Jumladan, “Art Stream”, “Fifflondon”, “Blackboard”, “Lift-Off Season Awards” va “IFFT” xalqaro tanlovlarida Lazgi raqsi tarixiga bagʻishlangan hujjatli film “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.
“2020-yilgi Yoshlar forumi doirasida yosh rejissyor ukamizdan taklif tushdi, — deydi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. — Loyihani yaxshilab oʻrganib, uni har tomonlama qoʻllab quvvatladik — vazirlik tomonidan loyihani amalga oshirish uchun zarur mablagʻ ajratildi va kerakli sharoit yaratildi. Qisqa fursat ichida “Lazgi” filmining bunday yutuqlarga erishishi davlatimiz rahbarining yurtimiz madaniy merosini asrashga qaratayotgan eʼtibori, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va, albatta, yoshlarga yaratilayotgan sharoit natijasi deb bilaman. Film ijodkorlarining keyingi faoliyatiga omad tilayman. Yurtimiz rivojiga hissa qoʻshuvchi isteʼdodli yoshlarimiz koʻpayaversin, biz ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”.
“Lazgi” hujjatli filmi Moskva shahrida har oyda boʻlib oʻtadigan “Art Stream” kinofestivalida “Raqs haqidagi eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film” deya eʼtirof etildi. Art Stream kinofestivali turli mamlakatlardagi barcha janrlarda faoliyat yurituvchi mustaqil kinematografistlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, “Lazgi” Londonda oʻtkaziladigan “Fifflondon” filmlar tanlovida “Tomoshabinlar tanloviga koʻra eng yaxshi film” sifatida tan olingan. Har oy mazkur tanlov hakamlar hayʼati yopiq namoyishlarda eng yaxshi badiiy, hujjatli va annimatsion filmlar mualliflarini taqdirlaydi.
Butun dunyo kino ishlab chiqaruvchilarini eʼtirof etishga bagʻishlangan “Blackboard” xalqaro kinofestivali boʻlib, unda “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.
Hindistonning eng yaxshi filmlarga bagʻishlangan “Lift-Off Season Awards” tadbiri isteʼdodli ijodkorlarning yuzlab filmlarini kashf qiladi. Ushbu festivalda Oʻzbekistonning “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi filmlardan biri” sifatida tan olindi.
Bundan tashqari, “Orange Film Academy”, Trissurdagi xalqaro kinofestival, Mediatadqiqotlar markazi, Sent-Tomas kolleji va Hindiston xalqaro folklor kinosi tomonidan tashkil etilgan “IFFT” (International Film Festival of Thrissour) taqdimotida “Lazgi” “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya eʼtirof etildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
“Bu filmni ishlash jarayonida Lazgi raqsining yoʻqolib borayotgan turlarini saqlab qolish, uni dunyoga namoyish etish va shu orqali madaniy merosimizga xorijliklarning eʼtiborini qaratishni maqsad qilgandim. Toshkentda oʻtgan Yoshlar forumida Turizm va sport vaziriga murojaat qildim va ular mening ushbu tashabbusimni toʻliq qoʻllab quvvatladi, hamda tezda filmni tasvirga olishga kirishib ketdik. Bizdek yoshlarni qoʻllab quvvatlagani, motivatsiya bergani uchun Turizm va sport vazirligi vakillariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman”, — deydi film rejissyori Ixtiyor Baxtiyorov.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa sanʼati instituti professori, Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi. Ardahan (Turkiya) universiteti goʻzal sanʼatlar fakulteti professori Botir Matyoqubov film haqida shunday fikr bildirdi:
“Dunyoda shunday xalqlar borki ularning qandayligini hunarmandchiligi, sanʼati va raqslari orqali kashf qilasiz, yodda saqlaysiz. Masalan, ukrainlarning “Gopak”i, dogʻistonliklarning “Lezginka”si, Oʻzbeklarning “Lazgi”si yoki “Andijon polkasi” va boshqalar. “Lazgi” raqsi qadim zamonlarda yuzaga kelgan boʻlsada, bizning asrimizga kelib dunyoga tanildi va YUNESKO shafeligiga olindi. Bugungi kunga qadar 50dan ortiq ijodkorlar uning yangi turlarini yaratishdi. “Lazgi” haqda qisqa hamda toʻliq metrajli filmlar ishlanib, dunyo kezmoqda va sayyohlarni “Lazgi” vatani boʻlgan Xorazmga chorlamoqda. Yoʻqolib borayotgan cholgʻu asboblarning chalinishi hamda raqsning tarixini va uning naqadar goʻzalligini ochib bergan bu film menga juda manzur boʻldi. Parvozingga koʻz tegmasin, otashin, shijoatli, joʻshqin Lazgim!”