2019-yilning 27-dekabrida O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida buyuk o'zbek adibi Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romanining ingliz tilidagi nashri taqdimoti o'tkazilgani butun yurtdoshlarimizni behad quvontirgan edi. Zero, "Bygone days" deb nomlangan ushbu asarning dunyoning eng etakchi tiliga tarjima qilinishi, uning o'quvchilar tomonidan yuqori baholanayotgani va “besh yulduzli” reytingini saqlab qolayotgani milliy g'ururimizni yanada yuksaltiradi.
“O'tkan kunlar”ning ingliz tilidagi nashri taqdimoti poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida ham bo'lib o'tgani va unda asar tarjimoni — AQSHlik ijodkor Mark eduard Rizning o'zi ishtirok etgani esa adabiyotimiz olamida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlandi. SHu o'rinda aytish joizki, amerikalik mehmonning mamlakatimizga tashrifi doirasida “O'tgan kunlar” romanining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bilan birga madaniy-gumanitar doiralar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o'tkazish, o'zbek yozuvchilarining asarlarini tarjima qilish, mahalliy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalarini o'rganish va Marg'ilon shahriga safar qilish ham ko'zda tutilgan edi.
Adiblar xiyobonidagi taqdimot tadbirida o'zbekning mard o'g'loni Abdulla Qodiriy haykali poyiga gullar qo'yildi. Mark edvard Riz O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zoligiga qabul qilinib, unga uyushma guvohnomasi topshirildi.
Tantanali taqdimot marosimida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, taniqli adib Xurshid Do'stmuhammad, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi rahbari Xondamir Qodiriy va boshqa ijodkorlar, mutassadi xodimlar yurtimizda adabiyotga yuksak e'tibor ko'rsatilishi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga, o'zbek adabiyotini jahonga tanitishda muhim omil bo'layotganini alohida ta'kidlab o'tishdi.
– Davlatimiz rahbari milliy adabiyotimiz, xususan, ulug' adib Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" asari targ'ibotiga kuchli e'tibor qaratayotgani bejiz emas. Zero, mana shunday betakror milliy asarlarimiz orqali buyuk ajdodlarning avlodi ekanimizni dunyo ahli anglamoqda – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Shu ma'noda yaqin kelajakda "Mehrobdan chayon" asarini ham shu yo'nalishda tarjima ettirish niyatidamiz.
Adibning nabirasi Xondamir Qodiriy tarjimon asarda muallif tilining jozibadorligini saqlab qolishga intilgani uning buyuk asarga, o'zbek tiliga bo'lgan chuqur hurmatini anglatishini ta'kidladi.
Shu o'rinda aytish joizki, Mark Riz Abdulla Qodiriyning “O'tgan kunlar” romani tarjimasini 2002-yilda, Toshkentda aspirant bo'lib yurgan paytida boshlagan. Romanni tarjima qilishga uni ilhomlantirgan omillardan biri — Qo'qonda yashab, ishlab yurgan davrini so'zlar bilan ifodalashga ojizligi, “O'tgan kunlar” esa o'sha tushuncha va hissiyotlarni chuqur ifodalay olgani edi. Shuningdek tarjimon ushbu asar amerikaliklarga murakkab, serqirra, ko'p madaniyatli o'lkani, uning bag'rikeng odamlarini tanishtirishda yana bir samarali vosita bo'lib qolishini ta'kidlab o'tdi.
“ Asarni 1926-yildagi arab yozuvidan kirill yozuviga o'girilgan matndan tarjima qilganman. Qodiriy davridagi Markaziy Osiyoni, madaniy muhitni tushuntirib berish uchun tarjimaga 500 ga yaqin izohlar qo'shganman. O'zbek tilshunoslari va adiblar uni ko'rib chiqib, tahrirda yordam berishdi, — dedi Mark Riz Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga tashrifi davomida. — Bundan ko'p yillar avval O'zbekiston haqida mutlaqo bexabar edim, – deya davom etdi u. 1994-yildan boshlab "Tinchlik korpusi" tashkiloti orqali bu yurtga keldim. Ikki yilcha Qo'qonda yashadim. Bu yurtni qanday tanishtirish kerakligi haqida ko'p o'ylardim. "O'tkan kunlar"ni o'n besh yil tarjima qildim. O'zbek tabiati, ruhiyati, tili, dunyoqarashi Abdulla Qodiriy asarida yaqqol aks etgan. Bu asarni jahon adabiyoti durdonalaridan biri deb bilaman”.
Ijod maktabining “Qodiriy izdoshlari” to'garagi tomonidan namoyish etilgan chiqishlar mehmonda o'zgacha taassurot qoldirgani, ijodkor o'quvchilar bilan muloqot zavqini ifoda etar ekan, u shunday dedi: "An'anaviy o'zbek maktabida o'qituvchi sifatida o'tkazgan vaqtim hayotimni, tafakkurimni yanada boyitgan betakror davr bo'ldi".
Munojat MO'MINOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri