Mamlakatimizda ilk “Elektron poliklinika" dasturi ishlab chiqildi

    Uning yordamida fuqarolar oʻzla­ri uchun qulay vaqtda uyidan chiqmasdan shifokor qa­buliga yozilishi, shifokor va muassasa haqida maʼ­lumot olishi mumkin.

    Shifokor qabuliga yozilish uchun vaqt ajratish, oʻqish yoki ishdan qolib, klinikaga borish, mutaxassisni tanlash va shifokor qabuliga kirish uchun navbatga kupon olish talab etiladi.

    Koʻpincha turnaqator navbat kutishga toʻgʻri keladi, bu esa koʻp vaqtni oladi. Ana shunday ovoragarchiliklar sabab koʻpchilik shifoxonalarga borishni xohlamaydi.

    Bu kabi muammolarga yechim topish, tibbiy xiz­mat sifati va samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish maqsadida mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida “Elektron poliklinika” tizimi jo­riy etilmoqda.

    Ohangaron shahrida joylashgan Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki rahbari Oybek Toʻychiyev uzoq izla­nishlardan soʻng “Elektron poliklinika” dasturini ishlab chiqdi. Bu elektron tizim mamlakatimizda yaratilgan mazkur yoʻnalishdagi ilk mahalliy ishlan­ma ekani bilan ahamiyatlidir.

    Xoʻsh, bu dastur qanday ishlaydi va u qanday af­zalliklarga ega?

    Ishlab chiqilgan yagona elektron roʻyxatga olish va shifokor qabuliga yozilishning axborot tizimi — “Elektron poliklinika” shifokor qabuliga kirish uchun uzoq vaqt navbat kutib turishdan xalos etishi bilan ahamiyatli. Uning yordamida fuqarolar oʻzla­ri uchun qulay vaqtda uyidan chiqmasdan shifokor qa­buliga yozilishi, shifokor va muassasa haqida maʼ­lumot olishi mumkin. Bu poliklinikalarga onlayn tarzda maʼlumotlarni qayd etish, oilaviy polikli­nikalarda yagona elektron ambulator tibbiy kartani yuritish imkonini beradi.

    — Mazkur dastur onlayn rejimda ishlaydi, — deydi loyiha muallifi Oybek Toʻychiyev. — Unda tibbiyot muassasalarining joylashuvi, shifokorlar­ning ism-familiyasi, mutaxassisligi, ishlash vaqti va boshqa koʻrsatkichlar aks etadi. Telefonga oʻrna­tilgan elektron dastur orqali bemor shifoxonani, oʻzini bezovta qilayotgan kasallikdan kelib chiqib, tegishli shifokorlardan birini tanlashi va oʻziga qulay vaqtni belgilab, uning qabuliga yozilishi mum­kin. Natijada bemorlar shifoxonaga kelib, navbat kutib qolmaydi. Belgilangan paytda shifokor koʻri­gidan oʻtadi.

    Darhaqiqat, ushbu tizim oʻta qulay. Bunda tibbiyot muassasasida roʻyxatdan oʻtish boʻlimida POS printer, har bir shifokor xonasida kompyuter, elektron navbatlarni kuzatib borish uchun elektron tablo, tibbiyot hisobotlari hamda maʼlumotnomalarini chiqarish uchun printer uskunasi boʻlishi kerak. Kompyuterlar­ning har biri mahalliy hisoblash tarmogʻiga ulangani onlayn rejimda navbatga yozilayotganlarning maʼlu­motlarini kuzatib borish imkonini beradi.

    Tibbiyot muassasasida yagona elektron tizim boʻlgani uchun shifokorning kompyuterida bemor haqida maʼlumotlar va uning elektron navbati chiqib turadi. Koʻrik tugagandan soʻng bemor qabulxonaga kelib, tayinlangan dori-darmonlar roʻyxa­tini, ularni qabul qilish yoʻriqnomasini elektron tarzda oladi. Sababi baʼzan shifokorlar husni­xatini bemor ham, hatto dorixonachilar ham tu­shunishga qiynaladi. Elektron yoʻriqnoma esa ana shunday muammoga yechim boʻladi. Unda dorilar nomi aniq-tiniq aks etadi. Yana bir qulayligi, koʻrikdan soʻng bemorning elektron ambulator tibbiy kartasi shakllantiriladi. Bu, oʻz navbatida, shaxsiy ambu­lator kartalar yoʻqolib qolishining oldini oladi, bemorning har safar uni oʻzi bilan olib kelishiga ehtiyoj qolmaydi.

    Bugungi kunda mamlakatimizning shahar va tuman­laridagi tibbiyot muassasalarida “Elektron po­liklinika” axborot tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Bu borada olis shahar va tumanlar ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Xususan, Prezidenti­mizning 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi far­moni asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov, Taxiatosh tumanlari hamda Nukus shahri­dagi poliklinikalarda ana shunday axborot tizimi joriy etildi.

    Prezidentimizning 2021-yil 25-maydagi “Sogʻ­liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori­da sogʻliqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi boʻgʻinni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylan­tirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli is­tiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot xodimla­rining bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni ri­vojlantirish bilan bogʻliq vazifalar belgilangan.

    Mazkur elektron tizim ayni paytda Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasi hamda Ohangaron markaziy koʻp tar­moqli oilaviy poliklinikasida test rejimida ishlamoqda. Kelgusida ushbu dasturni viloyatdagi har bir tibbiyot birlashmasida joriy etish koʻzda tutilgan.

    Shahzod Gʻafforov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri