Cuhbat avvalida universitet vakillari eʼtiboriga soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, 2019-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi mazkur sohani rivojlantirishning strategik maqsadlari, vazifalari, yaqin va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilashda, hamda jabhaga doir dastur va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun muhim asos boʻlayotgani taʼkidlandi.
Bugungi kunga kelib Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni 213 taga yetgani, shundan 166 tasi davlat, 67 tasi nodavlat, 30 tasi Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Latviya va boshqa davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgani bildirildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 42 foizdan oshgani alohida urgʻulandi.
Ispaniya vakillari “UNIVERSAE” faoliyatiga doir maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashib, oliy taʼlim muassasasining maqsadi, vazifalari va istiqbolli rejalari haqida soʻzlab berdilar. Yangicha oʻqitish tizimini tatbiq etgan holda universitetda har yili iqtisodiyotning turli sohalarida ishlash uchun minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab kelinyapti.
Maʼlum qilinishicha, universitet nafaqat xorijiy oliy taʼlim muassasalari, balki yirik korxonalar bilan taʼlim sohasida hamkorlik qiladi va ularni kerakli malakali mutaxassislar bilan taʼminlaydi.
Oʻzbekistonning oʻsib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, demografik salohiyatini, uning qoʻshni mamlakatlar bilan olib borayotgan doʻstona tashqi siyosatini eʼtiborga olib, universitet vakillari “UNIVERSAE”ning mamlakatimizda filialini ochish taklifini ilgari surdilar.
Ispaniya tomoni, shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning toʻlaqonli taʼlim xabiga aylanishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.