Markaziy bankka kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid qoʻshimcha vakolatlar beriladi

    Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Qayd etilganidek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi munosabati bilan kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlashga doir choralar darajasini oshirish zarurati yuzaga kelyapti.

    Mazkur Qonunga asosan kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha Markaziy bankka qoʻshimcha vakolatlar belgilanyapti.

    Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, “Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Bank siri toʻgʻrisida”gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid meʼyorlar kiritilyapti.

    Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qonunchilik talablarining buzilganlik holati qoʻpol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilyapti.

    Bundan tashqari, banklarning axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini taʼminlash va bank sirini muhofaza qilish kabi qoʻshimcha maqsadlar Qonunda aks ettiriladi.

    Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.