Mamlakatimiz uchun bitta ajrim ham koʻp

    Fikr 7 Yanvar 2022 3313

    Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tugʻilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi, oʻzaro mojarolar, ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masala.

    Xoʻsh, nima uchun bunday holatlar vujudga kelyapti? Asl sabablar nimada? Tahlillarga koʻra, bu muammoning bosh omili — ularning huquqiy bilimga yetarli darajada ega emasliklari, oilaviy munosabatlarga uchinchi shaxsning aralashuvi va turmushdagi turli moddiyatlar sabab boʻlayotir.

    Raqamlardan gapiramiz

    Fargʻona viloyatida 2021-yilda 32 ming 604 ta nikoh qayd etildi. Mavjud 21 ta FHDYO boʻlimlarida 100 mingdan ortiq chaqaloqqa tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6 ming 413 taga koʻp degani. Bu raqamlar orqali mamlakatimizda hayot bir maromda odatiy davom etayotganidan quvonasiz.

    Biroq...

    Oila kodeksining 13-moddasiga asosan, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Farzandga tugʻilganlikni qayd etish guvohnomasini olish uchun ham oʻrtadagi nikoh guvohnomasi boʻlishi shart. Agar nikoh sharʼiy boʻlsa farzand birinchi oʻrinda otalikka olinib uning tugʻilganligi qonuniy ravishda qayd etiladi.

    Oʻtgan davr mobaynida viloyatda rasmiy nikohsiz 6 mingdan ortiq farzand dunyoga kelgan. Yanada tushunarliroq aytganda, hududda soʻngi olti oy davomida FHDYO organlari tomonidan faqatgina sharʼiy nikohda yashab kelayotgan shuncha oilalar aniqlangan.

    Sharʼiy nikoh bilan yashash holatlari oʻtgan yilga nisbatan deyarli oʻzgarishlarsiz qolayotganining asosiy sababi — ajrimlarning koʻpligida. Bu ikki masala esa bir biri bilan chambarchas bogʻliq. Chunki ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirilmaydi. Bundan tashqari, ajralishayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYO boʻlimlarida oʻzaro kelisha olishmaydi.

    Yana raqamlarga yuzlanamiz. Oʻtgan 2021-yil davomida Fargʻona viloyatida ajrimga oid 4 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shundan 2 ming 403 tasi sud qarori bilan ajrashish holati hisoblanadi.

    Ajrimlarga nimalar sabab boʻlmoqda?

    Fargʻona viloyatida oilalarning buzilish sabablari oʻrganib chiqilganda, 647 ta holatda farzandsizlik, 46 tasida xiyonat, 170 tasida uzoq vaqt birga yashamaslik, 2 698 tasida (!) oilaviy kelishmovchiliklar, 311 tasida uchinchi shaxsning oilaviy munosabatlarga aralashuvi va qolgan holatlarda yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, sogʻligʻiga eʼtiborsizlik, yigitlarning oilani boshqarishni, roʻzgʻorni moddiy taʼminlash, farzandlarni maʼnan hamda jismonan sogʻlom qilib tarbiyalashni oʻz burchlari, deb bilmasliklari, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifasini tushunmasligi, aksariyat hollarda qaynona va kelin oʻrtasidagi mojarolar tufayli yuzaga kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Bilamizki, oilalar tinchligi va mustahkamligida oila boshligʻi — erkaklarning oʻrni hamda masʼuliyati juda katta. Chunki hayotning qiyinchiliklarini ular oʻz yelkalariga oladilar. Afsuski, amaliyotda koʻrib turibmizki, erkaklarning oilaviy munosabatlarda oʻz oʻrnini yoʻqotib qoʻyayotgani, yaʼni ikkinchi darajaga tushib qolayotgan holatlar ham yoʻq emas.

    Shu mavzuda yana fikrlar...

    Sharq mamlakatlari tajribasiga tayanadigan boʻlsak, kelinga ham, kuyovga ham qoʻyiladigan talablar juda yuqori.Uning ustiga ayolning haq-huquqlari qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Xonadonda “kelin xizmat qilishi kerak, oyligini qaynonasi va yoki qaynotasiga berishi shart, degan tushunchalar umuman yoʻq. Ushbu tamoyillar ertaga oilaning ajralish yoqasiga kelishi har ikki tomon uchun ham qattiq ijtimoiy va moliyaviy zarba boʻlishini juda yaxshi biladi. Bizdachi? Aksariyat ajrimlar aynan mana shunday mayda-chuyda, bemaʼni shartlardan kelib chiqayotgani bor haqiqat.

    Ming afsuski, uchinchisiga, toʻrtinchisiga ham toʻy tomosha qilib qiz bola kelin olayotgan oilalar har bir viloyatda uchraydi. Buning ustiga, har bir qurgan oilasidan bir, ikki nafar farzandi borlari ham yoʻq emas. Ertaga albatta aliment, nikoh ajrim masalalarida bu oilalarda janjal, chigal vaziyat yuzaga kelish ehtimoli yuqori. Bu esa jondan aziz qizlarimizga “arzon”, degan tamgʻani bosish emasmi? Axir zarning qadri uning noyobligida, “ha” deganda topilavermasligida emasmi?

    Ajrimlarni oldini olish uchun nima qilish kerak?

    Bizningcha, ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga qaratish lozim. Uning qadr qimmatini imkon qadar oshirish lozim. Nega? Chunki bizda nikoh arzongarov boʻlib qolgan. Asosiy eʼtibor toʻy va toʻygacha boʻlgan marosimlarga qaratiladi. Marosimlar birinchi oʻringa qoʻyiladi.

    Kim nimaga qiyinchilik bilan erishsa, uni shunchalar qadrlashi tabiiy, albatta. Hozirda esa oʻzimizning shaxsiy orzu-havaslarimiz tufayli yoshlarimizga nikoh va kelin boʻlmishni osongina berib qoʻyayotgandekmiz.

    Xoʻsh, muammolarning oldini qanday olish zarur? Avvalo, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab borish shart. Bu juda muhim ahamiyatga ega. Unda bir qator omillarga eʼtibor qaratish lozim.Masalan, oiladagi ajrimlarni oldini olishda, asosan, yoshlarni oila ilmiga oʻrgatish maqsadga muvofiq. Ularda oila muqaddas qoʻrgʻon ekanligi toʻgʻrisidagi targʻibot-tushuntirish ishlarini butunlay yangi bosqichda, noodatiy usul va yondashuvlar asosida olib borish kerak.

    Oila qurayotgan yoshlar uchun oilaviy munosabatlarni toʻliq tushuntiradigan va er-xotin haq-huquqlarini mukammal anglatadigan, diniy va dunyoviy bilimlar bir tizimga solingan maxsus oʻquv dastur ishlab chiqilishi kerak. Qonuniy nikoh tuzilmasidan avval mana shu dasturni majburiy tartibda yoshlarga oʻqitish zarur. Shundagina ularda oila va uning muqaddasligi, diniy arkonlar va majburiyatlar haqida har ikkala yoshda toʻliq tushuncha hosil boʻladi. Bu esa, albatta, oila mustahkamligiga xizmat qiladi.

    Ulugʻbek Mahmudov,

    DXA Fargʻona viloyat

    boshqarmasi boshligʻi.