Baʼzida u yengil kechsa, ayrim hollarda jiddiy xastaliklardan darak beradi.

Koʻz qichishishiga sabab boʻladigan asosiy omillar nimalardan iborat? Qanday qilib uning oldini olish va davolash mumkin?

— Koʻz qichishishi koʻpincha allergiya tufayli kelib chiqadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Azamat Yusupov. — Chang, gul changi, hayvonlar yungi, kosmetika, maishiy kimyoviy vositalar, kontakt linzalar materiallari allergik reaksiyaga kirishadi. Natijada koʻz qizarishi, shishishi, yoshlanishi va qichishi kuzatiladi. Baʼzi odamlar mavsumiy, ayrimlar esa doimiy allergiyaga moyil boʻladi.

Koʻzning muntazam qichishishiga sabab boʻluvchi yana bir muhim omil quruq koʻz sindromidir. Koʻz yetarlicha namlanmasa, quruqlik bois noqulaylik kelib chiqadi. Bunga uzoq vaqt kompyuter yoki telefon ekraniga qarash, yetarlicha suyuqlik isteʼmol qilmaslik, dori va gormonlarning muvozanati buzilishi sabab boʻladi.

Bakterial va virusli infeksiyalar ham koʻz qichishishiga olib keladi. Konyunktivit (koʻz shilliq qavatining yalligʻlanishi) bakteriyalar, viruslar yoki zamburugʻlar bunga sababchidir. Bunday hollarda qichishish bilan birga, koʻzdan yiringli, shaffof ajralmalar chiqishi, shish va qizarish kuzatiladi.

Kontakt linzalardan notoʻgʻri foydalanish, koʻzning ortiqcha toliqishi, insondagi gormonal oʻzgarishlar, stress va asabiy zoʻriqish, vitamin va minerallar yetishmovchiligi, baʼzi teri kasalliklari ham qichishishga olib keladi.

Endi xastalik profilaktikasi va muolajasiga keladigan boʻlsak, bu borada bir qator tavsiyalar mavjud.

Koʻz qichishishini davolash uning sababiga bogʻliq boʻlib, baʼzan buni uy sharoitida muolaja qilsa boʻladi, baʼzida shifokorga murojaat qilishga toʻgʻri keladi.

Eng muhim choralar esa quyidagilar:

  • Allergiyadan himoyalanish: agar qichishish allergiya bilan bogʻliq boʻlsa, imkon qadar undan uzoq turish va antigistamin dorilar qabul qilish tavsiya etiladi.

Gigiyenaga rioya qilish: koʻzlarni toza saqlash, qoʻllarni yuvish va begona narsalar bilan ishqalamaslik infeksiyalarning oldini oladi.

Sunʼiy tomchidan foydalanish: u koʻzni namlantirishga yordam beradi.

Har 20 daqiqada qisqa tanaffus qilish va koʻzni dam oldirish zarur.

Toʻgʻri ovqatlanish: A vitamini, Omega-3 va B guruhi vitaminlariga boy mahsulotlar isteʼmol qilish koʻz sogʻligʻini yaxshilaydi.

Tashqi muhitni nazorat qilish: xonani namlantirish, koʻzni shamol va changdan himoyalash muhim.

Shifokorga murojaat qilish: agar qichishish uzoq davom etsa hamda shish va yiringli ajralmalar yoki koʻrish qobiliyati pasayishi kuzatilsa, albatta, oftalmolog bilan maslahatlashish shart.

Umuman, koʻz qichishishi koʻplab omillarga bogʻliq boʻlib, davolash usuli shunga qarab belgilanadi. Shu maʼnoda, har qanday holatda ham shifokorlar bilan maslahatlashish eng toʻgʻri yechimdir.