Maktabgacha taʼlimning yangi shakli bolalarni oʻqishga tizimli tayyorlaydi

    Ta'lim 25 Iyul 2023 2113

    Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson hayoti davomida oladigan barcha maʼlumotning yetmish foizini besh yoshgacha boʻlgan davrda olib ulgurishi aniqlangan. Bu davrda bola dunyoni anglaydi, ona tilini oʻzlashtiradi, ota-onasi, oilasi, mahallasi, Vataniga mehri uygʻonadi.

    Umri davomida olinadigan bilimlarga zamin hozirlaydi. Bunda, eng avvalo, oila asosiy rol oʻynasa, maktabgacha taʼlim tashkilotining hissasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mamlakatimizda aynan maktabgacha taʼlim uzluksiz oʻqitish tizimining ajralmas boʻlagiga, taʼbir joiz boʻlsa, poydevoriga aylangan.

    Toʻplangan xalqaro tajribalarga koʻra, sifatli maktabgacha taʼlimga sarmoya kiritish bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash, ijtimoiy moslashuvi, zaruriy bilim va ijtimoiy-hissiy koʻnikmalarini rivojlantirishni taʼminlaydi.

    Oʻtgan yili noyabrda Toshkentda oʻtkazilgan YUNESKOning kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II butunjahon konferensiyasida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingandi. Unda kichik yoshdagi bolalarni erta rivojlantirishda YUNESKOga aʼzo mamlakatlarning maslahatlashuvi hamda oʻzaro hamkorligi davom etishi belgilangan. Shuningdek, “Taʼlim kutib turmaydi” shiori ostida kichik bolalarga taʼlim-tarbiya berishni qoʻllab-quvvatlash uchun kelgusida xalqaro koʻmakni safarbar qilish va kuchaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida 2019-2023-yillarga moʻljallangan taʼlim sohasini rivojlantirish rejasiga muvofiq, Jahon banki bilan hamkorlikda yurtimizning olis tumanlari va chekka hududlarida maktabgacha taʼlimning yangi — muqobil shakllari amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, Namangan viloyati Kosonsoy pedagogika kolleji va Samarqand viloyati Tayloq pedagogika kollejida “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida tajriba-sinov tariqasida har biri 20 ta rivojlantiruvchi oʻyin guruhini oʻz ichiga olgan “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Bolaning yoshi va individual imkoniyati, qobiliyati va ehtiyojiga mos ravishda keyingi jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishi, ijtimoiy moslashuvi, alohida ehtiyojli bolalarga individual taʼlim dasturlari, shuningdek, zamonaviy inklyuziv maktabgacha taʼlim-tarbiya olish imkonini beruvchi qulay muhit yaratish kunning muhim vazifasidir. Loyihadan koʻzda tutilgan asosiy maqsad ham shu. Bu oʻz oʻrnida bolalarda Vatanga muhabbat, oilasiga, xalqining milliy, tarixiy, madaniy qadriyatlariga, atrof-muhitga hurmat tuygʻusini shakllantirish, boshlangʻich taʼlimga tayyorligini taʼminlash, taʼlim-tarbiya jarayonida bolaga va ota-onalarga har tomonlama yordam berish hamda maktabgacha taʼlimga qamrab olinmaganlar uchun teng imkoniyat yaratishga xizmat qiladi.

    Loyiha doirasida Samarqand va Namangan viloyatlarida imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modelini tajriba sifatida joriy qilish maqsadida alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun pedagoglar tanlab olinib, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish boʻyicha seminar tashkil etildi.

    “Ilk rivojlanish markazlari” Samarqand va Namangan viloyatlarida uch model asosida faoliyat koʻrsatmoqda. Birinchi model boʻyicha 3–6 yoshli bolalari boʻlgan, maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan, shuningdek, chekka qishloq joylarda yashovchi va maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlmagan oilalarga boriladi. U yerda bolalar bilan ishlash oilalarda, ota-onalarning faol ishtirokida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

    Ikkinchi model oʻyin guruhlari asosida ishlaydi. Bu guruhlar 3–7 yoshli bolalar uchun “Ilk rivojlanish markazi”da ochiladi. Taʼlim-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga muvofiq amalga oshiriladi, ota-onalar ixtiyoriy ravishda ishtirok etsa boʻladi. Oʻyin guruhlari muayyan yosh yoki turli yoshdagi bolalardan tashkil topadi. Ushbu guruhdagi bolalar 15 nafardan 20 nafargacha boʻlishi mumkin.

    Uchinchi model boʻyicha sogʻligʻi tufayli imkoniyati cheklangan 2–6 yoshli bolalari boʻlgan oilalarga boriladi. Alohida taʼlimga muhtoj bolalar bilan ishlashda ota-onalarga zarur psixologik-pedagogik yordam koʻrsatiladi. Uyga defektolog, psixolog, tarbiyachilar boradi. Ushbu loyiha doirasida bugun Samarqand viloyatida 794 ta, Namangan viloyatida 939 ta oila qamrab olingan.

    Oʻtgan davrda birinchi model boʻyicha Samarqand viloyatida 276 ta, Namangan viloyatida 536 ta oila qamrab olingan. Ikkinchi model boʻyicha Samarqand viloyatida tashkil etilgan 11 ta oʻyin guruhiga 277 nafar oʻgʻil-qiz jalb etilgan. Namangan viloyatida esa 14 ta oʻyin guruhida ayni paytda 353 nafar bola taʼlim-tarbiya olmoqda.

    Uchinchi model boʻyicha Samarqand viloyatida 60 ta oilaning qariyb 800 nafar, Namangan viloyatida 53 ta oilaning 980 nafardan ziyod farzandi qamrab olindi. Guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida bir kunda 2 smena (navbat) bilan 3-3,5 soat vaqt oraligʻida olib boriladi. Mazkur guruhlarda faoliyat koʻrsatadigan pedagog-tarbiyachilar loyiha doirasida tashkil etiladigan treninglarda xalqaro ekspertlar yordamida malaka oshiradi.

    Maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlimning poydevoridir. U bolaning sogʻlom va rivojlangan shaxs boʻlib shakllanishini taʼminlab, oʻqishga ishtiyoq uygʻotadi, tizimli oʻqitishga tayyorlaydi. Shunday ekan, bu tizimni yanada kuchaytirish, nafaqat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, balki oilalarda ham har tomonlama qulay shart-sharoit yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs boʻlib shakllanishida muhim oʻrin tutadi.

    Noroy SOATOVA,

    Maktabgacha taʼlim agentligi

    bosh mutaxassisi