Boy madaniyati, go'zal san'ati ila dunyo xalqlari e'tirofini qozonib kelayotgan yurtimizda noyob madaniy meros an'analarini davom ettiradigan maqom, katta ashula maktablari ham yaratilishi soha vakillari zimmasiga ulkan mas'uliyat yukladi. Zero, yoshlarimiz o'rtasida maqom san'atiga qiziqishni oshirish masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi qarorida maqom san'atini rivojlantirishda muhim bo'lgan qator omillar e'tibordan chetda qolib kelayotgani aytilib, yo'lga qo'yilishi zarur vazifalar belgilab berilgan edi. “O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi bu qarorda, avvalo, xalqimiz, xususan, yosh avlodni maqom san'ati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy o'zlikni anglash tuyg'usi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish kerakligi ko'rsatilgan.
Shuningdek, mazkur maqsadlar ro'yobi uchun ta'lim muassasalariga malakali mutaxassislar, professor-o'qituvchilarni jalb etish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tegishli darslik, o'quv qo'llanma va ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan ta'minlashni yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlangan. Oradan olti yil o'tib, maqom, katta ashula an'analarini davom ettiradigan maktablar yaratilishi borasidagi yangi fikr va tashabbuslar bayon etildi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, “Oltin meros” xalq badiiy xavaskorlik jamoasi rahbari Davron Qodirov maqomchilikda o'z maktabiga ega ustozlardan. Ustozning faoliyatiga nazar solish asnosida uning sohadagi yutuq va kamchiliklar borasidagi fikrlariga quloq tutdik.
“Oltin fond”ga hissa qo'shayotgan “Oltin meros”
2000-yilda tashkil topgan “Oltin meros” xalq ansambli haqida hamma ham bilavermaydi. SHuning uchun dastavval ansambl` haqida ma'lumot berishni joiz bildik.
2008 yili O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosati bayoni bilan “Xalq badiiy havaskorlik jamoasi” unvoni berilgan ansamblning shakllanishida O'zbekiston san'at arboblari A.Nazarov, T.Mahmudov, O'zbekiston xalq artistlari B.Aliev, M.ergashevaning xizmatlari katta. Jamoada sozanda, xonanda va raqqosalardan iborat ijodiy guruh shakllantirilgan. Taniqli kompozitor-bastakorlar, ustoz san'atkorlar, xalq artistlari, taniqli shoirlar bilan ijodiy hamkorlik qilish an'anaga aylangan.
O'tgan davr mobaynida qahramonimiz rahbarlik qilayotgan jamoa bir necha bor oliygohlar o'rtasidagi qo'shiq bayramlari, “Barhayot an'analar” fol`klor jamoalari respublika ko'rik-tanlovida g'olib bo'lgan. O'zbekiston televideniesi va radiosi “Oltin fondi”da jamoa ishtirokchilarining 50 dan ortiq kuy va qo'shig'i saqlanib kelmoqda.
Ayni paytda ham Davron akaning iqtidorli shogirdlari turli teletanlovlarda faollik ko'rsatyapti. Darvoqe, jamoaning dutorchilar ansambli dasta uchun shakllantirilgan yangi repertuar ustida ish boshladi.
Xalqaro yutuqlar milliy g'ururni oshiradi
“Oltin meros” xalq badiiy havaskorlik jamoasi nafaqat respublika miqyosidagi, balki xorijdagi ko'rik-tanlovlarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Davron Qodirovga “eng yaxshi badiiy rahbar” diplomi, Nilufar Rejametova va Sanjar Alimovga “Mohir ijrochi” nominatsiyalari diplomlari xalqaro tanlovlarda taqdim etilgan. Ijrochi Mohinur Burxonova esa g'oliblik ortidan magistratura bosqichini Xitoyning Sian universiteti stipendianti sifatida tamomlagan.
Olmon-o'zbek ilmiy jamiyati raisi professor R.Rahimovning taklifiga binoan Davron Qodirov musiqa ta'limi yo'nalishining bir guruh talabalari bilan Germaniyaning Frayburg, Haydelberg, Frankfurt shaharlarida Navro'z bayramiga bag'ishlab o'tkazilgan festivalda qatnashganida o'zbek musiqasi tarixi, mahalliy ijrochilik uslublari, mumtoz musiqa – “Shashmaqom”, “Chormaqom”, Xorazm maqom ijrochiligi maktablari haqida ma'ruza qilgan. U ijro etgan “Rost” maqomidan “Soqinomai savti kalon” ashulasi matnining adabiy talqini tarjimon tomonidan tinglovchilarga etkazilgan, ashula maroq bilan tinglangan. Shogirdlar tomonidan o'zbek xalq qo'shiqchiligi ijrochiligidan, doirada terma usullardan, chanqovuzda qadimiy ohanglardan namunalar hamda “Doira raqsi” ijro etilganida, gulduros olqishlar bo'lgani chin.
Jamoa ishtirok etgan, Ozarbayjonda o'tkazilgan VII mug'om xalqaro televizion festivali Turkiya, eron va SHarq davlatlari televidenielari orqali namoyish etilgani o'zbek maqom san'ati dovrug'ini yoyishga xizmat qildi.
Nega OAVda an'anaviy maqom ijrochiligi namunalarini
deyarli uchratmaymiz?
Bugun milliy qo'shiqchiligimizda ko'proq xorij estradasi va o'zbek estrada janriga xos ijro namunalari targ'ibotiga urg'u berilyapti. Agar televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan musiqiy taronalarni tahlil etadigan bo'lsak, an'anaviy maqom ijrochiligi namunalarini deyarli uchratmaymiz? Davron aka buni quyidagicha izohladi:
— To'g'ri, ayniqsa, “Navo”, “Yoshlar”, “Milliy” kanallaridagi musiqiy dasturlarda maqom janriga xos ijroni kam eshitayapmiz. Xususiy radiokanallarni bu borada ilg'orroq, desak xato bo'lmaydi. Achinarlisi, maqom taronalari, san'at darg'alari ijro namunalari tungi dasturlarda, to'g'rirog'i, soat 24.00 dan tungi soat 05.00 ga qadar taqdim etilmoqda. Buning sababi mas'ullarning o'zida ham maqom san'atiga munosabat to'g'ri shakllanmaganidan. efirning “eshitimli” vaqtlarida esa, asosan, estrada yulduzlarining qo'shiqlari targ'ibot qilinmoqda. Shu bois, yoshlarimiz estrada xonandalarining qo'shiqlarini tinglab ulg'ayyapti.
Buning echimi sifatida, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, maqom taronalarini targ'ibotini tungi emas, kunduzgi ko'rsatuv va eshittirishlar vaqtiga o'tkazish kerak. Qani endi haftaning bir kuni yurtimiz bo'ylab OAVda, barcha ta'lim muassasalarida “Maqom kuni” deb e'lon qilinsa, shu kuni televidenie va radio dasturlarida estrada yulduzlarining qo'shiqlari o'rniga maqom taronalari, mumtoz ashula, o'tmish bastakorlarimiz ijod namunalari targ'ib qilinsa. Tele va radiokanallardagi musiqiy dasturlarda maqom va estrada targ'iboti tengma-teng yo'lga qo'yilishi kerak. Ayni paytda esa bu nisbat 98/2 ni tashkil qiladi.
Ta'lim dargohlarida e'tibor qanday?
Hozirgi kunda barcha turdagi ta'lim muassasalaridagi musiqa mashg'ulotlari o'quv rejalari hamda yillik dasturlarida maqom san'ati haqidagi mavzularga juda kam e'tibor berilganiga suhbatdoshimizning munosabatini so'radik:
— Aslida bolaga maqom haqidagi ilk tushuncha va ta'lim-tarbiyani oilada, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida, boshlang'ich maktab hamda umumta'lim maktablaridan boshlab berib borish zarur. Buning uchun aniq maqsadga yo'naltirilgan ta'lim dasturlarini yaratishimiz kerak.
Bugun ta'lim muassasalari musiqa madaniyati dars mashg'ulotlarida bu boradagi ishlarning risoladagidek emasligini mashg'ulot o'tayotgan musiqa tarbiyachi va o'qituvchilarning ijro mahoratlari va ovoz imkoniyatlari mukammal shakllanmaganida, deyish mumkin (Hamma tarbiyachi va o'qituvchilar ham maqom qo'shiqlarini ayta olmaydi). Musiqa tarbiyachisining ijro mahorati va malakalari xonandalik, sozandalik bo'yicha talabga javob berishi kerak. Ularning maqom kuylash mahorati va ijro malakalarini oliy ta'lim muassasalarida shakllantirishni yo'lga qo'yish zarur. Baxtga qarshi oliy ta'lim muassasalarining hozirgi kundagi musiqa ta'limiga oid ishchi o'quv rejalarida “Maqom san'ati”, “An'anaviy xonandalik” fanlaridan ijrochilik bo'yicha mashg'ulot soatlari qisqartirib yuborilgan yoki umuman o'quv rejasidan chiqarib yuborilgan. Shu bois, bo'lajak musiqa o'qituvchilari 3 yil davomida bir semestrgina o'z mahoratini shakllantiryapti.
e'tirof faoliyatimizga rivoj, tanimizga kuch beradi
Davron Qodirovdan bugun maqom san'atiga qaratilayotgan e'tibor, yaratilajak imkoniyatlardan kelib chiqib, maqomning ertasini qanday tasavvur qilyapsiz, deb so'radik.
— Yuqorida tilga olingan muammolar echimini hal qila olsakkina, yangi O'zbekiston kelajagini qurayotgan yoshlarimiz iqtidorini qo'llab-quvvatlay oladigan maqom, katta ashula, baxshichilik kabi an'analarni davom ettiradigan maktablar yarata olamiz. Unutmasligimiz kerakki, maqom san'ati musiqa sohasida o'qitiladigan boshqa fanlar ichida eng murakkabi va ijro uzoq kechadigan jarayon. Shu tufayli hamma ham maqom ayta olmaydi. Bo'lajak musiqa o'qituvchi va tarbiyachilarni biz yillar davomida uzluksiz tarbiyalab, maqom kuylashga o'rgatib borsak, bo'lajak o'qituvchilar, avvalo, o'zi maqom kuylay oladi, yoshlarga o'rgatadi. Davlatimiz rahbari hozirgacha 120 ta maqom, baxshichilik dostonlari, xalq kuyi va qo'shiqlari “Oltin fond”ga yozib olinganiga alohida to'xtalib, “Maqom san'atini rivojlantirish, uni qorong'ulikdan yorug'likka olib chiqish yo'lida jonbozlik ko'rsatayotgan san'atkorlarimizga har qancha rahmat aytsak arziydi”, dedi. Mana shu e'tirofning o'zi biz, katta avlod vakillariga boqiy merosimizni yosh avlodga bezavol etkazish yo'lida faoliyatimizga rivoj, ishimizga rag'bat beradi. Faqat bu rag'batni yangi O'zbekistonda yangi g'oyalar, yangi marralarni zabt etishgagina safarbar etishimiz, har qanday vaziyatda ham bu yo'ldan ortga qaytmasligimiz kerak.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri