Lazgi, shashmaqom, askiya va palov YUNESKO ro'yxatiga tavsiya etildi

    Madaniyat 9 Sentabr 2020 5660

    O'zbekiston tomonidan 1993 yildan 2020 yilgacha YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga 5 ta moddiy-madaniy meros ob'ekti va 8 ta nomoddiy madaniy meros nomzodnomasi kiritilgan bo'lib, 2030 yilgacha 10 dan ortiq madaniy meros ob'ekti va 5 dan ortiq nomoddiy meros nomzodnomasi kiritilishi rejalashtirilgan.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O'zbekiston Respublikasi hududidagi madaniy meros ob'ektlarini YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga hamda Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro'yxatiga kiritish bo'yicha takliflar tayyorlash, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so'roviga madaniyat vaziri O.Nazarbekovning javobi chuqur tahlil qilindi.

    Bu haqda O'zAga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar qildi.

    Vazirlik javobida qayd etilishicha, nomoddiy madaniy merosni saqlash va targ'ib qilish bilan bog'liq masalalarda YUNESKO Umumjahon merosi qo'mitasi bilan doimiy aloqalar olib borilmoqda.

    Bugungi kunda YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga O'zbekiston tomonidan tavsiya etilgan 7 ta nomzodnoma kiritilgan. SHashmaqom, Navro'z, Katta ashula, Askiya, Palov madaniyati va an'analari, “Xorazm raqsi – Lazgi” shular jumlasidan. SHuningdek, YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo'yicha eng yaxshi tajribalar reestriga “Marg'ilon hunarmandchilik maktabi: atlas va adras to'qish texnologiyasi” nomzodnomasi kiritilgan.

    Joriy yilda Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda YUNESKO ishlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va boshqa tashkilot vakillari ishtirokida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga “Baxshi san'ati” nomzodnomasi tayyorlanib topshirilgan.

    O'zbekiston nomoddiy madaniy merosining yangilangan milliy ro'yxati tasdiqlangan bo'lib, unga beshta yo'nalish bo'yicha 60 dan ziyod nomzodnoma kiritilgan. SHuningdek, YUNESKOning zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo'lgan nomoddiy madaniy meros ob'ektlari ro'yxatiga – Qo'biz ijrochiligi, YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga beshta – baxshi san'ati, etnosport, yog'och o'ymakorlik san'ati, xalfachilik, o'zbek jang san'ati, shuningdek, YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros muhofazasiga oid eng yaxshi tajribalar reestriga tavsiya etilishi rejalashtirilayotgan ishlar ro'yxatiga Rishton kulolchilik maktabi tavsiya etilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig'i asosida ayni paytda Madaniyat vazirligi YUNESKO ishlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlar instituti (MITSAI) bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida joylashgan CHor Bakr va Bahouddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, CHashmai Ayub va Somoniylar maqbaralari, qadimgi Poykent, Varaxsha, Vardonze va Kurtoni Romitan arxeologiya merosi ob'ektlarini YUNESKOning Umumjahon merosi ob'ektlari ro'yxatiga kiritish bo'yicha nomzodlik hujjatlari tayyorlanmoqda.

    Navoiy viloyatidagi Mavlono Orif Deggaroniy majmuasini nomzodlar ro'yxatiga kiritish bo'yicha tadqiqot ishlari COVID-19 pandemiyasining ta'siri sababli biroz kechiktirilmoqda.

    Nomoddiy madaniy merosni asrash va keng targ'ib etish maqsadida xalqaro va respublika miqyosida ko'rik-tanlov va festivallar doimiy ravishda tashkil etilmoqda. 2022 yildan boshlab Xiva shahrida Lazgi xalqaro raqs festivali o'tkazilishi rejalashtirilgani diqqatga sazovor.

    Vazirlik javobida keltirilgan raqamlar, tahlillar garchi, parlament a'zolarini qanoatlantirgan bo'lsa-da, ushbu yo'nalishdagi ishlarni yanada faollashtirish, samaradorligi yuqori bo'lishiga erishish zarurligi ta'kidlandi.