Maqomning mangu mo''jizasi

    Insoniyat tafakkurining yorqin mahsuli bo'lgan maqom doimo tinglovchilar, muxlislarni hayratga solib kelgan yirik musiqiy qomusdir

    Milliy maqomlarimizda xalqimizning qadimiy tarixi, ma'naviy dunyosi, badiiy falsafasi, ruhi mujassam. Shu bois necha asrdirki, maqom bebaho madaniy meros sifatida ardoqlanib kelinmoqda. Prezidentimizning 2017 yil

    17 noyabrdagi “O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori o'zbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim hujjat bo'ldi. Unda maqom san'atini yanada rivojlantirish va uni butun dunyo bo'ylab tan olinishiga imkon yaratish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan.

    Davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo'nalishlari bo'yicha kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasasi — Yunus Rajabiy nomidagi ­O'zbek milliy musiqa san'ati instituti tashkil etilib, ayni paytda mazkur oliy dargoh o'z zimmasiga yuklatilgan vazifani ­mas'uliyat bilan uddalashga intilmoqda. Maqom san'ati bo'yicha bilim va tushunchalar, tarixiy va milliy an'analarni puxta egallagan yosh kadrlarni tayyorlash hamda ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo'yicha erishilgan ilg'or yutuqlarni tatbiq etish institut jamoasi oldiga qo'ygan eng oliy maqsadlardandir.

    Yaqinda Madaniyat vazirligi va ­O'zbek milliy musiqa san'ati instituti tashabbusi bilan “Farzandlarimizni maqomot ila kamolotga eltaylik” shiori ostida o'tkazilgan I respublika ilmiy-amaliy vebinari ham ayni mana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Boshlang'ich maqom ta'limining metodologik muammolariga bag'ishlangan anjumanda 2020/2021 o'quv yilidan bosh­lab Toshkent shahri, Farg'ona, Buxoro va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan, maqom san'atiga ixtisos­lashtirilgan maktab-internatlardagi o'qitish uslublari, boshlang'ich maqom ta'limi tizimidagi mavjud muammolarni hal etish masalalari atroflicha muhokama ­qilindi.

    Bu maktablar maqom san'atini bosh­lang'ich bosqichda o'rgatuvchi ilk ta'lim dargohlaridir. Shunday ekan, bu mas­kanlarda maqom nazariyasi va amaliyo­tini qanday o'rgatish kerak va bunda soha mutaxassislarining yondashuvi va e'tibori, avvalo, nimaga qaratilishi lozim? Ayni shu savollar ustoz san'atkorlar, musiqashunos olimlar, san'at ustalari, xonandayu sozandalarning muhokama markazida bo'ldi.

    Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov maqom o'qitishdagi muammolar haqida so'z yuritib, ko'plab iste'dodli sozanda va xonandalarning musiqiy savodi yo'qligi ta'lim jarayonidagi og'riqli nuqtalardan biri ekanini ta'kidladi. Bu borada ixtisoslashgan maktab-internatlarda nazariya va amaliyotni yonma-yon olib borish, boshlang'ich ta'lim dargohlari o'zbek milliy musiqasining yadrosi bo'lishi kerakligini ilmiy va hayotiy misollar bilan asos­lab berdi.

    San'atshunoslik fanlari nomzodi, professor, maqomshunos olim Otanazar Matyoqubov “Maqomning ilmi — uning o'q tomiri, amaliyoti esa yondosh tomiridir” so'zlarini vebinar ishtirokchilariga izohlab berar ekan, maqomning amaliyoti har xil shakllarga integratsiya bo'lsa ham, uning nazariyasi turg'un va bir xil tamoyil asosida tuzilishi kerakligini alohida qayd etdi.

    Vebinarda Buxoro, Farg'ona va Xorazm maqom maktab-internatlarining rahbar va o'qituvchilari ham so'zga chiqib, maqom ta'limi bo'yicha uslubiy qo'llanmalar juda kamligi va bu borada tayanch o'quv-uslubiy qo'llanmalarni yaratish va targ'ib qilish bo'yicha mavjud bir qator muammolarni o'rtaga tashladi. Shu bilan birga, bosh­lang'ich maqom ta'limini shakllantirish xususida jo'yali va qiziqarli tavsiyalar berildi. Jumladan, Buxoro maqom maktabi o'qituvchisi Tolib Temirovning “Maqomlarni farzandlarimizga bog'cha yoshidan o'rgatib borish, ya'ni musiqa mashg'uloti darslarida 5-10 daqiqa “soqiynoma”, “ufor” kabi engil maqom usullarini qo'yib berish orqali bolalarimiz qulog'ida milliy ohanglar va usullarning o'troqlashishiga erishishimiz mumkin”, degan taklifi ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi.

    Insoniyat tafakkurining yorqin mahsuli bo'lgan maqom doimo tinglovchilar, muxlislarni hayratga solib kelgan yirik musiqiy qomusdir. Aytish joizki, shu kungacha maqom ta'limida uning amaliyotiga e'tibor kuchaytirilib, nazariy tomonlari ancha oqsagan edi. Boshlang'ich ta'lim bosqichiga maqom san'atining kirib kelishi esa uning turfa ijodiy mezonlarini ochib beradi va bu borada mavjud muammoli masalalarning o'z echimini topishida turtki vazifasini bajaradi.

    Ilmiy-amaliy vebinarda tashkilotchilar maqom san'atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning kelgusi yo'nalishlarini belgilash, o'quv-uslubiy qo'llanmalarni joriy qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish borasida soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari asosida takliflar ishlab chiqish rejalashtirildi.