Ma'rifat targ'ibotiga yangicha yondashuv zarur

    Kelajagini o'ylagan har qanday davlat yoshlariga imkoniyat bilan birga shart-sharoit ham yaratib beradi.

    Jahonda yuz berayotgan turli jarayonlar, raqobat muhitida mafkuralar oʻrtasidagi kurash tobora keskinlashayotgan vaqtda maʼnaviyat va maʼrifat masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotgani sir emas. Shuni chuqur anglagan holda mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda turli loyihalar, islohotlar amalga oshirilmoqda, yangi qarorlar eʼlon qilinmoqda. Ziyolilar ogohlikka chaqirilib, kelajak avlod tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashishi kerakligi bot-bot taʼkidlanmoqda. Yanada aniqroq aytsak, maʼnaviyat hayot-mamot masalasiga aylanib ulgurdi.

    Shu bois Prezidentimizning bu yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini olim va ziyolilar, yurt kelajagiga befarq boʻlmagan ham bir odam katta xursandlik bilan kutib oldi. Mazkur qaror ijrosi bilan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan qator tizimli muammolarga yechim topiladi.

    Kelajagini oʻylagan har qanday davlat yoshlariga imkoniyat bilan birga shart-sharoit ham yaratib beradi. Shuningdek, ularning maʼnaviyatini yana-da oshirish, maʼrifatli, ziyoli boʻlib voyaga yetishida ham koʻmakchi boʻladi. Mazkur qarorda ham aynan shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼlim tashkilotlarida madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha yangi tartib joriy etilishi koʻzda tutildi. Har bir umumtaʼlim muassasasida ijtimoiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etilyapti. Ularga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 0,5 ish birligi ajratiladi. Ish haqi miqdori esa oliy maʼlumotli oʻqituvchi uchun oʻrnatilgan baʼzaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi. Xoʻsh, bu bizga nima beradi? Avvalo, har bir taʼlim dargohidagi bolalar eʼtiborda boʻladi. Yosh avlod maʼnaviyatini yana-da oshirishga masʼul hisoblanadi. Shu bilan birga oʻgʻil-qizlarning muammolari bilan ham qiziqib, yechim topishda ularga koʻmaklashadi.

    Qarorda bu kabi koʻngilni koʻtaradigan, maʼnaviyatimizni yuksak darajaga olib chiqish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar, yoʻl-yoʻriqlar koʻp. Muhimi, endi soha vakillari ham tashabbusni kuchaytirishi, boshqalarni ergashtira olishi zarur. Oʻz ustida ishlashi, yangi metodlarni oʻrganib, hayotga tatbiq etishi ham muhim. Albatta, bu borada oʻz yechimini kutib turgan masalalar talaygina. Binobarin, odamlar ongiga milliy gʻoyaning mohiyatini toʻliq va samarali usul bilan yetkazish ham oldimizda turgan dolzarb masalalardan biri. Ayniqsa, yangilanishlarga yuzaki qaraydiganlar dunyoqarashini oʻzgartirish, shukronalik hissini yana-da kuchaytirish ham zarur. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: bunga qanday erishish mumkin?

    Bu borada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshida tashkil etilgan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati zimmasiga katta masʼuliyat yuklanadi. Jamiyatda barcha vazirliklardan tavsiya qilingan nomzodlar, davlat va jamoatchilik vakillari, olim-ziyolilar, mutaxassislar, madaniyat va sanʼat arboblaridan iborat maxsus targʻibotchilar, guruhi shakllantirilgan. Respublika miqyosida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot va tashviqot ishlariga jalb etish, sohaga yangicha yondashuvni tatbiq qilish, targʻibotchilarni moliyaviy va maʼnaviy ragʻbatlantirib borish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, ularning maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlaridagi maʼruzalariga haq toʻlash hamda “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” koʻrik-tanlovi, “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoniga tavsiya etish tizimi ham yaxshi samara bermoqda.

    Koʻpchilikning xabari bor: jamiyat tomonidan “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazib kelinmoqda. 2019-yilda festival doirasida respublikamizning barcha hududida ish olib borildi. Oʻndan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi. “Maʼrifat tur” loyihasi yettita viloyatda tashkil qilindi. “Maʼnaviyat targʻibotchisi” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida toʻrt yuzga yaqin davra suhbati tashkil etildi. Videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoq hamda televideniye orqali yoritildi.

    Toʻgʻri, bugunga qadar maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar asosan tashkilot, korxona, taʼlim muassasalarida tashkil etilganini rad etolmaymiz. Shuningdek, hayotda boʻlayotgan haqqoniy voqelikdan ham qocha olmaymiz. Masalaning yana bir tomoniga eʼtiboringizni jalb etsam. Tadbirlar koʻp boʻlgani yaxshi, biroq son sifat koʻrsatkichini belgilamaydi. Bu jarayonda asosiy maqsadimiz tanlangan auditoriyaga maqsadimizni yetkazib, ularning ongiga singdirishga qaratiladi. Belgilangan mavzudagi suhbatdan soʻng odamlarga ham fikr-mulohazalarini bildirish imkonini qoldirish shart, deb oʻylayman. Shunday qilish kerakki, tadbirdan soʻng qatnashuvchilarda mavzu boʻyicha savol tugʻilmasin. Balki ular olgan taassurotlarini qarindosh-urugʻlariga, qoʻshnilariga yetkazib, targʻibotchilarning koʻmakchisiga aylansin. Albatta, yuqoridagi kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga ham xizmat qilishi shart. Bularning barchasi esa samarali va taʼsirchan targʻibot texnologiyasini yaratish orqali amalga oshadi.

    Buni yaxshi bilgan, anglagan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tashkil etilayotgan har bir aksiya, maʼrifiy tadbirlarda yuzakilikdan voz kechib, odamlarga qalban yaqin boʻlishga harakat qilmoqda. Avvalo, tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilgan har bir hudud oʻrganilib, odamlar tabiati, oʻsha yerdagi ijtimoiy muammolardan kelib chiqib, qaysi loyiha amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu jarayonda ziyolilar, olimlar, mutaxassislar koʻmagiga tayanilmoqda. Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarorida ham sohalar va hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish zarurligi koʻrsatilgan. Tajribadan kelib chiqib aytishim mumkinki, odamlar bir xillikdan, maʼruza tinglashdan charchagan. Ularga tadbir maqsadini yangicha uslubda, axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda yetkazish ham yaxshi natija beradi.

    Joriy yilda ham milliylik va zamonaviylik uygʻunlashgan “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bunda ham Prezidentimizning mazkur qarorida belgilangan vazifalarga alohida urgʻu berilmoqda. Shuningdek, jamiyatimizdagi maʼnaviyatga oid barcha masalaga jiddiy qarab, kelgusidagi chora-tadbirlarni shunga mos ishlab chiqamiz.

    Baxtiyor HUSANOV,

    “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi