Marburg virusi: JSST yana bir epidemiologik xatar haqida maʼlum qildi

    Salomatlik 19 Iyul 2022 6067

    Gʻarbiy Afrikaning Gana mamlakatida Marburg virusi bilan kasallangan ikki nafar bemor aniqlandi. Kuchli gemorragik isitma va oʻlimga sabab boʻluvchi ushbu xastalik oqibatida 26 va 51 yoshli fuqarolarning har ikkisi ham hayotdan koʻz yumgan.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Marburg virusi Ebola singari oʻta yuqumli boʻlib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. Qolaversa, bu xastalikka qarshi vaksinalar ham yaratilmagan.

    Shunga qaramay, baʼzi ekspertlar Ebola dorilari Marburgni davolashda samara berishi mumkinligiga ishonadi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, xastalik alomatlari toʻsatdan boshlanadi va bemor yuqori tana harorati, kuchli bosh ogʻrigʻi hamda bezovtalikdan aziyat chekadi.

    Mushaklarda ogʻriqlar kuchayib, tez-tez sudirgi yuz beradi. Qolaversa, ganalik ikki bemorda diareya, koʻngil aynishi va qayt qilish holatlari ham kuzatilgan.

    Kasallikning beshinchi kunida koʻkrak, orqa va qorin boʻshligʻida toshmalar paydo boʻlishi mumkin. Ogʻir vaziyatlarda esa sakkizinchi-toʻqqizinchi kunga borib oʻlim holati sodir boʻladi.

    Hozir Gana hukumati virus tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralarni koʻryapti. Bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 100 ga yaqin kishi qatʼiy karantinga olingan. Shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bir guruh mutaxassislarini ushbu mamlakatga safarbar etyapti.

    “Bu jarayonda tezkorlik juda muhim, — deydi JSSTning Afrika mintaqaviy byurosi rahbari Matshidiso Moeti. — Chunki zudlik bilan qatʼiy choralar koʻrilmasa, Marburg osongina nazoratdan chiqib ketadi. Biz hozir shunga erishyapmiz”.

    Tahlillarning tasdiqlashicha, Marburg virusi insonlar oʻrtasida tana suyuqliklari (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqalishi mumkin, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.