Bu xalqimizning insoniyat tafakkuri rivojiga qo'shgan ulushini butun dunyo bo'ylab namoyish etish, mahalla bilan bog'liq boy ma'naviy merosimizni qayta tiklash va bardavomligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Keyingi yillarda o'zini o'zi boshqarishning noyob tizimini chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy islohotlar bilan bir qatorda aholi bandligini ta'minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli yordam ko'rsatish, ishsizlarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitish, kambag'allikni qisqartirish bilan bog'liq keng qamrovli chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
O'zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboev bilan suhbatimiz yurtdoshlarimiz hayotida ro'y berayotgan ana shunday yangilanishlar,mahalla instituti mavqeini yuksaltirishga oid huquqiy va amaliy ishlar, mahallabay ishlash tizimi samarasi, milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga asl holicha etib borishiga qaratilgan yangicha tashabbus va loyihalar xususida bo'ldi.
– Mahalla tizimidagi o'zgarishlar yurtimizdagi ma'naviy evrilish, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish jarayonida qanday iz qoldirmoqda?
–Yangi O'zbekistonni barpo etish, milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan hayotbaxsh islohotlar yildan yilga kengayib, yangicha ma'no-mazmun bilan boyib boryapti. Bu jarayonda xalqimizning faol ishtirokini ta'minlash, erkin fuqarolik jamiyati, buyuk va qudratli davlat poydevorini yurtdoshlarimiz bilan birga qurish yo'lida dadil qadam tashlanyapti. Bunday ezgu maqsadlarga erishishda mahalla institutining o'rni muhim. Shu bois, odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo'lish mahallaning asosiy vazifasi ekani bot-bot aytiladi. Mahalla xalq bilan davlat o'rtasidagi ko'prik bo'lishi kerakligi ta'kidlanib, bu yo'nalishdagi ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy jihatlari yildan yilga takomillashmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla instituti maqomi mustahkamlandi. Barcha soha va yo'nalishlar bo'yicha mahallabay ishlash tizimi joriy qilinib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amaliyotga tatbiq etildi.
Oxirgi etti yilda tizimni takomillashtirishga doir yuzga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar etakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat ta'sirchan tuzilma faoliyati yo'lga qo'yilgani ijobiy samara beryapti. Jumladan, mahallalarda tadbirkorlik faoliyati rivojlanib bormoqda. Bu esa yangi ish o'rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilishi orqali oilalar farovonligini oshirish, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo'g'in sifatida ishlashini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni hamda “O'zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo'lga qo'yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori mazkur tuzilmaning jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo'lmoqda. Ushbu hujjatlar asosida respublika, viloyat, tuman va shahar mahallani qo'llab-quvvatlash kengashlari, O'zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi.
Har bir fuqarolar yig'inida “mahalla ettiligi” shakllantirilib, aniq vazifalari, birgalikda qiladigan ishlari belgilab berildi. Mahalla xodimlari faoliyatini asosiy samaradorlik ko'rsatkichlari bo'yicha alohida baholash tartibi joriy etilmoqda. Barcha mahallalarda “mahalla byudjeti” tizimi yo'lga qo'yildi. eng muhimi, mahallaning aholiga ijtimoiy ko'mak berish borasidagi vakolatlari kuchaytirildi. endilikda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “YOshlar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko'rsatish va subsidiya ajratish “mahalla ettiligi”ning birgalikdagi qarori asosida amalga oshirilyapti.
Mahalla, avvalo, ma'naviyat, tarbiya beshigi. Bugungi yangilanishlar jarayonida uning ushbu tarixiy xususiyatini asl holicha saqlash va boyitish ham e'tiborda. Bu yo'nalishda “mahalla – maktab” kontseptsiyasi asosida ko'plab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, targ'ibot ishlari yuritilyapti. “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi faol ishlamoqda. Tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda “Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul” loyihasi amalga oshirilyapti.
– Aholini qiynayotgan muammolar echimi bo'yicha mahallaga murojaat qilish tizimi qanday samara beryapti?
– Bu tizim yildan yilga takomillashib, “Inson qadri uchun”, “Inson manfaati hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” kabi insonparvarlikka yo'g'rilgan ezgu tamoyillar ijrosining muhim ko'zgusiga aylanmoqda. Ayniqsa, Konstitutsiyamizda aholining mahallaga murojaat qilish huquqi mustahkamlangani bu jabhadagi ishlarning takomillashuvida muhim huquqiy asos bo'ldi.
Bundan tashqari, Bosh qonunimizda mazkur fuqarolik jamiyati instituti mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlari, rivojlanishning tarixiy o'ziga xos xususiyatlari, milliy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an'analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli ekani belgilangani aholi murojaatlari bilan ishlashda keng istiqbollarni ochdi.
Endiodamlar o'zlarini qiynayotgan muammolar echimini hal etishni so'rab har xil idoralarga qatnashiga hojat qolmadi. Bugungi kunda mahallaga murojaat qilish orqali ko'pgina masalalargaijobiy echim topyapti.Ayniqsa, kundalik hayotimizda muhim o'rin tutadigan, hayot kechirish uchun zarur bo'lgan yo'l, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa masalalar bo'yicha mahallalar tizimli ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, barcha rahbarlar mahallalarga borib, o'z sohasi bo'yicha aholini qiynayotgan muammolarni o'rganishi va uni joyida hal etishi ham yo'lga qo'yildi. 2023 yil aholi e'tiroziga sabab bo'layotgan ana shunday muammolarni aniqlash va joyida hal etish maqsadida 2 ming 857 ta sayyor qabulo'tkazildi, qabullar davomida 21 ming 255 fuqaroning murojaatiga joyida echim topildi.
Mahalla raislari va “ettilik” vakillari ehtiyojmand, kam ta'minlangan, oilaviy sharoiti og'ir xonadonlardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni muntazam ravishda xonadonbay o'rganmoqda va aniqlangan muammolarning echimini topish choralari ko'rilyapti.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ham mahallalar hayotiga oid ko'plab masalalar hal etilayotir. Jumladan, 2023 yilda aholi tomonidan suv, elektr energiyasi, yo'l, maktab kabi yo'nalishlar bo'yicha taklif berilgan loyihalar uchun 8 trillion so'm yo'naltirildi.
Mahallalarda ijtimoiy daftarlar yuritish orqali aholi muammolarini hal qilish borasidagiishlar ham kambag'allikni bartaraf etish, oilalarning daromadini oshirishda samarabermoqda. O'tgan yil “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 405 mingdan ortiqishsiz yurtdoshimizga subsidiya ajratildi. Tabiiyki, bu imkoniyatlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga joyida echim topish, xalqimizni rozi etishga xizmat qilmoqda.
Mahallani jamoatchilik va davlat organlari o'rtasidagi tayanch bo'g'inga aylantirish joriy yilgi davlat dasturida ham ustuvor yo'nalishlardan biri etib belgilangan. Xususan, 2024 yil 1 apreldan “Tashabbusli byudjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidankeyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etiladi. 1 avgustga qadar esa fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga “Tashabbusli byudjet” doirasidagiloyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma'lumotlar olish, mablag' o'z vaqtida va to'liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratilmoqda.
– Mahalla obodligi – yurt obodligi, degan qarash bugun hayotimizga chuqur singib boryapti. Ushbu yo'nalishdagitegishli dastur va loyihalar samarasi haqida ham to'xtalib o'tsangiz.
–Qaysi sohada ishlashimizdan qat'i nazar, barchamizning yashash joyimiz mahalla hisoblanadi. Shu bois, mamlakat miqyosidagi islohotlar mahalla hayotida aks etsagina bu yangilanishlar nafasi har bir insonning hayotiga kirib boradi. Bugungi kunda islohot va o'zgarishlarni mahalla darajasida tashkil etishdan ko'zlangan maqsad ham shu aslida. Zero, mahallaga kirib borgan islohotlar oilalarga, inson qalbiga etib boradi. Uni har kim o'z hayoti, taqdiri misolida his etadi. Ayniqsa, mahallaning chiroy ochishi, infratuzilmasi yaxshilanishidan, avvalo, shu hududda yashayotgan insonlar bahramand bo'ladi.
Shu ma'noda, yurtimizda so'nggi yillarda izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining bu boradagi o'rnini alohida qayd etish joiz. Ushbu dasturlar doirasida joylarda bajarilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida qishloq va ovullar, aholi yashash hududlarida yo'l-transport infratuzilmasi yaxshilanyapti. Joylarda ijtimoiy soha inshootlari qurilyapti, xizmat ko'rsatish shoxobchalari ko'paymoqda. Olis tuman va qishloqlarga ham ichimlik suv tarmoqlari tortilyapti. Natijada aholi turmush sharoiti yaxshilanmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi natijasida o'tgan yili 1 ming 297 ta qishloq va mahallada qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda minglab kilometr elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilindi. Joylarda yangi bozorlar va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. Ko'chalarga tungi yoritish chiroqlario'rnatildi, sug'orish tizimlari yaxshilandi. Bu imkoniyatlar chekka qishloqlarda ham shahardan kam bo'lmagan sharoit yaratishga, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mahallalar obodligini ta'minlashda “Yashil makon” umummilliy loyihasining o'rnini alohida qayd etish joiz. Bu boradagi ishlar tufayli hududlarda bog'-rog'lar, yashil hududlar kengaymoqda. Aholi yashash manzillari kundan kun chiroy ochib, go'zallikka burkanyapti. Mahallalarni obod qilish, infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi bunday ishlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan o'zgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga zamin yaratmoqda.
– Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish islohotlarning muhim yo'nalishiga aylandi. Bu ishlar xalqimizning hayotida, turmush tarzida qanday o'zgarish yasayapti?
–Darhaqiqat, keyingi yillarda mahallalarda tadbirkorlik muhiti kuchayib boryapti. Bu voqelik tarixiy an'analarimiz bilan hamohangdir. Zero, yaratish va bunyodkorlikni yuksak qadrlagan ota-bobolarimiz azal-azaldan farzandlariga ta'lim-tarbiya berish barobarida hunar o'rgatishga ham alohida e'tibor qaratgan.
Bugun mahallalarda yo'lga qo'yilayotgan tadbirkorlik loyihalarihar bir mahallaning o'ziga xos an'analari, imkoniyatlari hisobga olingan holda ro'yobga chiqarilyapti. Bu ishlar natijasi esa qisqa muddatda o'z mahsulini beryapti. Mahallalarda ishlab chiqarish, sanoat, tadbirkorlik, hunarmandlik, tomorqachilik rivojlanib boryapti.
Mahallabay tizim joriy etilgan oxirgi ikki yilda mahallalarda 176 mingta yuridik va 194 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ekti davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyasi bilan qariyb 900 mingta loyihaga 20 trillion so'm imtiyozli kredit ajratildi. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 92 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 380 mingta ish o'rni yaratildi. Bu raqamlar ortida qanchadan qancha odamlar, oilalar taqdiri yotibdi. Ana shu ishlar natijasida boqimandalik kayfiyati kamayib, tadbirkorlik muhiti, ajdodlarimiz an'analariga mos yaratish zavqi kuchayib boryapti.
Eng muhimi, bu xayrli ishlar to'xtab qolmayapti. Aksincha, yangi-yangi mezonlar asosida rivojlanmoqda. Yaqinda Prezidentimizning Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumaniga tashrifi asnosida bunga yana bir karra ishonch hosil qildik. Davlatimiz rahbari yashash sharoitlari, aholi o'rtasida tadbirkorlikni yo'lga qo'yish, oilalarning daromadini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishib, tomorqa va uy xo'jaliklaridagi imkoniyatlarni to'liq ishga solish orqali qishloq aholisining turmushini yanada yuksaltirish borasidagi vazifalarni belgilab berdi. Bu chora-tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish mahalla tizimi xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Zero, bugun xalqimiz o'z hayotida sezishi uchun hamma ishlar mahallada tashkil qilinyapti. Maqsad esa oilalarning daromadini oshirish, xalqni boy qilish.
– Mahallalar yanada obod va fayzli maskanga aylanishi, xalqimizhayotidagi o'rni yuksalishi uchun bu tuzilmaning moddiy-texnika bazasi ham shunga mos bo'lishi kerak,albatta. Uyushma bu borada mahallalarga qanday ko'mak beryapti?
– To'g'ri, yaxshi ishlash uchun sharoit ham shunga mos bo'lishi kerak. SHuni inobatga olib, uyushma faoliyati yo'lga qo'yilgan ilk kunlardanoq mahallalarning moddiy-texnika salohiyati yuzasidan o'rganish o'tkazdik. Ma'lum bo'lishicha, hozir 1 ming 100 dan ko'proq mahalla haliyam o'z binosiga ega emas. Qolaversa, ko'pgina mahallalarda ish jarayonida foydalaniladigan texnika va texnologiyalar eskirgan. Bu muammoni hal etish uchun mahalliy hokimlar bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Bir qator viloyatlar mahalla binosini yangilashni zimmasiga olyapti. Ularni uyushma hisobidan jihozlamoqchimiz. Qolgan hududlarda ham bu masalada izlanish olib borilyapti.
Eng muhimi, bu masala davlatimizning alohida e'tiborida. Davlat dasturida bu yo'nalishda muhim vazifalar belgilangan. Jumladan, mahalla faoliyatini raqamlashtirish, “Mahalla balansi”ni shakllantirish bilan bog'liq muhim chora-tadbirlar ko'zda tutilgan.
– Yurtimizdagi har bir mahallaning o'z tarixi bor. Buni ularning nomlanishi ham ifoda etadi. Ushbu tarixiy salohiyatni asrash va yoshlarga etkazishda qanday ishlar rejalashtirilgan?
–Bugun yurtimizda 9 ming 452 ta mahalla faoliyat yuritmoqda. Ularni nomlashda hududning tarixiy nomi va aholi tashabbuslari inobatga olinyapti. Bu borada joylardagi atamalar bo'yicha komissiyalar bilan mahalla faollari yaqindan hamkorlikda ish olib boradi. Ko'pgina mahallalarimiz o'z tarixini o'rganish va targ'ib etish bo'yicha muayyan ishlarni amalga oshiryapti. Buni mahallalarda tashkil etilgan mahalla tarixi bo'yicha burchaklardan ham bilish mumkin.
Ammo, bugungi ma'naviy islohotlar talabidan kelib chiqib bu ishlarni yanada jonlantirish, yoshlarning o'zi yashayotgan hudud tarixi bo'yicha bilim va dunyoqarashini boyitish zimmamizdagi asosiy vazifa. Zero, tarixini bilgan har bir yigit-qizning o'zligiga sadoqati kuchli, yurtga muhabbati yuksak bo'ladi. Kelgusida bu yo'nalishda taklif va tashabbuslarni o'rganib, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.
Zero, bugungi globallashuv davri ma'naviy-ma'rifiy sohadagi ishlarni aslo susaytirishga yo'l bermaydi. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, ma'naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “ezgulik – shiorimiz, ma'rifat – qurolimiz”g'oyasi asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Bu borada jamoamizda salohiyat va imkoniyat etarli. Ishonchim komilki, zimmamizga yuklangan vazifalarni munosib ado etib, xalqimizni rozi qilishga erishamiz.
Bugun yurtimizni qo'shaloq bayram shukuhi kezib yuribdi. Ya'ni Navro'z ayyomi bilan bir qatorda Mahalla tizimi xodimlari kuni ham nishonlanyapti. Qolaversa, bu yilgi milliy bayramlarimiz Ramazon oyiga to'g'ri kelganida ham o'zgacha hikmat bor. Zero, bunday saodatli kunlarda, ulug' ayyomlarda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo'ladi. Bu esa xalqimizga, yoshlarimizga o'zlikni anglatish, jamiyatimizda mehr-oqibat, xayr-saxovat muhitini kuchaytirishga zamin bo'ladi.
Fursatdan foydalanib, shunday shukuhli kunlarda tilagim shuki, avvalo, yurtimiz tinch bo'lsin.Har bir xonadon va mahalladan doimo shodlik va baxt sadosi taralib tursin. Hamkasblarimizga ham el-yurt manfaati yo'lida qilayotgan xayrli ishlarida hamisha omad yor bo'lishini tilayman. Kimning dilida qanday ezgu niyat bo'lsa, ro'yobini bersin.
Asrlar osha boqiy yashab kelgan qadriyatlarimiz bardavom bo'lsin!
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Bahor Xidirova suhbatlashdi