Maktab oʻqituvchilarining maoshini 7,2 million soʻmga yetkazish mumkin boʻlardi, agarki...

    2022-yilda norasmiy sektorda band boʻlgan ishchilar hisobiga davlat byudjetiga soliq koʻrinishida 32,9 trillion soʻm mablagʻ tushmagan.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Oʻzbekistonda norasmiy bandlik holatini tahlil qildi.

    Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda jami iqtisodiy faol aholi 14,98 million kishini tashkil qilgan. Ularning jami 13,7 million nafari ish bilan band boʻlgan. Rasmiy sektorda band boʻlganlar soni 6,5 million (47 foiz) nafarni tashkil qilgan.

    Iqtisodiy faol aholi iqtisodiyotda band boʻlganlar va ishsizlarni oʻz ichiga oladi. Bunga talabalar, bola parvarishi bilan dekret taʼtiliga chiqqanlar va oʻz xohishiga koʻra ishlamaydiganlar kirmaydi.

    Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha jami norasmiy sektorda band boʻlganlarning eng katta ulushi, yaʼni 34 foizi qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklarida mehnat qiladi. Xuddi shu koʻrsatkich savdo va qurilishda 14 foiz, sanoatda 11 foizni tashkil etadi.

    Norasmiy bandlar bu yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan korxonalarda ishlaydigan ishchilardir. Ushbu toifaga mehnat munosabatlarini roʻyxatdan oʻtkazmasdan ishlaydigan hufyona sektor vakillaridan tashqari, roʻyxatdan oʻtmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini-oʻzi band qilganlar va ularning ishchilari kiradi.

    Taʼkidlash lozimki, norasmiy sektorning kattaligi hukumatlarga iqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish va iqtisodiyotni tartibga solishda qiyinchilik tugʻdiradi.

    Norasmiy sektorda band boʻlganlar sohalar kesimida rasmiy sektorda band boʻlganlar bilan bir xil miqdorda ish haqi oladi, deb faraz qilinsa, 2022-yilning oʻzida 9 milliondan ortiq kishi norasmiy sektorda band boʻlgani hisobiga davlat byudjetiga soliq koʻrinishida 32,9 trillion soʻm mablagʻ tushmagan.

    Byudjet mablagʻlarining yarmidan koʻpi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilishi inobatga olinsa, bu mablagʻ hisobiga:

    - 500 oʻquvchi oʻrniga ega 4 100 ta umumtaʼlim maktabi qurish yoki barcha hududlardagi taʼlim oluvchilarni sifatli taʼlim bilan qamrab olish uchun mavjud 10 522 ta umumtaʼlim maktabining moddiy-texnik bazasini zamonaviy oʻquv anjomlari bilan taʼminlash yoki

    - 3 737 ta ambulator tibbiy muassasa qurish yoki

    - sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarining oylik maoshini 7,8 million soʻmga yetkazish yoki

    - umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining maoshini 7,2 million soʻmga yetkazish mumkin boʻlardi.

    Yaʼni, tegishli soliqlarni toʻlamasdan biroz koʻproq daromad olish orqali “yutish” bevosita boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda “yutqazish”ga olib kelmoqda.

    Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda norasmiy sektorda band boʻlganlar soni maʼlum darajada kamaygan. Norasmiy bandlar ulushi 2020-yilda 43 foizdan 2022-yilda 40 foizga kamaygan.

    Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022-yil 30-avgustdagi “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha taʼsirchan yangi mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, oʻzini-oʻzi band qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, soliq sohasida qulayliklar yaratish, tadbirkorlikni raqamlashtirish va rivojlantirish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil qilish koʻzda tutilgan.

    Tegishli ravishda, ijtimoiy sohadagi muammolarni hal qilishda norasmiy iqtisodiyotni rasmiylashtirish va rasmiy biznesning oʻsishini qoʻllab-quvvatlash choralarini izchil davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda Germaniyaning mini jobs, Belgiyaning service voucher tashabbuslariga oʻxshagan samarali va hududiy oʻziga xos jihatlarni inobatga olgan innovatsion mexanizmlarni joriy etish, ayniqsa muhim.

    Eng muhimi, har birimizning rasmiy faoliyat yuritish borasidagi qarorimiz oʻzimizga va jamiyatga yuqoridagi kabi qator afzalliklar berishini, hayotimizning sifat jihatdan yaxshilanishiga hissa qoʻshishini yodda tutishimiz lozim.