Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash loyihalarida ishtirok etishga tayyor

    Investitsiyalar 17 Iyul 2020 1159

    Elektr energiyasi va chiqindilarni mamlakatimizda utilizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari ishtirokida «MEP Enviro Technology Sdn. Bhd.» kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda, “Dunyo” AA muxbiri.

    Qayd etish joiz, rangli va kamyob metallarsiz yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishning imkoni yo‘q. Shu bilan birga, ushbu manbalar tabiatda sezilarli darajada cheklangan va qayta tiklanmaydigan resurs hisoblanadi. Bu esa ulardan ikkilamchi foydalanishni nafaqat O‘zbekistonda balki, dunyoda dolzarb masala ekanini ko‘rsatadi.

    Hozirgi kunda qimmatbaho xomashyoga bo‘lgan ehtiyojni qondirish yoki qisman almashtirish uchun tarkibida shu kabi unsurlar bor chiqindilarni qayta ishlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Materiallarni qayta ishlash jarayonida hal qilinadigan eng muhim vazifa bu – mehnat va moddiy resurslarning tejalishidir. Shu sababli, O‘zbekistonda qayta ishlash tarmog‘ini ishga tushirish alohida eʼtibor beriladi.

    Malayziyaning «MEP Enviro Technology Sdn. Bhd.» kompaniyasi elektr mahsulotlar va chiqindilarni (elektron chiqindilarni boshqarish) qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. U 2001 yilda tashkil etilgan. Malayziyada (Penang va Sabah shtatlari, Kuala-Lumpur shahri), Tailand, Singapur va Xitoyda kompaniyaning chiqindilarni qayta ishlash zavodlari, AQSHda esa vakolatxonasi bor.

    Muzokaralar jarayonida Malayziya kompaniyasi vakillari O‘zbekiston tomoni tashabbusini olqishladi. Ular O‘zbekistonda yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishda ikkilamchi materiallar ishlatilishini taʼminlash maqsadida xomashyo, shu jumladan elektr jihozlarini qayta ishlash sohasida investitsiya loyihasini birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

    Shuningdek, Malayziya tomoni foydalanishga yaroqsiz qurilmalarni qayta ishlash orqali kundalik foydalanish uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarish mumkinligini taʼkidladi. Bu tabiatni asrash, arzon mahsulot turlarini kengaytirishga ham yordam beradi.

    Tadbir yakunida “O‘zeltexsanoat” bilan Malayziya kompaniyasi o‘rtasida muloqot o‘rnatish, manfaatli hamkorlik shartlari, imkoniyat va istiqbollarini o‘rganish uchun Malayziya kompaniyasi rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.