O‘zbek xalqi nafaqat moddiy, balki boy nomoddiy madaniy merosga ham ega. Bu nomoddiy meros asrlardan-asrlarga ajodlarimiz tomonidan avlodlarga yetkazib kelinmoqda. Istibdod yillarida butun xalqimiz kabi nomoddiy merosimiz ham ko‘plab tazyiqlarga uchradi. Ammo xalq bu xazinani qalb qo‘ri bilan istiqlol yillarigacha omon saqlab keldi va olamga namoyon etishga kirishdi.
Shu o‘rinda, avvalo, nomoddiy meros nima, degan savolga qisqa javob qilsak. Nomoddiy meros muayyan bir xalqning asrlar davomida shakllangan og‘zaki ijodi, ijrochilik san’atlari, jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari, tabiat va koinot bilan bog‘liq bilimlari, an’anaviy hunarmandlikka oid bilim va ko‘nikmalaridir.
Mamlakatimiz 1992 yilda YuNESKOga a’zo bo‘lgach, Boysun madaniy muhiti, “Shashmaqom”, Katta ashula, Navro‘z bayrami, Askiya, Palov madaniyati va an’analari, Adras to‘qish kabi nomoddiy merosimiz namunalari YuNESKO reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Nomoddiy merosning 4 ta alohida ro‘yxati yuritiladi. Bular — zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxati, nomoddiy merosning reprezentativ ro‘yxati, nomoddiy merosning milliy ro‘yxati, nomoddiy merosning mahalliy ro‘yxati.
Biror mamlakat o‘zida yuritilayotgan nomoddiy meros milliy ro‘yxatidan qaysidir nomzodnomani YuNESKOning zudlik bilan muhofazaga olinishi lozim bo‘lgan ro‘yxatiga yoxud reprezentativ ro‘yxatiga kiritishi mumkin. Buning uchun YuNESKOning o‘z talablari va tartiblari mavjud. Mamlakat agar bu yil bir nomzodnomani YuNESKOga kiritsa, muayyan vaqt u yangi milliy nomzodnomani boshqalarga ham navbat tegishi uchun taqdim etmay turadi. Agar u milliy emas, ko‘p millatli (boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikdagi) nomzodnoma taqdim etsa, unda har yili nomzodnoma taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda nomoddiy merosimizning milliy ro‘yxatidan yuzdan ortiq nomzodnoma o‘rin olgan. Ularni bosqichma-bosqich tizimli ravishda YuNESKO ro‘yxatlariga kiritish, jahon ahliga ko‘z-ko‘z qilish Madaniyat vazirligi, tizim ixtiyoridagi ilmiy muassasalar, YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, qolaversa, sohada faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlarning birgalikdagi vazifalaridandir.
Buni dildan his etgan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi 2016 yil noyabr oyidan milliy ro‘yxatimizdagi “Xorazm raqsi — lazgi” nomzodnomasini YuNESKO reprezentativ ro‘yxatiga taqdim etish tashabbusi bilan chiqdi. YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagach, fond markaziy ofisida va Xorazm viloyatida mutaxassis va olimlar, tashabbuskorlardan iborat ishchi guruhlar tuzildi.
Xorazmdagi ishchi guruh faollari, jumladan, fondning Xorazm viloyati muassasasi raisi Komil Nurjonov va O‘zbekiston xalq artisti, lazgi raqsi bilimdoni, ham amaliyotchisi Gavharxonim Matyoqubova ma’lumotlarni jamlash yuzasidan dastlabki ishlarni amalga oshirdi. Keyin “Oltin meros” fondida mutaxassislar vazifalarni taqsimlagan holda izchil ish olib bordi. YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyaning sobiq kotibi Alisher Ikromovning qat’iyati, maslahatlari bilan 5 oydan ortiq vaqt ichida YuNESKO talablari aks etgan shakl to‘ldirilib, lazgi tarixi va buguni aks etgan 10 daqiqalik film suratga olindi. Lazgining xalqchilligi va latofati, ommaviyligi aks etgan 10 ta chiroyli surat tanlandi. G.Matyoqubova lazgi haqida risola tayyorladi. Mamlakatimizning turli burchaklaridan 30 dan ziyod davlat va jamoat tashkilotdan ushbu nomzodnomani qo‘llab-quvvatlovchi maktublar yig‘ildi. Ularning barchasi ingliz tiliga tarjima qilinib, maxsus kompakt diskka jamlangan holda, YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyamiz orqali Parijga yetkazildi. YuNESKO bosh qarorgohidagi elchimiz uni YuNESKOga taqdim etdi. Shundan so‘ng 2 yil davomida biz nomzodnoma yuzasidan YuNESKO bilan yozishmalar olib bordik. Nomzodnomani takomillashtirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etdik. Nihoyat, 2019 yilning 12 dekabr kuni tunda Kolumbiyaning Bogota shahridan “Xorazm raqsi — lazgi” nomzodnomasi YuNESKO reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani haqida xushxabar oldik. Mavridi kelganda butun xalqimizni, ayniqsa, nomzodnomani tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatgan olimu mutaxassislarni bu muvaffaqiyat bilan chin yurakdan tabriklayman. Ular nomzodnomani tayyorlashda beg‘araz, ishdan tashqari vaqtlarida biror ta’masiz mehnat qildi. Bu qadriyatlarimizga haqiqiy muhabbatning ifodasi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, hozirgacha YuNESKO tomonidan Turkiyaning “Mavlavi samo” (2005), Argentinaning “Tango” (2009), Peruning “Qaychi” (2010), Hindistonning “Chxau” (2010), Fransiyaning “Maloya” (2009), Ispaniyaning “Flamenko” (2010), Malavining “Mvinogi” (“Quvonch”) (2014), Saudiyaning “Al-mizmar” (2016), Keniyaning “Uokanada”, Kubaning “Rumbo” (2016) kabi 15 ga yaqin raqs reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan.
Endi bevosita xalqimiz ijrochilik san’ati va lazgi raqsiga kelsak, hamyurtlarimiz o‘zbek milliy raqs san’atining 5 ta farqli maktabi shakllanganini yaxshi biladi. Bular Farg‘ona-Toshkent, Xorazm, Buxoro-Samarqand, Qoraqalpoq, Qashqadaryo-Surxondaryo raqs maktablaridir. Bu maktablar bir-biridan o‘ziga xosligi, jozibadorligi, elementlari, harakatlarining mahalliy koloriti bilan farq qiladi.
Milliy raqs san’atimiz aniq ritm(usul)ga asoslanadi va harakatlar ohang o‘zgarishiga monand ravishda tizimga solinadi. Yuqorida qayd etilgan dastlabki uch maktab paydo bo‘lishi shu hududlarda mavjud bo‘lgan Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligi, Xorazm xonligi hukmronligi bilan izohlansa, qoraqalpoq millati vakillarining joriy hududga kelib joylashishi O‘zbekistonda raqs maktabining yangi ko‘rinishi shakllanishiga omil bo‘ldi. Qashqadaryo va Surxondaryo maktabi esa azaldan xalqona folklor unsurlarini jamlagani, erkin improvizatsiyasi bilan o‘ziga xosdir. Har qanday holatda ham raqs maktablarining ko‘pligi YuNESKO tomonidan alohida hurmat qilinadigan madaniyatning teran va rang-barangligi nishonasidir.
Raqsning barcha turlari kabi lazgining ham o‘ziga xos tarixi bor. Bu tarix mana shu mo‘’tabar zaminimizda asrlar bo‘yi yashagan ona xalqimiz taqdiri bilan uyqash va hamohang kechgan. Mutaxassislar lazgi tarixining ayrim harakatlarini inson yaralishi bilan bog‘laydi. Xalqimiz dahosining durdonalaridan bo‘lgan qadim “Avesto” ham ushbu raqs shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Jahon tarix fanining asoschilaridan biri bo‘lgan Gerodot o‘z asarida bundan 2500 yildan avval qadim xorazmiylarning Oks (Amudaryo) daryosi bo‘yida olov yoqib, alanga ustiga xushbo‘y giyohlar sepib, o‘yin-kulgi qilib, gulxan atrofida tuni bilan holdan toyguncha ajib raqs tushib, tongni qarshilashi haqida ma’lumot beradi.
Lazgi shakllanishida Xorazmning qishi qattiq kelishi ham o‘z aksini qoldirgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Osor ul-boqiya” asarida Xorazmda faqat 40 kun issiq bo‘lishi, qolgan oylar nisbatan salqin va sovuq bo‘lishini ta’kidlasa, Xorazmga tashrif buyurgan ajnabiy tarixchilar Ibn Fadlon va Abu Mansur as-Saolibiy ham o‘z asarlarida (masalan, “Idil (Volga)ga sayohat”, “Yatimat ad-dahr fi mahosin ahl al-asr” (“Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi” kabi) bu o‘lkaning sovuq iqlimi haqida xabar bergan. Shu bois, ayrim mutaxassislar raqsdagi titramalar — forsiy “larzidan” so‘zining o‘zagi ushbu raqs nomini belgilaganini aytadilar. Qadimiy sanskrit tilida ham “lasya” — “raqs”, “lasaka” — “raqqos” ma’nosini berishi qayd etiladi.
Sho‘rolar davrida ayrim “olim”lar hatto lazgi raqsi Kavkazdagi lezginlarnikidan olingan, degan soxta ilmiy xulosalarga ham kelgan. Tariximiz qadimiyligini shu taxlit xaspo‘shlashga urinishgan. Tarixiy manbalar aslida buning aksini ko‘rsatib turibdi. Tarixchi olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi 1225 yilda Tiflisni zabt etganida askarlarining bir qismi Kavkazda qolib ketgani, ular lazgining harbiycha harakatlarga monand ko‘rinishida raqs tushganlarini aytadi.
Har na qilganda ham lazgi raqsi bugungi kunlargacha yetib keldi. O‘zbekiston xalq artisti, lazgi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar qilgan va amaliyotchi murabbiy Gavharxon Matyoqubova “Lazgi tarixi” asarida ushbu raqsning 9 turini farqlab ko‘rsatadi.
“Bugungi kunda Xorazmda lazgi raqsining 9 turi mavjud, — deydi tadqiqotchi. — Mana shu lazgilar har xil sharoitda paydo bo‘lib, asrlar osha davrimizgacha yetib kelgan. Totemizm — “Masxaraboz lazgisi”, animizm — “Qayroq lazgisi”, zardushtiylik — “Olov lazgisi”, afsonalardan kelib chiqqan “Dutor” va “Surnay” lazgilari, fantaziya mahsuli bo‘lgan “Xiva lazgisi”, shart-sharoit taqozosiga ko‘ra paydo bo‘lgan “O‘G‘LON bola” lazgisi, “Garmon lazgisi”, elatlarining aralashuvidan kelib chiqqan Xorazm eroniylari lazgisi farqlanadi. Ularning ijro uslubi har xil. “Masxaraboz lazgisi”ni o‘ynaydigan ijrochi “Xiva lazgisi”ni yoki “Dutor lazgisi”ni o‘ynovchi “Garmon lazgisi”ni o‘ynay olmasligi mumkin. Shuning uchun lazgi ijrochilarining uslubi turlicha, biri ikkinchisiga o‘xshamaydi. Bu uslublarni o‘rganish juda qiyin. Lazgining o‘z ijrochisi bor. Lazgini istalgan raqqosa, san’atkor o‘ynay oladi, deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri. Lazgini yuksak darajada o‘ynash uchun ilohdan berilgan qobiliyat bo‘lishi kerak”.
Lazgining YuNESKO reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishi xalqimizni ruhlantirdi. Nomoddiy merosimizning xalqaro e’tirofi g‘ururimizni yuksaltirdi, albatta. Prezidentimizning Lazgi akademiyasini tashkil etishga oid tashabbusi, 2022 yildan boshlab Lazgi xalqaro raqs festivalini o‘tkazish haqidagi qarori kishini yanada quvontiradi. Bu chora-tadbirlar jahon ahliga boy milliy qadriyatlarimizni namoyon etish bilan bir qatorda, mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Shu o‘rinda millatimiz jonkuyarlari erishilgan yutuqlar bilan kifoyalanmay, YuNESKOga bu yil yangi nomzodnomalarni taqdim etganlarini ta’kidlamoqchiman. Olimlar, mutaxassislarimiz bu yil YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya kotibiyati ko‘magi bilan yana 5 ta nomzodnoma taqdim etdi.
Bular: Baxshi san’ati milliy nomzodnomasi; Nasriddin Afandi an’anaviy hajviyalari ko‘p millatli nomzodnomasi (Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston); Rubob yasash va chalish an’analari ko‘p millatli nomzodnomasi (Eron, O‘zbekiston va Tojikiston); Xalq o‘yinlari (etnosport) ko‘p millatli nomzodnomasi (O‘zbekiston va Tojikiston); Kashtachilik san’ati ko‘p millatli nomzodnomasi (O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston).
Quvonarlisi shuki, nomoddiy merosimizni targ‘ib etishda davlat tashkilotlari qatorida Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, “Umrboqiy meros” kabi jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
Amirqul KARIMOV,
Xalqaro “Oltin meros”
xayriya jamoat fondi raisi