Raqamli huquq: taraqqiyotning zamonaviy yoʻnalishi

    Fikr 7 Noyabr 2024 147

    Dunyo miqyosida jamiyat hayotini raqamlashtirishni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi va huquqni qoʻllash amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Raqamli industriyani jadal rivojlanishi fonida davlat tizimi va huquq sohalarini ixchamlashtirish bilan birga fuqarolar uchun ayrim sohalarda byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilmoqda. Jamiyat hayotini raqamlashtirish byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishga, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga xizmat qiladi.

    Boshqa sohalarda boʻlgani kabi, huquq tizimida ham raqamlashtirish jarayonlari ilgʻor tendensiyaga aylanmoqda. Xususan, “smart-kontrakt”, “kiber jinoyat”, “kiber xavfsizlik”, “raqamli mulk”, “raqamli imzo” kabi tushunchalar huquqdagi raqamlashtirish tendensiyasining samarali amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.

    Raqamlashtirish va huquqning oʻzaro bogʻliqligi davlat va jamiyatning ushbu masalalarga boʻlgan munosabati orqali namoyon boʻladi. Ushbu munosabatlar zamonaviy sud-huquq islohotlari orqali davlat tizimi va qonunchilik sohalarini toʻlaqonli raqamlashtirishga boʻlgan amaliy zaruratni paydo qilmoqda.

    Raqamli huquq – axborot texnologiyalari bilan bogʻliq masalalarni tartibga soluvchi huquqning zamonaviy sohasidir. Bugungi kunda, raqamli huquq asosan davlat boshqaruvi, Fuqarolik huquqi va Jinoyat huquqi sohalarining zamonaviy instituti sifatida yurisprudensiya tarmogʻiga kirib kelmoqda.

    Xususan, zamonaviy fuqarolik munosabatlari sifatida jamiyatimizga kirib kelayotgan “raqamli bitimlar”, “raqamli mol-mulklar”, “smart-kontrakt”, “raqamli tranzaksiya”, “raqamli tovar-oborot”, autentifikatsiya va identifikatsiya qoidalari raqamli huquqning fuqarolik huquqi sohasini modernizatsiya qilganligidan dalolat.

    Bundan tashqari, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, raqamli huquqlar, Internetdagi maxfiylik va anonimlik, shuningdek, raqamli mualliflik huquqi va soʻz erkinligi kabi masalalar bilan shugʻullanish uchun 2002-yilda tashkil etilgan “Yevropa raqamli huquqlar” xalqaro jamoatchilik tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

    Bugungi kunda, raqamli huquq borasida oʻxshash va oʻziga xos boʻlgan ilmiy yondashuvlar hamda zamonaviy kontsepsiyalar shakllanmoqda.

    Huquq nazariyasida “raqamli huquq” asosan axborot texnologiyalari bilan bogʻliq holda tadqiq etiladi. Xususan, raqamli huquqlarni amalga oshirish va tasarruf etish, raqamli huquqlarni boshqa yoʻllar bilan tasarruf etishni cheklash faqat axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda, axborot texnologiyalariga muvofiq tegishli hujjatlar asosida mazkur huquqlarni amalga oshirish huquqi berilgan shaxs “raqamli huquq” egasi hisoblanadi, yaʼni raqamli mulk egasidir.

    Shuningdek, “raqamli huquq” tushunchasi raqamli iqtisodiyot (raqamli mulk, raqamli pul birliklari, raqamli savdo)ga bogʻliq holda keng qoʻllanilmoqda.

    Sivilist olimlar va tadiqotchilar raqamli huquqni Fuqarolik huquqdagi zamonaviy subyektiv huquq sifatida ilmi tadqiq etishsa, ayrim nazariyotchi olimlar raqamli jamiyat talablariga moslashtirilgan umuminsoniy huquqlarning biri sifatida, axborotga egalik qilish huquqi, axborot almashinuv huquqi, axborot tizimlariga kirish huquqlari “raqamli huquq” tushunchasi doirasida qoʻllaniladi.

    Xususan, “raqamli huquqlar” tarzida keltirilib, bu asosan inson huquqlarining bir turi sifatida, raqamli asarlar(ijod mahsullari)dan foydalanish, ularni yaratish va nashr etish, kompyuterlar va boshqa elektron qurilmalarga, shuningdek, aloqa tarmoqlariga, xususan, Internetga kirish va ulardan foydalanish huquqini qamrab olishi ifodalangan.

    Shu bilan birga, “raqamli huquq”lar tegishli norma va standartlar bilan belgilangan mezonlarga javob beruvchi, axborot texnologiyalari qoidalariga muvofiq belgilanadigan huquqlar sifatida eʼtirof etiladi.

    Taʼkidlash lozimki, raqamli huquq huquq sohalaridan biri sifatida hamda shaxsga oid zamonaviy huquqlardan biri sifatida ham tushunish mumkin.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, raqamli huquqning huquqiy asoslari sifatida raqamli muhitda yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari majmuini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri.

    Azizjon XOʻJANAZAROV,

    yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori