ob'ektlari mualliflarini hamda iqtisoyotning real sektori vakillarini rag‘batlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

    Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining 5 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining ishlanmalari ko‘rgazmasi hamda “Fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyasi – rivojlanish va taraqqiyot garovi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

    Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, tog‘-konchilik, farmatsevtika sohalarini rivojlantirishdagi salmoqli ilmiy hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda yangi texnologiyalarni tadbiq etish, mavjudlarini takomillashtirishdan iborat.

    Ko‘rgazmada Materialshunoslik, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari, Fizika-texnika, Yadro fizikasi, O‘simlik moddalari kimyosi, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi, Mikrobiologiya, Umumiy va noorganik kimyo, Polimerlar kimyosi va fizikasi, Bioorganik kimyo institutlari, FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda Konstruktorlik byurosi va tajribaviy ishlab-chiqarish ilmiy-texnik markazi olimlarining 100 ga yaqin ishlanmalari namoyish qilindi. Shuningdek, ko‘zrgazmada Navoiy viloyatida joylashgan yirik sanoat korxonalari hamda qishloq xo‘jaligi klasterlari vakillari va fermerlar, jami 200ga yaqin ishtirokchi qatnashishdi. Bundan tashqari, 10 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Bolgariya, Latviya, Belarusь, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Belьgiya davlatlari hamda Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari ilmiy-tekshirish institutlari, Ilmiy markazlari olimlari ishtirok etishdi.

    — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida kristalli kremniydan tayyorlangan 300 Vatt quvvatga ega fotoelektrik batareya asosida foto-issiqlik qurilmasi (FIQ) ishlab chiqildi. Mazkur tadbirda ushbu ishlanmaning asosiy muallifi sifatida ishtirok etdim, — deydi O‘zR Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining yetakchi ilmiy xodimi Xabibulla Sobirov. — Taqdimotga qo‘yilgan elektr energiya va issiq suv ishlab chiqarish foto-issiqlik qurilmasi qishloq hududlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ushbu qurilma ko‘rgazma ishtirokchilarida ham katta qiziqish uyg‘otdi.

    — Yarmarkada Genomika va bioinformatika markazi tomonidan DNK markerlari asosida yaratilgan tola sifati, hosildorligi yuqori bo‘lgan “Ravnaq-1” va “Ravnaq-2” g‘o‘za navlari, shuningdek, RNK interferentsiya texnologiyasida yaratilgan kartoshkaning yuqori hosildor “Bisyor” navi hamda “Istiqbolli uzum navlarini in vitro usulida ko‘paytirish texnologiyasi” mavzusidagi ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etdik, — deydi Genomika va bioinformatika markazi, Personallashtirilgan qishloq xo‘jaligini o‘rganish bo‘limi mudiri, biologiya fanlari falsafa doktori Muxtor Darmanov. — Ushbu ilmiy ishlanmalarga fermer va dexqon xo‘jaliklari, klasterlar tomonidan qiziqish bildirildi. Bundan tashqari, Navoiy viloyatidagi ilmga intiluvchan yoshlarni magistirlik ilmiy ishlarini Genomika va bioinformatika markazi bilan hamkorlikda, ya'ni markaz olimlari ilmiy rahbarligi ostida bajarilishi bo‘yicha kelishib olindi. Bu esa yoshlarni markazda olib borilayotgan zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlariga qiziqishini yanada orttirdi.

    Mazkur ko‘rgazma va xalqaro konferentsiya olimlar tomonidan yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, so‘nggi ilmiy ishlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash imkonini beradi.