Mamlakatimizda iste'molchilar huquqlari etarli darajada himoya qilinmoqdami?

    Mamlakatimizda 3 Iyun 2020 2774

    Jamiyatda bozor iqtisodiyoti muhitini shakllantirishning o'z talablari bor. Unda nafaqat tovar yoki xizmat turlarini taklif etuvchi shaxslar, balki ularni xarid qiladigan iste'molchilarning huquqlari ham teng muhofaza qilinishi kerak.

    Prezidentimiz raisligida shu yil 28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta'minlash va iste'molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilishda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish haqida ko'p gapirilsa-da, amalda bu tizim to'la tashkil qilinmagani ta'kidlandi. Aslida buni talab qiladigan muhit, bilimning yo'qligi, ommaviy axborot vositalarida targ'ibot etishmasligi tanqid qilindi.

    Haqiqatan, shunday. Avvallari xalqimiz o'zbekona andisha, istihola sabab o'zining iste'molchi sifatidagi huquqlarini talab qilmagani yoki bu haqida etarlicha tushunchaga ega bo'lmagani bois, tizimni isloh qilishga deyarli e'tibor qaratilmay kelingan. Ammo so'nggi yillarda aholining barcha sohalarda huquqiy madaniyati ortib bormoqda. Ayniqsa, ko'pchilik iste'molchi sifatida o'z haq-huquqini taniy boshladi. Buni o'tgan yili iste'molchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatdan ham bilish mumkin. Tahlillarga ko'ra, mazkur murojaatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid. Bu, o'z navbatida, monopol korxonalar o'z manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqanligini, ularda iste'molchilar manfaati to'liq inobatga olinmaganini ham ko'rsatib turibdi.

    MUROJAATLARNING 67,7 FOIZI IJOBIY HAL eTILGAN

    Prezidentimizning 2019 yil 11 sentyabrdagi "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni asosida Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzurida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi. eng avvalo, biz kommunal xizmat ko'rsatuvchi sub'ektlarga o'tgan yil davomida kelib tushgan arizalar va ularning huquqlari himoya qilinishini ta'minlashga oid holatlarni hududlar kesimida o'rganib chiqdik. Natijada mazkur masalada iste'molchilardan respublika bo'yicha jami 130 689 ta murojaat yo'llangani va ularning atigi 67,7 foizi ijobiy hal etilgani aniqlandi.

    Bu boradagi muammolarni tizimli hal qilish hamda agentlik tomonidan iste'molchilarning huquqlarini sudgacha himoya qilinishini ta'minlash maqsadida ayni paytda energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi bilan hamkorlik loyihasi yo'lga qo'yilmoqda.

    Mazkur hamkorlikning eng muhim jihatlaridan biri — iste'molchilar murojaatlari aniq tartib asosida ko'rib chiqilishidir. Unga binoan, avvalo, joriy yilning 3 iyuniga qadar tegishli tashkilotlar tomonidan tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv va issiqlik ta'minoti masalalari yuzasidan kelib tushadigan murojaatlar va ularning ijrosi to'g'risida yakuniy xulosalar (javob xatlari) bo'yicha kunlik elektron ma'lumotlar almashiladi. Ular agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalar tomonidan nazorat qilinadi. Natijada har bir murojaat va uning ijrosi bo'yicha yakuniy xulosalar (iste'molchilarga javob xatlari)ni chuqur tahlil qilgan holda, o'rganishlar olib boriladi. Har oyning beshinchi sanasiga qolmay, tegishli xulosaga kelinadi.

    Hamkorlikda yo'lga qo'yilayotgan mazkur tizim kommunal xizmatlar ko'rsatish sohasida iste'molchilarning nomuayyan doirasi vakillarining huquqlarini sudgacha himoya qilinishi hamda murojaatlarning o'z vaqtida va sifatli ko'rib chiqilishini ta'minlaydi.

    HAM HUQUQIY, HAM AMALIY ISHLAR TAKOMILLASHTIRILADI

    Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi zimmasiga yuklatilgan bir qator vazifalarni bajarib kelmoqda. Xususan, o'tgan davr mobaynida 278 ta tadbir tashkil etilib, ularda jami 25,6 ming nafar aholi vakillari, talaba va o'quvchi yoshlar, vakolatli idoralarning 825 nafar mutaxassisi va 1,5 ming nafar tadbirkorlik sub'ektlari qamrab olindi. Ommaviy axborot vositalari orqali iste'molchi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 718 ta chiqish qilindi. Tuman va mahallalar aholisi, tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning muammolarini joyida hal etish bo'yicha izchil tizim yo'lga qo'yildi. Mazkur jarayonda 11 mingta iste'molchi murojaati ko'rib chiqilib, ularga tegishli bo'lgan 1,5 mlrd. so'm mablag' qaytarilishiga erishildi.

    Iste'molchilar xabardorligini oshirish maqsadida 51 mingdan ortiq savdo va xizmat ko'rsatish ob'ektlarida peshlavha, respublika hududidagi 500 dan ortiq bozor va savdo majmualarida “Iste'molchi burchagi” va “Nazorat tarozi”lari o'rnatildi. Iste'molchilar huquqlari himoyalanganligining qoniqarliligi yuzasidan 3ta yo'nalishda (transport, savdo, aloqa) 8,2 ming nafar aholi o'rtasida ijtimoiy so'rovnoma o'tkazildi.

    Sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo'yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, amaldagi 80 dan ortiq hujjat xatlovdan o'tkazilib, ularning 12 tasini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar tayyorlandi. Vazirlik va idoralarning 40 ta hujjat loyihasiga xulosa berilib, 5 ta yangi hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

    Bu boradagi dolzarb vazifalar 2020 yilda ham faol davom ettirilmoqda. Xususan, amaldagi 144 ta normativ-huquqiy hujjatni baholash, mobil` aloqa, qurilish, xususiy tibbiyot sohasida 5 ta yangi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishni tashkil etish, 35 turdagi asosiy iste'mol tovarlari (22 turdagi oziq-ovqat hamda 13 turdagi shaxsiy himoya vositalari) chakana narxlarini kunlik monitoring qilish, narxlarni barqarorlashtirish bo'yicha takliflar berish, aholining sog'lig'ini himoyalash maqsadida oziq-ovqatlar xavfsizligi bo'yicha 10 ta texnik reglamentlarga tuzatishlar kiritish rejalashtirilgan. SHuningdek, tarkibida zararli transyog'lar, ortiqcha shakar va tuz, bolalar iste'moli uchun taqiqlangan oziqaviy bo'yoqlar, ta'm beruvchi qo'shimchalar va konservantlar to'g'risidagi ma'lumotlar mahsulot yorlig'ida (markirovkasida) alohida yorqin rang va yirik hajmlarda ko'rsatilishini joriy etish, 1 millionta iste'molchi va tadbirkorlarga ommaviy axborot vositalari va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, huquqiy yordam va qonun talablari bo'yicha tushuntirish ishlari olib borilyapti.

    Nazorat xaridi orqali oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari sifatini mustaqil ekspertiza qilish, joylashtirilayotgan reklamalarda davlat tili, milliy qadriyatlarimizga zid va iste'molchilarni chalg'ituvchi holatlarni bartaraf etish bo'yicha 11 mingta tashqi reklama ob'ektini nazorat qilish tizimini joriy etish ham ko'zda tutilgan.

    Bir so'z bilan aytganda, bugun yurtimizda taraqqiyot va demokratik jarayonlarning muhim omillaridan biri hisoblangan iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning yangicha va zamonaviy tizimini yaratish bo'yicha ishlar boshlab yuborildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan o'tkazilgan yig'ilishda agentligimiz vakolatlarini kengaytirish muhimligi ta'kidlanib, iste'molchilarning manfaatlarini to'g'ridan-to'g'ri himoya qiladigan xalq vakillik organi — Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini ko'rib chiqish topshirig'i berildi. Ularning o'z vaqtida bajarilishi mavjud tizimni yanada takomillashtirish va xizmat ko'rsatish sohalarida iste'molchi haq-huquqi, manfaatlari himoyasini ustuvor vazifaga aylantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

    elmurod HAYITMETOV,

    Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi

    Iste'molchilar huquqlarini
    himoya qilish agentligi direktori