Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlarda faol qatnashayotgan, bemisl oʻzgarishlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib-bilib ulgʻayayotgan yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Aholisining yarmidan koʻpini aynan yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 28-iyun kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar siyosatiga oid videoselektor yigʻilishi hamda yoshlar bilan muloqot chogʻida ham shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, keyingi yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Darhaqiqat, bugun yoshlarning kamoloti yoʻlida katta ishlar bajarilyapti, ular bilan ishlashda yangicha tizim yoʻlga qoʻyilib, quvonarli natijalarga erishilyapti. Taʼkidlash kerakki, sohada amalga oshirilayotgan barcha ishlarning bosh maqsadi – yurtimiz yoshlarini maʼrifatli qilish, ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shu asosda ularning har biri hayotda oʻz oʻrnini topishi, axloqiy, jismoniy, intellektual, ijodiy jihatdan rivojlanishi, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat rivoji uchun daxldorlik xislatlarini kamol toptirishdir.
Fargʻona viloyati misolida oladigan boʻlsak, viloyat aholisining 1 millionga yaqinini 14-30 yoshdagilar tashkil etadi. Ularning har biri davlatimiz eʼtiborini his etishi, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish yoʻlida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan eng quyi boʻgʻin – mahallada yoshlar bilan ishlashga eʼtibor qaratilib, ular bilan individual ishlash, eʼtiborga muhtoj yoshlarning muammolarini bartaraf etish, ularning bandligini taʼminlash asosiy vazifa sifatida qaralmoqda. “Ogʻir” toifadagi yoshlar biriktirilayotgan rahbarlarga mahallalardagi isteʼdodli va iqtidorli yoshlarni ham nomma-nom biriktirish amaliyoti joriy etilmoqda.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha tuman-shahar, sektor va mahallalar kesimida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Masʼul rahbarlar tomonidan oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilmoqda, ularni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar aniqlanib, yechimlar izlanmoqda, turli yoʻnalishlarda amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.
Joriy yil boshida Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida yoshlar masalasiga alohida toʻxtalib, huquq-tartibot va mudofaa organlariga yoshlarni biriktirish, ularni otaliqqa olish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini tashkil etish boʻyicha bir qator vazifalar belgilab berilgandi. Shunga asosan viloyat boʻyicha 325 ming nafar yoshlar huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda ularning quyi boʻlinmalari xodimlariga taqsimlanib, shaxsan otaliqqa olinishi va kafil boʻlishi orqali ularda vatanparvarlik, jamiyat xayotiga daxldorlik va qonunlarga hurmat kabi ezgu tuygʻular shakllantirilishiga erishilmoqda.
Joriy yilda viloyat boʻyicha 10 ming 266 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 5 ming 777 nafariga manzilli va maqsadli yordam koʻrsatildi. Viloyatimizdagi har bir mahallada “fuqarobay” tasdiqlangan “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, ijro holati kunlik tahlil qilib borilmoqda, ularning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, yoshlar yetakchilari tomonidan xorijda ishlash va oʻqish istagini bildirgan yoshlar roʻyxati shakllantirilib, til va kasb-hunar oʻrgatish, mehnat sharoiti, ish haqi yuqori boʻlgan rivojlangan davlatlarga shartnoma asosida joʻnatish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikka jalb etish borasida ham koʻplab ishlar olib borilmoqda.
Binobarin, bugun viloyatning qaysi hududiga bormang, turli sohalarda namunali mehnat qilayotgan, til va kasb-hunar oʻrganayotgan, oʻquv markazlarida bilimini chuqurlashtirayotgan yigit-qizlar koʻpligini koʻrib, quvonasan kishi. Yoshlarimiz orasida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan, yangi gʻoyalar tashabbuskori boʻlgani, taʼlim, madaniyat, sport kabi sohalarda yutuqlarga erishayotganlari juda koʻp. Bu kabi yoshlar boshqalarga ibrat boʻlayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Umuman, yoshlarimizni maʼnaviy-axloqiy kamol toptirish, maʼrifatli qilish, ularning ertaga “butun shaxs”lar boʻlib yetishishlari yoʻlida hali qilinadigan ishlar bisyor. Ularni tizimli ravishda amalga oshirish, yutuqlar sonini koʻpaytirib, muammoli holatlarni kamaytirish mutasaddilardan tortib, oʻzini mana shu yurt farzandiman degan har bir fuqaroning sharafli burchi, desak adashmagan boʻlamiz. Zero, jannatmakon vatanimiz jamoli bugun kechagidan goʻzalroq, xalqimiz turmushi ertaga bugungidan-da obod va farovon boʻlishi aynan shu borada qanchalik ter toʻkishimiz, jon kuydirishimizga bogʻliq.
Maʼsudjon SULAYMONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyat boʻlimi rahbari.